Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda boshlangan vaqtinchalik tinchlik rejimi, Yevropa bilan kelishib olgan Tramp va Malayziyadagi muzokaralar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoning ayrim hududlarida harbiy harakatlar har kuni 10 soatga to‘xtatiladi
Isroilga xalqaro bosim va tanqidlar kuchayib borayotgani fonida rasmiy Tel-Aviv G‘azoning ayrim hududlarida harbiy harakatlarni har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha to‘xtatishini va yangi gumanitar yo‘laklar ochilishini e’lon qildi.
Reuters nashrining yozishicha, bu vaqtinchalik tinchlik rejimi Al-Mavasi (G‘azo sohillaridagi insonparvarlik hududi), Deir al-Balahning markaziy qismi hamda G‘azoning shimoliy qismi hududini qamrab oladi.
Shuningdek, harbiylar yakshanbadan boshlab har kuni soat 06:00 dan 23:00 gacha oziq-ovqat va dori-darmon tashuvchi karvonlar uchun xavfsiz yo‘nalishlar ochilishini ma’lum qildi.
BMTning oziq-ovqat yordami agentligi (WFP) yakshanba kuni bergan bayonotida, Isroilning jangovar harakatlardagi pauzalaridan samarali foydalanish uchun yuk mashinalarining G‘azoga kirishiga tezkor ruxsatlar kerakligini bildirdi. BMT gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Tom Fletcherning aytishicha, yakshanba kuni Isroil yordam hajmini bir hafta davomida oshirishga rozi bo‘lganidan so‘ng ayrim harakat cheklovlari yumshatilgan ko‘rinadi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, 100 dan ortiq yuk mashinalari chegaralardan yordam ortib G‘azoga yo‘l olgan.
«Bu — bir qadam oldinga, ammo ocharchilik va sog‘liqni saqlash inqirozining oldini olish uchun juda katta miqdorda yordam kerak», — dedi Fletcher.
Shundan so‘ng, yaqin oylarda ilk marotaba Iordaniya va BAA G‘azoga 25 tonnalik yordamni parashyut orqali yetkazdi. Biroq bu havo tashuvlarini yer orqali yetkazib berishga muqobil deb bo‘lmaydi. G‘azo shahridagi falastinlik sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, yordam qutilarining tushishi natijasida kamida 10 kishi jarohat olgan.
Isroil armiyasining ma’lumot berishicha, BAA tomonidan qo‘shni Misrda qurilgan tuzdan tozalangan suv inshootidan sohil bo‘ylab 600 mingga yaqin g‘azoliklarni ta’minlaydigan quvurni tortish bo‘yicha loyiha yaqin kunlarda boshlanadi.
Hamas nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda o‘nlab falastinliklar ochlikdan halok bo‘lgan. Faqat so‘nggi 24 soat ichida ochlik va yetarli ovqat yo‘qligi sababli yana 6 kishi vafot etgan.
Yordam tashkilotlari o‘tgan hafta G‘azodagi 2,2 million aholi orasida ommaviy ochlik mavjudligini e’lon qilgan edi. Xalqaro hamjamiyatda gumanitar vaziyat borasida xavotir kuchaymoqda. O‘tgan hafta Britaniya, Fransiya va Kanada jumladan 25 ta davlat Isroilning yordamni rad etishini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb baholadi.
Nashrning yozishicha, ko‘plab g‘azoliklar yakshanba kungi e’longa nisbatan bir oz yengillik his qilgan, ammo asosiy talab — urushning yakunlanishi. «Ko‘p miqdorda oziq-ovqat yordami G‘azoga kirayotgani odamlarni xursand qilmoqda. Umid qilamizki, bu kun bu urushni to‘xtatish yo‘lida birinchi qadam», degan Reuters suhbatdoshlaridan biri.
AQSh va Yevroittifoq savdo kelishuvi imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan Shotlandiyada o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng AQSh va Yevroittifoq o‘rtasida savdo kelishuvi tuzilganini e’lon qildi. Bu bilan bir necha oylik noaniqliklarga yakun yasaldi.
«O‘yin o‘ynash o‘rniga kelishuvga erishganimiz juda yaxshi bo‘ldi», dedi Tramp fon der Lyayyen bilan birga jurnalistlarga murojaat qilib.
