Jahon | 17:00
2253
9 daqiqa o‘qiladi

Putin qarorgohiga «dronlar hujumi», Trampning Eron va Hamasga tahdidi va Yamandagi portni bombardimon qilgan Saudiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp va Netanyahu uchrashuvi

29 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Floridadagi qarorgohida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni qabul qildi. Netanyahu joriy yilda rasman 10-marotaba Tramp bilan uchrashmoqda.

Uchrashuvdan so‘ng Tramp agar Eron ballistik raketa yoki yadroviy qurol dasturlarini qayta tiklasa, Tehronga qarshi yana bir yirik zarba berishi mumkinligini aytdi. Trampga ko‘ra, Eron o‘z qurol dasturlarini tiklash ustida ishlayotgan bo‘lishi mumkin.

«Biz ular qayerga borayotganini, nima qilayotganini aniq bilamiz va umid qilamanki, ular buni qilmayotgandir. Chunki biz B-2 samolyotiga yoqilg‘ini bekorga sarflashni xohlamaymiz. Unda borib-kelishning o‘zi 37 soatlik parvoz», — dedi u avvalgi zarbada ishlatilgan bombardimonchi samolyotga ishora qilib.

Bundan tashqari, Tramp Hamasni qurolsizlanishni tezlashtirmaganlikda ayblab, Isroil bitimdagi o‘z majburiyatlarini bajarganini ta’kidladi.

«Juda og‘ir jazosi bo‘ladi», — dedi Tramp agar Hamas qurolini topshirmasa nima bo‘lishi haqidagi savolga javoban. U bunga o‘xshash bayonotlarni urush davomida ham aytgandi.

Xuddi shu kuni Hamas ikki yillik urushda o‘zining halok bo‘lgan qo‘mondonlarini tasdiqladi. Qassam brigadalarining yozib olingan bayonotida shtab boshlig‘i Muhammad Sinvar, guruhning OAVda asosiy ovozi bo‘lgan Abu Ubayda va boshqa qo‘mondonlar haqida ma’lumot berilgan.

Tramp Isroil bosib olgan G‘arbiy sohil masalasida Netanyahu bilan to‘liq kelishmaganini aytdi, biroq kelishmovchilik nimada ekanini ochiqlamadi.

Tramp uchrashuvdan oldin Isroil prezidenti Isxaq Gersog Netanyahuni korrupsiya ayblovlaridan afv etmoqchi ekanini aytdi. Ammo Gersog idorasi buni darhol rad etdi.

Saudiya Yamandagi Mukalla portini bombardimon qildi

30 dekabr kuni Saudiya Arabistoni Yamandagi Mukalla port shahrini bombardimon qildi. Saudiya davlat axborot agentligi tarqatgan harbiy bayonotda hujumlar – BAAdagi Fujayra portidan kelgan kemalar Mukallaga yetib borgach amalga oshirilgani aytiladi.

«Ushbu qurollar tug‘dirayotgan xavfni hisobga olib, Koalitsiya havo kuchlari tongda portda ikki kemadan tushirilgan qurol-yarog‘ va jangovar texnikani nishonga olgan cheklangan harbiy amaliyot o‘tkazdi», — deyiladi bayonotda.

Zarba oqibatida qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Hujum «Greenland» nomli kemani nishonga olgan bo‘lishi mumkin. Kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, kema 22 dekabr kuni Fujayrada bo‘lgan va yakshanba kuni Mukallaga yetib kelgan.

Mukalla Yamaning Hadramavt viloyatida joylashgan bo‘lib, so‘nggi kunlarda aynan shu hududni BAA qo‘llaydigan Janubiy O‘tish Kengashi kuchlari egallab olgandi. APning yozishicha, Kengash tarafdorlari ko‘proq 1967–1990 yillarda alohida davlat bo‘lgan Janubiy Yaman bayrog‘ini hilpiratmoqda. BAA tomoni hozircha vaziyatga izoh bermadi.

Aslida Saudiya va BAA qo‘llayotgan Yamandagi guruhlar — ushbu mintaqadagi katta kuch, Eron qo‘llaydigan husiylarga qarshi kurashadi. Lekin hozirgi kunga kelib bu koalitsiyaning o‘zida ham bo‘linishlar ortib bormoqda.

Separatistlarning bu harakatlari esa Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi munosabatlarga bosim o‘tkazmoqda. Ular yaqin ittifoqchilar va OPEC a’zolari bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillarda mintaqaviy ta’sir va xalqaro biznes uchun raqobatga kirishgan.

