O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi Hazrat Sulton yana sayohatchilar uchun ochildi. Ma'lum vaqt bu cho‘qqiga chiqish mumkin bo‘lmagan va o‘tgan yildan boshlab Tojikiston chegarasida joylashgan bu tog‘ga odamlar yana chiqa boshladi. 24 iyul kuni 2019 yil hisobidan ilk marta Hazrat Sultonga tur uyushtirildi. O‘ta murakkab bo‘lsa ham, mamlakatning eng baland cho‘qqisini zabt etish uchun 150 chog‘lik odam to‘plandi. Ular orasida yoshi katta odamlarning ko‘pligi e'tiborni tortdi.

Hisorak suv ombori

Hazrat Sulton cho‘qqisi Hisor tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib uning balandligi 4 643 metr. Bu cho‘qqi O‘zbekistonning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Uning nomi Xo‘ja Ahmad Yassaviy sharafiga Hazrat Sulton deb atalgan. Yassaviyning nomlaridan biri aynan Hazrat Sulton bo‘lgan. Tojikiston bilan shundoqqina chegarada joylashgan bu cho‘qqini zabt etish har kimga ham nasib qilmasligi, bu odamdan juda ko‘p kuch va sabr talab qilishini uning eng yuqorisiga chiqib bildik. Oldindan aytib qo‘yaman, bu cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lganlar yetti o‘lchab bir kesishi kerak. 

Safarimiz Samarqanddan boshlandi. 24 iyul kuni tongda Samarqanddan Kitob tomon yo‘lga chiqdik. Belgilangan joyga yetib borgach, to‘planib turgan odamlar va juda ko‘p «NIVA» mashinalarini ko‘rdik. Chunki tog‘li yo‘llarda faqat to‘rtta g‘ildiragi ham tortadigan mashinalargina yura olardi. «NIVA»lar bizni Hisor tog‘lari yonbag‘ri tomon olib ketdi. Tog‘ bag‘riga kirishimiz bilan go‘zalliklar boshlandi...