O‘zbekiston | 14:00 / 12.09.2020
5279
2 daqiqa o‘qiladi

G‘afur G‘ulom ko‘krak nishoni ilk marta egalariga topshirildi

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan G‘afur G‘ulom uy-muzeyi otaliqqa olingan va adib ijodini keng targ‘ib qilish maqsadida G‘afur G‘ulom nomidagi ko‘krak nishoni ta'sis etilgandi. 11 sentabr kuni ilk marta nishonni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘krak nishoni bilan birinchilardan bo‘lib G‘afur G‘ulom nomidagi uy-muzeyi direktori Olmos Ahmedova hamda muassasaning ilmiy xodimi Lutfulla Ilhomjonov taqdirlandi.

Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan tadbirda TDYuU rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, talabalar ishtirok etdi. Mehmonlar G‘afur G‘ulom haykali poyida to‘planib, ulug‘ adib xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

—    Bunday tashabbus G‘afur G‘ulomni jahon uzra tanitishga yordam beradi, — qayd etdi uy-muzey direktori Olmos Ahmedova. — Yurtimizda otamning ijodiga yuksak e'tibor qaratilayotganidan bag‘oyatda xursandman. Bugun ko‘ksimga taqilgan G‘afur G‘ulom nomidagi ko‘krak nishoni qalbimni faxrga to‘ldirdi. Ezgu sa'y-harakatlari uchun Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Eslatib o‘tamiz, G‘afur G‘ulom nomidagi ko‘krak nishoni bilan o‘qish va ijodda faol talabalar hamda TDYuU professor-o‘qituvchilari taqdirlanadi. Istisno tariqasida mukofot hamkor tashkilotlar vakillariga ham berilishi mumkin. Ko‘krak nishoni sohiblari uchun bazaviy hisoblashning uch baravari miqdorida pul mukofoti berilishi ko‘zda tutilgan. 

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Mavzuga oid