Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik
25 dekabr kuni G‘arbiy Sohil hududida isroillik zaxiradagi askar tartibsiz o‘q uzdi. Shundan so‘ng yo‘l bo‘yida namoz o‘qiyotgan falastinlik erkakni kvadrosikli bilan urib ketdi.
Falastin televideniyesida namoyish etilgan videoda yelkasida qurol osilgan, fuqaroviy kiyimdagi erkak yo‘l chetida namoz o‘qiyotgan odam ustiga texnikasi bilan bostirib borgani ko‘rinadi.
Isroil armiyasi bayonotida qurollangan shaxs zaxiradagi harbiy ekani aytilgan. Rasmiylar zaxiradagi askar «o‘z vakolatlarini qo‘pol ravishda buzganini» va uning quroli musodara qilinganini aytdi.
Isroil OAVlari uning uy qamog‘ida saqlanayotganini xabar qildi. Hujumdan so‘ng falastinlik erkak tekshiruv uchun shifoxonaga olib borilgan. U jarohat olmagan va hozir uyiga qaytgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil — G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi hujumlar bo‘yicha eng zo‘ravon yillardan biri bo‘ldi. Isroilliklarning hujumlari oqibatida 750 dan ortiq kishi jarohat olgan. G‘azodagi ikki yillik urush davrida esa G‘arbiy Sohilning o‘zida mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Isroilning favqulodda xizmatlariga ko‘ra, juma kuni Isroilning shimolida bir falastinlik erkakning hujumi ham aniqlangan. Hujumchi bir erkakni avtomobil bilan bosib ketgan. Shuningdek, u boshqa bir ayolni pichoqlab o‘ldirgani aytilmoqda.
Isroil politsiyasi bayonotiga ko‘ra, hujumchi voqea joyida bir fuqaro tomonidan otib yaralangan va shifoxonaga olib ketilgan. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats hujumchi kelib chiqqanini aytgan Qabatiya shaharchasida harbiy amaliyotga tayyorlanishni buyurdi.
Zelenskiy Tramp bilan uchrashadi
Yakshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni tugatishdagi asosiy to‘siq – hududiy masalalarni Floridada Donald Tramp bilan muhokama qilmoqchi.
Uchrashuvni e’lon qilar ekan, Zelenskiy «Yangi yilgacha ko‘p narsani hal qilish mumkin», dedi. Uning aytishicha, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv «deyarli tayyor», 20 bandli reja loyihasi esa 90 foizga yakunlangan.
Zelenskiy Axios nashriga AQSh 15 yillik, uzaytirilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari bitimini taklif qilganini, Kiyev esa undan ham uzoq muddat xohlashini aytdi. Uning tashrifi chog‘ida biror bitim imzolanadimi-yo‘qmi – hozircha noma’lum.
Bundan tashqari, Zelenskiy, agar u hududiy masalada Ukraina tomon bo‘lgan pozitsiyaga AQShni ko‘ndira olmasa, 20 bandli rejani referendumga qo‘yishga tayyor. Lekin buning uchun Rossiya 60 kunlik sulhga rozi bo‘lishi kerak, shunda Ukraina ovoz berishni tayyorlab o‘tkaza oladi.
Zelenskiyga ko‘ra, ayrim Yevropa yetakchilari muzokaralarga onlayn tarzda qo‘shilishi mumkin.
Donald Tramp uchrashuv yaxshi o‘tishiga ishonishini aytdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham «tez orada» gaplashishni kutayotganini bildirdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov esa Kiyevning 20 bandli reja talqini Rossiya-AQSh muhokama qilayotgan variantdan keskin farq qilishini aytdi. Biroq u “yechimga juda yaqinlashdik” dedi.
Xitoy AQSh mudofaa kompaniyalariga sanksiyalar e’lon qildi
26 dekabr kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi Tayvanga qurol sotilganiga javoban 10 nafar shaxs va AQShning 20 ta mudofaa kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi.
Bu choralar ularning Xitoydagi har qanday aktivlarini muzlatishni hamda Xitoyda ular bilan biznes yuritishni taqiqlashni nazarda tutadi. Shuningdek, ro‘yxatga kiritilgan 10 nafar yuqori lavozimli shaxslar Xitoyga kirish huquqidan ham mahrum qilindi.
Sanksiyaga uchragan kompaniyalar qatoriga asosan mudofaa buyurtmalari bilan shug‘ullanuvchi Boeingʼning Sent-Luis bo‘limi kiradi.
Xitoyning bu qadami asosan ramziy ko‘rinishga ega, chunki Xitoyning AQSh mudofaa kompaniyalari bilan deyarli aloqalari yo‘q. Biroq u Boeingʼning fuqarolik samolyotlarini yirik miqdorda sotib oluvchilardan biri bo‘lib kelgan.
Bu qaror Vashington o‘tgan hafta Tayvanga 11 milliard dollarlik qurol sotilishini e’lon qilganidan keyin qabul qilindi. Bu AQShning orolga bergan eng yirik qurol paketi bo‘lib, Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.
«Tayvan masalasi Xitoyning eng muhim milliy manfaatlarining o‘zagi va Xitoy-AQSh munosabatlarida kesib o‘tilmasligi kerak bo‘lgan birinchi qizil chiziqdir», dedi Xitoy TIV vakili.
AQSh Davlat departamenti vakili esa Xitoyning bu qaroriga AQSh keskin e’tiroz bildirganini aytdi.
Malayziyaning sobiq bosh vaziri qo‘shimcha 15 yilga qamaldi
Malayziyaning ta’sirli kuchga ega, sobiq bosh vaziri Najib Razak 26 dekabr kuni hokimiyatni suiiste’mol qilish va pul yuvish ayblovlari bo‘yicha qo‘shimcha 15 yilga qamaldi hamda 2,8 milliard dollar miqdorida jarimaga tortildi.
Malayziya va AQSh tergovchilarining aytishicha, Najib, 2009 yil – faoliyatining birinchi yilida hammuassisi bo‘lgan davlat jamg‘armasi “1Malaysia Development Berhad”dan kamida 4,5 milliard dollar o‘g‘irlangan. 72 yoshli Najib bilan bog‘liq hisobraqamlarga 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ tushgani aytiladi.
Malayziyaning bahsli siyosatchisi hokimiyatni suiiste’mol qilish bo‘yicha barcha to‘rt bandda va pul yuvish bo‘yicha barcha 21 bandda aybdor, deb topildi.
Reutersʼning yozishicha, hukm e’lon qilgan oliy sud sudyasi Kollin Lourens — Najibning “boshqalar uni qayta-qayta aldagani” haqidagi da’vosi ishonarsiz ekanini aytgan. Ushbu jazolar Najibning hozirgi qamoq muddati tugagach — 2028 yilda kuchga kiradi.
Najibning advokati Muhammad Shafii Abdulla hukm ustidan shikoyat qilinishini aytdi.
Bu hukm bosh vazir Anvar Ibrohim boshchiligidagi hukmron koalitsiyada ham ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin. Chunki bu koalitsiya tarkibida Najibning partiyasi ham bor.
Suriyadagi masjidda portlash
26 dekabr kuni Suriyaning Xoms shahridagi bir masjidda juma namozi paytida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 18 kishi jarohat oldi.
Sana axborot agentligi tarqatgan suratlarda masjidning devorlari qorayib kuygani, oynalari sinib ketgani va gilam ustida qon izlari borligi ko‘rinadi. Masjid joylashgan mahalla aholisining aksariyati Asadlar oilasi kabi alaviy etnik-diniy guruhiga mansub. Rasmiylarning fikricha, bino ichida portlovchi moslama ishga tushirilgan.
BBC'ning yozishicha, «Ansor as-Sunna» terrorchilik guruhi portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Guruh portlovchi moddalar masjidga oldindan o‘rnatilganini aytgan.
Ushbu guruhning kelib chiqishi noaniq, ular iyun oyida Damashqdagi cherkov portlashida ham javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Ba’zi tahlilchilar, nishonlar o‘xshashligi sabab bu guruhni «IShID» uchun niqob bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Suriya Tashqi ishlar vazirligi bu terrorchilik jinoyatini qoralab, o‘z bayonotida «bu qo‘rqoqona harakat — mamlakat xavfsizligi va barqarorligini izdan chiqarishga qaratilgan», deb yozdi.
Rossiya «Oreshnik»larni Belarusga joylashtirmoqda
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Rossiya «Oreshnik» gipertovushli ballistik raketalarini Belarus sharqidagi sobiq «Krichev-6» aviabazasiga joylashtirmoqda. Bu baza Rossiya chegarasidan atigi besh kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu haqda tasvirlarni o‘rgangan ikki nafar amerikalik tadqiqotchi Reuters’ga xabar berdi. Suratlar tahlilida 4–12 avgust oralig‘ida boshlangan «shoshilinch qurilish loyihasi» aniqlangan.
Ular suratlar asosida 90 foizlik ehtimol bilan mobil uchirish qurilmalari Ukraina chegarasidan 180 km uzoqlikda joylashtirilganini aytgan. Ekspertlar fikricha, «Oreshnik» raketalarini Belarus hududiga joylashtirishdan maqsad – NATO a’zolarini Rossiyaning ichkarisiga zarba bera oladigan qurollarni Kiyevga yetkazishdan tiyib turishdir.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ballistik raketalarni Belarusga joylashtirish niyatini bildirgandi. Ularning uchish masofasi 5500 kmgacha yetadi, biroq hozirgacha aniq joyi oshkor qilinmagan edi.
Belarus ham o‘z hududida «Oreshnik» raketa majmuasi dekabr oyida jangovar navbatchilikka qo‘yilishini aytgan.
Mavzuga oid
14:35 / 26.12.2025
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
16:08 / 23.12.2025