Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiya Isroilga qarshi genotsid ishi bo‘yicha xalqaro sudda ochilgan da’voga qo‘shildi
Janubiy Afrika Respublikasi 2023 yil BMT Oliy sudida Isroilga qarshi ish ochib, uni G‘azodagi urush harakatlari bilan «Genotsid konvensiyasi»ni buzganlikda ayblagandi. Ushbu da’voga Belgiyadan oldin Braziliya, Kolumbiya, Irlandiya, Meksika, Ispaniya va Turkiya ham qo‘shilgan.
Xalqaro jinoiy sud muhokamalari / Foto: UN Photo
Belgiya Isroilning G‘azo sektorida genotsid sodir etayotgani haqidagi Janubiy Afrika da’vo asosida Xalqaro jinoiy sudda ochilgan ishga rasman qo‘shildi.
Xalqaro jinoiy sud (XJS) seshanba kuni e’lon qilgan bayonotda BMTning oliy sudi Belgiyadan bu ish bo‘yicha aralashuv deklaratsiyasini qabul qilganini bildirdi.
Sud o‘z Nizomining 63-moddasiga tayanilganini bildirgan. Unga ko‘ra, XJSda ko‘rib chiqilayotgan ishda talqin qilinayotgan konvensiyaga tomon bo‘lgan davlatlar ushbu ishga aralashuv huquqiga ega.
Belgiya o‘z aralashuvi Genotsidga doir konvensiyasining 1-6 moddalariga, ayniqsa 2-modda doirasida, ya’ni «genotsid sodir qilinishida niyatning mavjudligi» tushunchasiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
Shuningdek, sud o‘z nizomiga muvofiq, Janubiy Afrika va Isroilni Belgiyaning aralashuvi yuzasidan yozma mulohazalar taqdim etishga taklif qilgan.
Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud – BMTning asosiy sud organi bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni ko‘rib chiqadi.
Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabr kuni Isroilga qarshi ish ochib, uni G‘azodagi falastinliklarga nisbatan harakatlarida Genotsid konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlarni buzganlikda ayblagan. Avvalroq, Braziliya, Kolumbiya, Irlandiya, Meksika, Ispaniya va Turkiya kabi boshqa davlatlar ham bu jarayonga qo‘shilgandi.
Yakuniy qaror yillar davom etishi mumkin bo‘lsa-da, XJS 2024 yil yanvarida vaqtinchalik choralar belgilab, Isroilga genotsid harakatlarining oldini olish uchun qadamlar qo‘yishni va gumanitar yordamning to‘siqsiz kirib kelishini ta’minlashni buyurgan.
G‘azodagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 oktabr kuni sulh kuchga kirganidan beri Isroil G‘azo sektorida kamida 406 falastinlikni o‘ldirgan va 1 118 nafarini jarohatlagan. 2023 yil oktyabrda boshlangan urushdan buyon esa kamida 70 942 falastinlik halok bo‘lgan va 171 195 nafari yaralangan.
Sud, shuningdek, Isroilning bosib olingan Falastin hududlaridagi mavjudligini noqonuniy deb topgan va uning siyosatini anneksiyaga tenglashtirgan.
Al-Jazeera'ning yozishicha, Xalqaro jinoiy sudning qarorlari huquqiy jihatdan majburiy hisoblanadi, biroq ularni bevosita ijro ettirish mexanizmiga ega emas.
Isroil va AQSh sud ishidan norozi
Isroil esa bu ayblovlarni rad etib, ishni tanqid qilgan. Xususan, sud qarorlari va ortib borayotgan xalqaro tanqidlarga qaramay, Isroil G‘azoda va bosib olingan G‘arbiy Sohilda hujumlarini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Falastin hududlarining katta qismini egallab olish rejalarini ilgari surmoqda.
Shu bilan birga, AQSh ham Isroilga qarshi ochilgan ish yuzasidan Xalqaro sudga bosim o‘tkazib keladi. Nashrning yozishicha, Vashington Janubiy Afrikaning da’vosini asossiz deb hisoblab, rad etgan. AQSh qonunchilari esa Janubiy Afrikani tanqid qilgan va unga nisbatan tahdidli bayonotlar bergan.
AQSh, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan sud a’zolariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.