Tramp bu kelishuv har ikki tomon uchun ham «zo‘r bo‘lishini» aytdi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh Yevroittifoq mahsulotlariga 15 foizlik boj stavkasini belgilaydi. Avvalroq Vashington bu stavkani 30 foizgacha oshirish bilan tahdid qilgan edi.
U bu bitimni «hozirgacha tuzilgan eng yirik kelishuv» deb atadi va AQSh hozirda «yana uch-to‘rt mamlakat bilan» shunga o‘xshash bitimlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Bitim doirasida Yevroittifoq AQShga 600 milliard dollar investitsiya kiritadi, shuningdek, AQShning 750 milliard dollarlik energetika va harbiy texnikasini xarid qiladi.
O‘z navbatida, Yevrokomissiya prezidenti ham ushbu bitimni olqishlab, uni «ulkan kelishuv» deb atadi.
«Bizda kelishuv bor: dunyodagi ikki eng yirik iqtisodiyot o‘rtasida savdo bitimi tuzildi — bu juda muhim voqea. Bu og‘ir muzokaralardan so‘ng erishilgan natijadir», dedi Ursula fon der Lyayyen.
Putin tashrifiga dronlar hujumi
27 iyul — yakshanba kuni Ukraina dronlari Sankt-Peterburgga hujum qildi. Hujum Putinning ushbu shahar bo‘yicha tashrifiga to‘g‘ri keldi va bu sababli aeroport besh soatga yopildi. Odatda Harbiy-dengiz kuchlari kuni munosabati bilan har yili Sankt-Peterburgdagi Neva daryosida harbiy kemalar qatnashadigan yirik parad bo‘lib o‘tgan va unga Putin shaxsan tashrif buyuradi.
Yakshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu yilgi parad xavfsizlik sabablari tufayli haqiqatan ham bekor qilinganini tasdiqladi. Putin yakshanba kuni shahar harbiy-dengiz bosh qarorgohiga patrul katerida yetib keldi. Faqat Putin bu safar parad emas, balki Tinch va Arktika okeanlari, shuningdek, Boltiq va Kaspiy dengizlaridagi harbiy mashg‘ulotlarni kuzatdi.
«Bugun biz ushbu bayramni ish tartibida o‘tkazyapmiz — flotning jangovar tayyorgarligini tekshirmoqdamiz», — dedi Putin videomurojaatida.
Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berishicha, yakshanba kuni havo mudofaa kuchlari jami 291 dona Ukraina qanotli dronini urib tushirgan. Pulkovo aeroporti hujum chog‘ida vaqtincha yopildi — 57 ta reys kechiktirildi, 22 tasi boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi. Peskov o‘zi ham Moskvadan Sankt-Peterburgga bo‘lgan reysi dron hujumi tufayli ikki soatga kechiktirilganini bildirgan.
Tailand va Kambodja muzokaralar stoliga o‘tirmoqda
Tailand va Kambodja yetakchilari bugun, 28 iyul kuni Malayziyada halokatli chegara mojarosini to‘xtatish bo‘yicha sulh muzokaralarini o‘tkazish uchun yig‘iladi. AQSh rasmiylari esa bu tinchlik jarayonida ishtirok etishini ma’lum qildi.
Tailand hukumati muzokaralarda ishtirok etishini tasdiqladi — ular ASEAN mintaqaviy tashkiloti raisi sifatida Malayziya tomonidan tashkillashtirilgan. Kambodja Bosh vaziri Xun Manet esa muzokaralar AQSh hamkorligida va Xitoy ishtirokida tashkil etilganini bildirdi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio «bu mojaroning imkon qadar tezroq tugashini istaymiz», degandi. Uning aytishicha, davlat departamenti vakillari ayni damda Malayziyada va tinchlik muzokaralarida yordam ko‘rsatmoqda.
May oxirida kambodjalik bir askar chegara to‘qnashuvi chog‘ida o‘ldirilgach, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgan edi. Mojaro kuchaygani sayin har ikki tomon chegara hududlariga qo‘shimcha qo‘shinlar yubordi. Bu esa Tailanddagi zaif koalitsion hukumatni inqiroz yoqasiga olib keldi.
