Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Poraxo‘r kim? – Aksilkorrupsiya agentligi korrupsionerning yangi portretini tayyorladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kun.uz so‘roviga asosan 2025 yildagi korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili bo‘yicha korrupsionerning kriminologik portretini taqdim etdi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha tipik korrupsioner – avval sudlanmagan, 31-49 yosh oralig‘idagi, oliy ma’lumotli, oilali erkak bo‘lib, u rasmiy daromad manbaiga ega va ko‘p hollarda rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.
Agentlikka ko‘ra, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rtacha 7 ming kishi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

“Korrupsiya kasalligi” 31 yoshdan keyin kuchayadi
Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlari ichida eng ko‘p uchraydigan tur – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishdir. Bu turdagi jinoyatlar umumiy korrupsiya holatlarining 33 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Ya’ni har yili o‘rtacha 2,5 mingdan ortiq holat davlat yoki tashkilot mablag‘larini “ichkaridan” o‘zlashtirish bilan bog‘liq.
Undan keyin mansab vakolatidan foydalangan holda firibgarlik va mansab soxtakorligi keladi. Pora berish jinoyatlari esa umumiy holatlarning 13 foizini tashkil etadi. E’tiborlisi, jamoatchilik eng ko‘p muhokama qiladigan pora olish jinoyati statistikada nisbatan past ulushga ega: har yili o‘rtacha 200 nafar atrofida shaxs pora olish uchun javobgarlikka tortilmoqda.
Korrupsiya jinoyatlarining asosiy qismi 31-49 yosh oralig‘idagi shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025 yildagi holatlarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlarining 67 foizi aynan shu qatlam tomonidan sodir etilgan. Bu – insonning kasbiy faoliyati eng kuchaygan, qaror qabul qilish imkoniyati oshgan va ta’sir doirasi kengaygan davr hisoblanadi.

Ayniqsa, pora olish jinoyatlarining 76 foizi, talon-toroj holatlarining 66 foizi hamda mansab bilan bog‘liq firibgarliklarning 67 foizi aynan shu yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
18-30 yoshdagilar umumiy korrupsiya jinoyatlarida 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, pora berish holatlarida yoshlar ulushi 23 foizga chiqadi. Bu esa korrupsiya faqat “oluvchi” orqali emas, balki tizimga tezroq kirishga urinayotgan “beruvchi” muhit orqali ham yashab qolayotganini ko‘rsatadi.
Tahlildagi eng muhim signallardan biri – ma’lumot darajasi bilan bog‘liq. O‘zbekistonda jinoyat sodir etgan shaxslar ichida oliy ma’lumotlilar ulushi o‘rtacha 20 foiz atrofida bo‘lsa, korrupsiya jinoyatlarida bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshadi. Ya’ni, korrupsiya ko‘p hollarda bilimsizlik emas, aksincha, tizimni yaxshi tushunadigan, huquqiy va moliyaviy mexanizmlarni anglaydigan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda.
Korrupsionerlarning 70 foizi oliy ma’lumotli, 19,6 foizi o‘rta maxsus va 10,4 foizi o‘rta ma’lumotli shaxslar hisoblanadi. Bu raqamlar korrupsiyani “qashshoqlik jinoyati” sifatida emas, imkoniyat va vakolat jinoyati sifatida ko‘rish kerakligini anglatadi.
Tahlil yana bir qiziq holatni ochib bergan: korrupsiya jinoyatlarining 95 foizi oilali shaxslar tomonidan sodir etilgan. Bu esa korrupsiya aksariyat hollarda ijtimoiy hayotdan uzilgan emas, balki jamiyatga to‘liq integratsiyalashgan insonlar tomonidan sodir etilayotganini ko‘rsatadi.
2025 yilda aniqlangan korrupsiya jinoyatlarining 85 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ayollar ishtirokidagi holatlar nisbatan kam bo‘lsa-da, ular asosan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida jamlangan. Korrupsiya jinoyati sodir etgan ayollarning 46 foizi ta’lim, 21 foizi sog‘liqni saqlash tizimida ishlagan. Erkaklar esa asosan ijro organlari, tadbirkorlik va xo‘jalik boshqaruvi tizimlarida faoliyat yuritgan.
Davlat endi rahbarning “halollik immuniteti”ni tekshirib turadi
Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida rahbar kadrlarning mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Prezidentning 2024 yil 21 iyundagi 228-sonli qarori bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasi ishga tushirildi. Endi davlat xizmatchilari har uch yilda kamida bir marta korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha malaka oshirishi shart hisoblanadi.
2025 yil va 2026 yil birinchi choragida qariyb 69 ming nafar davlat xizmatchisi malaka oshirishga jalb qilingan. Shuningdek, hukumat a’zoligi va hokimlikka nomzodlar endi o‘z dasturi bilan birga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini ham taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, bu kriminologik portret shunchaki statistik hisobot emas, u korrupsiya haqidagi an’anaviy tasavvurlarni o‘zgartiruvchi hujjatga aylanmoqda. “Chunki bu portretdagi korrupsioner – ishsiz yoki jamiyatdan chetga chiqib qolgan inson emas. U tizim ichidagi, ma’lumotli, vakolatli va rasmiy maqomga ega shaxs. Korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazoni kuchaytirish bilan emas, balki vakolat, nazorat va institutsional shaffoflikni qayta ko‘rib chiqish bilan davom etmasa, “tipik korrupsioner”ning portreti uzoq vaqt o‘zgarmasligi mumkin”, – deyiladi agentlik hisobotida.
Mavzuga oid
22:18 / 06.02.2026
Korrupsioner tashkilotlar, Samarqanddagi nepotizm va kechikayotgan qonunlar – Antikor agentligidan reportaj
20:42 / 31.12.2025
Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi taqdim etiladi
18:46 / 31.12.2025
Korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi
16:53 / 08.03.2025