Jahon | 23:29 / 04.02.2026
20574
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga hujum qilsa, nima bo‘ladi?

Donald Tramp qat’iy ritorikasi va mintaqaga harbiy kontingent jamlab qo‘yganiga qaramay, Eronni o‘z shartlariga ko‘ndira olmayapti. Xo‘sh, xuddi Iroq, Afg‘oniston yoki Venesuelada bo‘lgani kabi Eronda ham hokimiyatni ag‘darishga urinishdan Vashingtonni nima tiyib turibdi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Islomxon Gaffarov va Kamoliddin Rabbimov shu haqda so‘z yuritdi.

— Epshteyn ishi bilan bog‘liq shov-shuv fonida, Tramp Eronga zarba berishi mumkinmi?

Islomxon Gaffarov: So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan voqealar shuni ko‘rsatadiki, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Eronga nisbatan bosim sezilarli darajada kuchaymoqda. Epshteyn ishi kabi ichki va tashqi siyosiy omillar esa AQSh tashqi siyosatining diqqat markazini boshqa yo‘nalishga burib yuborishi mumkin. Donald Trampning Eronga munosabati ma’lum, u Shimoliy Koreya yetakchisi, Vladimir Putin kabi avtoritar rahbarlar bilan kelishuvga borishga tayyor, lekin Eron masalasida doim qat’iy pozitsiyada turgan. Uning birinchi prezidentlik davrida Qosim Sulaymoniyning yo‘q qilinishi ham Tramp administratsiyasining Eronga nisbatan keskin munosabatini yaqqol ko‘rsatgan edi.

Hozirgi vaziyat ma’lum ma’noda AQShning 1990-yillardagi Iroqqa nisbatan siyosatini eslatadi. Qo‘shma Shtatlar 2003 yilda Iroqqa to‘satdan bostirib kirmagan, balki 1991 yilgi Kuvayt urushidan so‘ng o‘n yildan ortiq vaqt davomida Iroqni “xavf manbayi” sifatida bosqichma-bosqich namoyon qilib borgan. Oxir-oqibat bu jarayon Saddam Husayn rejimining qulashiga olib kelgan. Bugungi kunda Eron masalasi ham uzoq vaqtdan beri sekin-asta kun tartibiga chiqarilib, shu kabi ssenariy tomon harakatlanayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil yozida Eronda amalga oshirilgan, Isroil maxsus xizmati Mossad bilan bog‘langan operatsiyalar mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga jiddiy putur yetkazdi. Ayrim elita va ziyolilar yo‘q qilingani Eron davlatchiligining ma’lum darajada mo‘rt ekanini ham ko‘rsatdi. Shu fonda AQSh harbiy bosimga tayyor turgandek ko‘rinmoqda. Biroq muhim jihat shundaki, Eron Iroq ham, Afg‘oniston ham emas.

Iroq etnik va konfessional jihatdan parchalangan, qisqa muddatda izdan chiqqan edi. Afg‘onistonda esa pushtunlar asosidagi “Tolibon” harakati milliy birdamlikni shakllantirib, oxir-oqibat AQShni mamlakatdan siqib chiqardi. Eron – millat sifatida shakllangan, davlat institutlari va tarixiy o‘zligiga ega, nisbatan mustahkam davlat hisoblanadi. Eron qisqa muddatda taslim bo‘ladigan davlat emas. Bunday urush uzoq davom etishi mumkin va Vashington buni yaxshi tushunadi. AQShning so‘nggi milliy xavfsizlik va milliy mudofaa strategiyalarida ham tashqi mojarolarga kamroq aralashish, resurslarni asosan ichki farovonlik va G‘arbiy yarimshar manfaatlariga yo‘naltirish ustuvorligi qayd etilgan.

Yaqin Sharq masalasida esa AQSh o‘zining hayotiy manfaatlari xususan, neft va energetika xavfsizligini asosiy omil sifatida ko‘rsatadi. Agar Eron bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli urush boshlansa, Hurmuz bo‘g‘ozi xavf ostida qoladi. Bu esa global neft tanqisligi va jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin. Bunday ssenariy hozircha Donald Tramp administratsiyasi uchun maqbul emas.

Kamoliddin Rabbimov: Hozirgi vaziyatda Donald Trampni siyosiy jihatdan murakkab boshi berk ko‘chaga kirib qoldi deyish mumkin. Agar u haqiqatan ham Eronga va uning siyosiy rahbariyatiga keskin bosim o‘tkazish yoki ularni yo‘q qilish niyatida bo‘lganida, o‘tgan yilgi 12 kunlik urushga o‘xshash ssenariy yana takrorlangan bo‘lardi.

Ya’ni AQSh hududidan uzoq masofaga uchuvchi B-2 bombardimonchi samolyotlar tunda aniqlangan razvedka ma’lumotlari asosida bevosita zarbalar berishi mumkin edi. Ammo hozirgi asosiy ssenariy boshqacha: AQSh Abraam Linkoln samolyot tashuvchi kemalar guruhi orqali Eronga harbiy-siyosiy bosim o‘tkazmoqda. Shu bosim fonida Eronga uchta asosiy shart qo‘yildi. Birinchisi – yadro dasturi bo‘yicha qayta muzokaralarga o‘tirish va uni to‘liq demontaj qilish. Ikkinchisi – uzoq masofali, jumladan gipertovushli raketa dasturlaridan voz kechish, ya’ni Isroilga nisbatan harbiy tahdidni bartaraf etish.

Uchinchisi – mintaqadagi Eronning proksi kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish. Eron bu uchala shartni ham qat’iyan rad etdi.

Natijada Donald Tramp oldida ikki og‘ir tanlov paydo bo‘ldi. Birinchi yo‘l hech qanday harbiy choraga bormasdan flotni mintaqadan olib chiqib ketish. Bu holatda AQSh siyosiy jihatdan yutqazgan, Eron esa ruhiy va diplomatik ustunlikka erishgan tomon sifatida ko‘riladi. Ikkinchi yo‘l harbiy zarba berish. Biroq bu yerda ham muammo bor: cheklangan, qisqa muddatli zarba berib, vaziyatdan tez chiqib ketishning kafolatlangan ssenariysi mavjud emas.

Tramp maslahatchilaridan aynan shuni so‘ragan: “Bir-ikki kunlik cheklangan zarba berib, mojaroni kengaytirmasdan yakunlash mumkinmi?” Javob esa salbiy bo‘lgan. Chunki Eron Isroilga, AQShning mintaqadagi harbiy bazalariga javob zarbasi berishi mumkin. Shunday ziddiyatli vaziyatda Eron va AQShning qaytadan muzokaralar o‘tkazib ko‘rishi aytilyapti.

To‘qnashuv keng ko‘lamli tus olgan taqdirda, Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopishi mumkin, bu esa jahonda neft narxlarini keskin oshiradi. Bundan Rossiya manfaat ko‘radi, Xitoy va boshqa aksar mamlakatlar katta muammo qarshisida qoladi.

Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid