Jahon | 22:45 / 12.09.2025
8268
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh Assambleyasi Falastin davlatining tan olinishini qo‘llab-quvvatladi

Bosh Assambleya a’zolarining aksariyati ikki davlat to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishni nazarda tutuvchi deklaratsiyani yoqlab ovoz berdi.

Foto: Reuters

BMT Bosh Assambleyasi 12 sentabr kuni ko‘pchilik ovoz bilan ikki davlat - Isroil va Falastin to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirish bo‘yicha qadamlarni nazarda tutuvchi deklaratsiyani ma’qulladi. Bu haqda Turkiyaning TRT nashri xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 7 sahifadan iborat hujjat iyul oyida BMT bosh qarorgohida Saudiya Arabistoni va Fransiya tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada tayyorlangan edi.

Deklaratsiyada «G‘azodagi urushni to‘xtatish bo‘yicha jamoaviy harakatlarga, ikki davlat to‘g‘risidagi qarorni samarali amalga oshirish asosida mojaroni adolatli, tinch va barqaror hal qilishga erishish» chaqirig‘i mavjud.

Hujjat matnida barcha garovga olinganlarni ozod qilish talabi, shuningdek, HAMASni qurolsizlanishga va sektorni nazorat qilishdan voz kechishga chaqirilgan.

«G‘azodagi urushni to‘xtatish kontekstida HAMAS sektordagi hukmronligini to‘xtatishi va suveren va mustaqil Falastin davlatini yaratish maqsadiga erishish uchun xalqaro qo‘llab-quvvatlash va ishtirokda Falastin ma’muriyatiga qurol topshirishi kerak», deyiladi hujjatda.

Deklaratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani 142 davlat yoqladi, 10 davlat qarshi chiqdi, yana 12 davlat betaraf qoldi. AQSh va Isroil tadbirni boykot qildi.

Ovoz berish jarayoni 22 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi segmenti doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan jahon yetakchilarining uchrashuvi arafasida bo‘lib o‘tdi. Unda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastin davlatini rasman tan olishga va’da bergan. Uning chaqirig‘iga allaqachon Britaniya, Belgiya, Kanada, Avstraliya va boshqa G‘arb davlatlari qo‘shilgan.

Shu bilan birga, Isroil Falastinning yaratilishiga qarshi ritorikasini kundan-kunga kuchaytirmoqda. Bosh vazir Binyamin Netanyahu 11 sentabr kuni «Falastin davlati tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da berdi.

Mavzuga oid