O‘zbekiston | 07:34 / 12.01.2022
6386
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga ro‘yxatga olinadi

"Ayollar daftari"ga respublikadagi barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olinadi. Bu haqda AOKAda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Foto: Shutterstock

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 3-bosqichi boshlandi. Ayni vaqtda respublikadagi barcha mahallalarda yashovchi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni xonadonma-xonadon yurish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

“Ayollar daftari”ning 3-bosqichida  ayollarning muammolari qaytadan o‘rganiladi. Bunda hech bir ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor beriladi. “Ayollar daftari”ning 3-bosqich ishlari joriy yil 10 fevralida yakunlanadi.

“Ayollar daftari”ning 3-bosqichida quyidagi xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi: “Temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar va farzandi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ayollar; “Ayollar daftari”ning 1- va 2-bosqichlarida 1-toifa bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar.

Qayd etilishicha, “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. 

Loyihaga muvofiq, 2022 yilda “Ayollar daftari”ga xotin-qizlar quyidagi 6 ta toifalar bo‘yicha ro‘yxatga olinishi rejalashtirilmoqda:

1-toifa: ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, ammo ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

2-toifa: tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

3-toifa: boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan yoxud ruhiy kasallikka chalingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek boquvchisi bedarak yo‘qolgan hamda nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda FHDYo organlarining ma’lumotnomasiga ko‘ra yolg‘iz ayollar kiritiladi.

4-toifa: ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar. Bunda mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

5-toifa: uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy turar joyi yo‘q yoki turar joyida yashash uchun sharoiti bo‘lmagan, shuningdek, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila bo‘lib yashayotgan, biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

6-toifa: qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda nogironligi bo‘lgan farzandini parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

Mavzuga oid