19:46 / 08.08.2023
59558

Rubl qadrsizlanmoqda. Bu o‘zbekistonliklar uchun qanchalik xatarli?

2023 yilning boshidan beri Rossiya milliy valutasi dollarga nisbatan 37 foizga o‘z qadrini yo‘qotdi. Rublning qadrsizlanishi Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmiga, shuningdek, o‘zbekistonlik eksportyorlar daromadiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Foto: iStock

Rubl kursi so‘nggi bir necha oydan beri to‘xtovsiz pasayib bormoqda. Joriy yilning 10 yanvar holatiga ko‘ra, 1 dollar – 70,3 rublni, 1 yevro – 75 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 8 avgust holatiga 1 dollar – 96,5 rublgacha, 1 yevro – 106 rublgacha oshdi va yangi psixologik nuqtaga yetdi.

Yil boshidan beri Rossiya milliy valutasi dollarga nisbatan – 37 foizga, yevroga nisbatan esa – 41 foizga o‘z qadrini yo‘qotgan.

10.01. 2023 – 08.08. 2023 davr oralig‘ida rubl kursining AQSh dollariga nisbatan o‘zgarish dinamikasi
10.01. 2023 – 08.08. 2023 davr oralig‘ida rubl kursining yevroga nisbatan o‘zgarish dinamikasi

Oxirgi yillarda Rossiya rublining AQSh dollariga nusbatan almashuv kursining o‘zgarishi:

  • 2010 yil: 1 dollar – 30,37 rubl;
  • 2011 yil: 1 dollar – 29,38 rubl;
  • 2012 yil: 1 dollar – 31,07 rubl;
  • 2013 yil: 1 dollar – 31,86 rubl;
  • 2014 yil: 1 dollar – 38,57 rubl;
  • 2015 yil: 1 dollar – 61,22 rubl;
  • 2016 yil: 1 dollar – 66,98 rubl;
  • 2017 yil: 1 dollar – 58,30 rubl;
  • 2018 yil: 1 dollar – 62,82 rubl;
  • 2019 yil: 1 dollar – 64,69 rubl;
  • 2020 yil: 1 dollar – 72,31 rubl;
  • 2021 yil: 1 dollar – 73,70 rubl;
  • 2022 yil: 1 dollar – 69,89 rubl;
  • 2023 yil: 1 dollar – 96,56 rubl.

Rubl kursi nega qulamoqda?

Birinchi sabab – savdo balansining buzilishi.

Odatda yirik harbiy mojaro va xalqaro sanksiyalarga duch kelgan davlat milliy valutasi keskin ravishda qadrsizlanib ketadi. Lekin o‘tgan yilning yozi va kuzida rubl kursi dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu davrda Yevroittifoq mamlakatlari neft va gazni yuqori narxda Rossiyadan xarid qilishda davom etdi. Natijada mamlakatda ortiqcha valuta to‘plandi. O‘z navbatida, sanksiyalar tufayli mamlakatga tovarlar juda kam miqdorda olib kirildi va import hajmi qisqardi. Dollar kursi qandaydir oraliqlarda 55-60 rubl oralig‘ida tebranib ham turdi. Biroq, Yevropa Rossiyadan gaz import qilishni qisqartira boshladi. 2022 yil dekabrida Rossiya nefti, joriy yilning fevral oyida Rossiya neft mahsulotlariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilindi.

Hozirgi vaziyat esa quyidagicha: Rossiyaning importi qo‘shni davlatlar hisobiga ancha-muncha tiklangan (turli xil “parallel import” sxemalari ham ishlab chiqildi), eksport esa sanksiyalar va jahon bozorlaridagi neft-gazning arzon narxi tufayli qisqargan. Mamlakatdan chiqib ketayotgan valuta miqdori kirib kelayotganidan yuqori.

“Rossiyaning tashqi savdo balansi yarim yil yakunlariga ko‘ra 20,2 mlrd dollar profitsit bilan yakunlangan xolos. Solishtirish uchun o‘tgan yilning shu davrida profitsit 7,3 barobariga ko‘p, 147 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan 6 oyda eksport 33 foizga qisqargan bo‘lsa, import 20 foizga oshgan. Importning o‘sishi tobora tezlashmoqda. Iyun oyida hatto tashqi savdo balansi defitsiti qayd etilgan. Hali statistika ochiqlangani yo‘q, iyulda defitsit yanada kengaygan bo‘lishi ehtimoli yuqori”, deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Shuningdek, Rossiya energetika mahsulotlari uchun Hindiston rupiyada, Xitoy esa yuanda to‘lovlarni amalga oshirmoqda. Ularni konvertatsiya qilishda muammolar mavjudligi ham valuta taqchilligiga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi sabab – budjet defitsiti.