So‘nggi payshanba kuni boshlangan harbiy harakatlar keyingi o‘n yillikdagi eng yomon darajadagi to‘qnashuvlarga aylanib bordi. Qurbonlar soni 30 kishidan oshdi, shulardan 20 nafardan ortig‘i tinch aholi ekani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 200 000 dan ortiq odam chegara hududlaridan evakuatsiya qilingan.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim chegara mojarosi jiddiy to‘qnashuvga aylanganidan so‘ng, darhol sulh muzokaralarini taklif qilgan edi. AQSh va Xitoy ham muzokaralarga ko‘mak berishni taklif qilgan.
Tailand boshidanoq sulh chaqiruvlarini «tamoyil jihatidan» qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, biroq muzokaralarni ikki tomonlama tarzda olib borishni istagan edi. Kambodja esa xalqaro vositachilikni talab qilib chiqqan.
"Handala" ham qo‘lga olindi
Isroil kuchlari G‘azo sektoriga qamalni yorib o‘tishga urinayotgan «Handala» yordam kemasini qo‘lga olib, janubiy Isroildagi Ashdod portiga olib bordi.
«Handala» kemasi chaqaloqlar uchun oziq-ovqat, umumiy yegulik va dorilarni olib ketayotgan edi. U shanba kechasi G‘azo sohillari yaqinida Isroil kuchlari tomonidan qo‘lga olingan. Isroil davlat teleradiokompaniyasining xabar berishicha, kemadagi faollar Ashdod portida so‘roq qilindi va keyinchalik Isroil politsiyasiga topshiriladi.
Bu kema «Ozodlik Flotiliyasi Koalitsiyasi» (Freedom Flotilla Coalition — FFC) tomonidan yo‘lga chiqarilgan bo‘lib, uzoq davom etayotgan Isroil qamalini yorib o‘tish maqsadida Italiyadan yo‘lga chiqqan edi. G‘azodagi 2,4 million aholining ocharchilik yoqasida ekanini inobatga olib, bu flotiliya yordam yetkazishni rejalashtirgan.
«G‘azo qamalini buzish bo‘yicha xalqaro qo‘mita»ning tasdiqlashicha, «Handala» ekipaji xalqaro suvlarda Isroil kuchlari tomonidan «noqonuniy tarzda qo‘lga olinib», Ashdod portiga olib ketilgan.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, hozirda Isroil hukumati tomonidan ruxsat kutayotgan Isroildagi huquqiy markaz — qo‘lga olingan ekipaj bilan uchrashishga tayyor turibdi. So‘nggi oylarda Isroil xalqaro suvda G‘azoga yo‘l olgan bir nechta yordam kemalarini to‘xtatdi.
Jumladan, iyun oyida «Madleen» kemasi qo‘lga olinib, undagi 12 nafar xalqaro faol, jumladan shved faoli Greta Tunberg va Yevropa parlamenti a’zosi, fransuz siyosatchisi Rima Hassan hibsga olingan edi. Undan avval, may oyida «MV Conssiense» kemasi Malta yaqinida dronlar orqali hujumga uchragan.
Isroil G‘azoga 18 yildan beri blokada o‘rnatgan. 2024 yil 2 martdan esa barcha chegara punktlarini butunlay yopib, insonparvarlik yordamini kiritishga to‘sqinlik qilib kelmoqda — xalqaro chaqiriqlarga qaramasdan bu pozitsiyasidan chekinmagan.
Joriy seshanba kuni BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ogohlantirish berib, G‘azo aholisining uchdan bir qismi ketma-ket bir necha kun davomida ovqatsiz qolganini bildirgan edi. Sabab — Isroilning davom etayotgan blokadasi.
Mavzuga oid
17:00 / 30.12.2025
Putin qarorgohiga «dronlar hujumi», Trampning Eron va Hamasga tahdidi va Yamandagi portni bombardimon qilgan Saudiya – kun dayjesti
16:06 / 29.12.2025
Trampga va’da bergan Putin, Tayvan atrofida mashg‘ulot boshlagan Xitoy va yana raketalar uchirgan Kim – kun dayjesti
13:59 / 27.12.2025
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
14:35 / 26.12.2025