AQSh Venesuela hududiga zarba berdi

Dushanba kuni prezident Donald Tramp AQSh Venesuelada giyohvand moddalar yuklanadigan qayiqlar joylashgan hududga zarba berganini ma’lum qildi. Bu Nikolas Maduro hukumatiga bosim boshlanganidan beri Venesuelaning quruqlikdagi hududida o‘tkazilgan ilk amaliyotdir.

«Ular giyohvand moddalar yuklaydigan qayiqlar bandargohi hududida katta portlash bo‘ldi. Biz barcha qayiqlarni urdik, endi esa hududning o‘zini urdik... Bu ijro hududi edi va joy endi mavjud emas», dedi Tramp.

Tramp qaysi nishon urilgani va AQSh hukumatining qaysi tuzilmasi harakat qilganini aytmadi. CNN manbalarining xabar berishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi bu oy boshida Venesuela sohilidagi port obektiga dron bilan zarba bergan. Zarba giyohvand moddalarni saqlash va jo‘natish uchun foydalanilmoqda deb hisoblagan chekka bandargohni nishonga olgan. Tramp avvalroq MRBga Venesuelada yashirin amaliyotlar o‘tkazishga ruxsat berganini aytgandi.

Oq uy va Pentagon, shuningdek, Venesuela hukumati ham Tramp tilga olgan hodisa yuzasidan izoh bermadi.

AQSh milliy xavfsizlik idoralarining jimligi Tramp aytgan hodisa yashirin tarzda amalga oshirilganiga ishora bo‘lishi mumkin. Bunday amaliyot esa odatda rasmiylarning bu haqda gapirish imkoniyatini cheklaydi.

BMT Somalilandni tan olmaydi

BMT bosh kotib yordamchisi Xolid Xiyari Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida Isroilning Somalining ajralib chiqqan hududi — Somalilandni mustaqil davlat sifatida tan olish haqidagi qarori yuzasidan ma’lumot berdi.

BMT rasmiysi Somali davlatining suvereniteti hurmat qilinishini yana bir bor tasdiqladi.

«Bosh kotib ham aytganidek, Xavfsizlik kengashi Somalining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi va birligini hurmat qilishni bir necha bor tasdiqlagan», — dedi Xiyari.

U Somali va ajralib chiqqan Somaliland hududini «tinch va konstruktiv muloqotga kirishishga» chaqirib, «vaziyatni keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishga» undadi.

Somaliland — Adan qo‘ltig‘i bo‘yida va Somalining shimolida joylashgan hudud. Rasman Somali davlatining bir qismidir. 2025 yil 26 dekabr kuni Isroil — Somalilandni mustaqil suveren davlat sifatida rasman tan olgan birinchi mamlakat bo‘ldi.

Somalining BMTdagi elchisi Abukar Doxir Usmon falastinliklar yoki somaliliklarning kelajagi «savdolashuv obekti sifatida ishlatilmasligi» kerakligini urg‘uladi: «Isroilning bu harakati nafaqat xavfli pretsedent yaratadi, balki mintaqaviy va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘diradi», dedi u.

Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya va boshqa ko‘plab davlatlar ham Somalilandni tan olmasligini ta’kidlab, Isroilning harakatlarini qoraladi.

Putin qarorgohiga «hujum»

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov prezident Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga Ukraina 91 ta dron yordamida hujum qilishga uringanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «hujum» 29 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan va barcha 91 ta uchuvchisiz apparat yo‘q qilingan. Lavrov shuningdek, shu sababli «Rossiyaning muzokara pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini» bildirdi. Biroq Moskva AQSh bilan muzokara jarayonidan chiqmaydi.

Putin Tramp bilan suhbatida bu haqda unga aytgan. Yuriy Ushakovga ko‘ra, AQSh prezidenti Putinning dron hujumi haqidagi xabaridan «shokka tushgan va g‘azablangan».

«Men bu haqda hozirgina eshitdim. Bu juda yomon bo‘lardi», — dedi Tramp Floridada jurnalistlar bilan suhbatda.

Shu bilan birga, Tramp AQSh Rossiya prezidentining rezidensiyasiga ehtimoliy dronlar hujumini «aniqlab olishini» aytdi. «Hozir nozik davr. Hozir bunday ‘hujumlarʼ uchun mos vaqt emas. Hujum qilish — bir narsa, uning (Putinning – tahr.) uyiga hujum qilish — boshqa narsa», dedi Tramp.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Lavrovning hujum haqidagi bayonotini yolg‘on deb atadi va buni Rossiya Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berishga hozirlanayotgani bilan izohladi.

«Ko‘rinib turibdiki, agar biz va Amerika o‘rtasida janjal bo‘lmasa, bu ruslar uchun mag‘lubiyat. Chunki ular bu urush tugashini xohlamaydi», — dedi Zelenskiy.

Mavzuga oid