Rossiya hukumati yilning birinchi yarmida o‘ta faol xarajatlar qilgan va iqtisodiyotda naqd rublning ulushi ortib ketgan, bu ham kursga bosim qiladi. Xususan, 2023 yilning iyul oyida Rossiyada muomalada bo‘lgan naqd pullar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 barobar ko‘p bo‘lgan.

Otabek Bakirovga ko‘ra, ayni paytdagi budjet defitsitini muvozanatlash uchun rublning qadrsizlanishi muhim ahamiyatga ega.

“O‘tgan 6 oyda budjet daromadlari 11,7 foizga kamaygan bo‘lsa, budjet xarajatlari 19,5 foizga oshgan. Neft va gaz daromadlari deyarli 50 foizga qisqarib ketgan.

Shu ikki defitsitni muvozanatlash uchun rublning qadrsizlanishi muhim ahamiyatga ega. Masalan, iyun oyida kursi tushayotgan rubl budjet defitsitini 400 mlrd rubldan ko‘proqqa qisqartirish imkonini bergan.

Shuning uchun aksar ekspertlar kurs o‘zgarishi harakati diapazonini dollar/rubl hisobi bo‘yicha 100-110gacha borishi mumkinligini istisno qilmayapti. Hozir Rossiya hukumati uchun budjet va tashqi savdoni muvozanatlash juda muhim. Lekin muvozanat qayerda va qaysi nuqtada shakllanishini prognozlash juda qiyin”, deydi u.

Bundan tashqari, siyosiy beqarorlik fonida (xususan, Prigojinning rus hukumatga qarshi qilgan isyoni) Rossiyadan kapital chiqib ketishining kuchayishi va mavsumiy omillar sabab dam olish maqsadida mamlakat fuqarolari xorijga sayohatlarining ko‘payishi ham rubl kursiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirgan bo‘lishi mumkin.

Rublning qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Pul o‘tkazmalariga ta’siri. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining katta qismi Rossiyadagi mehnat muhojirlari tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning dastlabki 6 oyi davomida pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 5,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan qariyb 80 foizi Rossiyadan yuborilgan o‘tkazmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Rubl qadrining tushib borishi esa asosiy daromadi xorijdan yuboriladigan mablag‘larga bog‘liq bo‘lgan oilalarni qisman kambag‘allashtiradi va ularning iste’moli quvvatini pasaytiradi. Xususan, yil boshida o‘zbekistonlik mehnat migranti 50 ming rubl jo‘natmani amalga oshirsa, bu 711 dollarni tashkil etgan. Bugungi kunga kelib bu miqdor 518 dollargacha kamayib ketdi.

Eksport tushumlariga ta’siri. 2023 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 4,41 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan, eksport hajmi – 1,27 mlrd dollar. Rossiya bozori O‘zbekiston eksporti uchun asosiy bozor hisoblanadi.

O‘zbekistonlik eksportchilar Rossiyaga mahsulot yetkazib berayotganda mahsulot tannarxi Rossiya bozoridagi narxlarga qarab belgilanadi. Valuta kursining o‘zgarishi esa dollar hisobidagi tushumning pasayishiga olib keladi.

So‘m kursiga ta’siri. Rubl kursining uzoq muddat pasayishda davom etishi Rossiya iqtisodiyoti bilan qattiq bog‘langan mamlakatlar milliy valutalariga ham salbiy ta’sir qiladi. Xususan, oxirgi oylarda rubl qadrining pasayishi dollarning so‘mga nisbatan ham mustahkamlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralarining valuta qismi 9,56 mlrd dollargacha kamaydi. Bu O‘zbekistonning valutadagi aktivlari miqdori haqidagi statistik ma’lumotlarda e’lon qilina boshlagan 2018 yildan keyingi davrdagi eng minimum ko‘rsatkichdir.

Investitsiya muhitiga ta’siri. 2023 yil 1 iyul holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 12 742 tani tashkil etadi. Shundan 2869 ta korxona Rossiya kapitali ishtirokida faoliyat olib boradi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Top