Sport | 23:35 / 11.12.2025
7667
7 daqiqa o‘qiladi

Saloh «yorildi»: muammo nimada?

«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh ketma-ket uch o‘yinda zaxirada qolib ketganidan keyin norozi kayfiyatda shov-shuvli intervyu berdi. «Liverpul» uchun ko‘p mehnat qilgani, lekin klub uni «avtobus tagiga tashlayotgani» haqida gapirdi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Meni muammo sifatida ko‘rsatishmoqchi»

APL 15-turida «Liverpul» «Lids» mehmoni bo‘ldi. Arne Slot jamoasi ikkinchi bo‘lim boshida Ugo Ekitike urgan ikki gol evaziga bir qarashda oson g‘alabaga erishayotgandi, lekin 73 daqiqadan «otishma» boshlanib, «Liverpul» nazoratni boy berdi — 3:3. O‘yindan keyin ko‘pchilik nega Muhammad Saloh maydonga tushmagani bilan qiziqdi, chunki hujumchi salomat zaxirada o‘tirgandi. Klub afsonasi shu kuni ketma-ket uchinchi o‘yinda zaxirada qolib ketdi, Slot uni bir daqiqa ham maydonga tushirmadi. Va o‘yindan keyin miks-zonada Saloh «yorildi».

«Bo‘layotgan ishlarni qabul qila olmayman. Klub uchun ko‘p narsa qildim. To‘g‘ri, o‘zimni boshqalardan katta deb hisoblamayman, lekin o‘z pozitsiyamda o‘ynash uchun doim kurashishga majbur emasman, bu uchun yetarlicha ish qilib qo‘yganman.

Kimdir meni hammasiga aybdordek ko‘rsatmoqchi, meni muammo deyishmoqchi. Murabbiy bilan munosabatimiz yaxshi edi, lekin endi hech qanday munosabat yo‘q. Nega bunday bo‘layotganini bilmayman, kimdir meni klubda ko‘rmoqchi emas.

Klub yozda ko‘p va’dalar bergandi, lekin ko‘rib turibsizki uchta o‘yindan buyon zaxiradaman. Shunchaki va’dangizni bajaring, demoqchiman. Men «Liverpul»ni doim yaxshi ko‘rganman, bolalarim ham klubni yaxshi ko‘radi. Klub uchun ko‘p ish qildim, Premiyer-ligaga kelganimdan keyin hammadan ko‘p gol urdim, o‘zimni muammo deb hisoblamayman.

Boshqalar bilan bunaqa bo‘lsa, uni qo‘llagan bo‘lishardi, lekin men bilan bunday emas. Masalan, Hari Keyn o‘nta o‘yinda gol urolmaganida ham mediada «Harri albatta gol uradi», deb chiqishgandi. Menga kelganda hamma «Muhammad zaxirada o‘tirishi kerak» demoqda. Harri, meni kechir. Ota-onamga «Brayton» bilan o‘yinga kelinglar, dedim. Men «Enfild»da muxlislar bilan xayrlashib Afrika kubogiga ketmoqchiman, keyin nima bo‘lishini bilmayman», dedi futbolchi.

Muammo nimada?

Aslida muammo «Liverpul»ning natijalarida, menimcha. O‘tgan yil Slot asosan Kloppdan qolgan jamoa bilan APLni yutdi, Yevropaning eng stabil jamoalaridan biriga aylandi, Muhammad Saloh esa juda zo‘r mavsum o‘tkazib liganing eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Yangi mavsum oldidan «Liverpul» juda zo‘r transferlar qildi: Virs, Ekitike, Isaak kabi juda qimmatbaho futbolchilarni sotib oldi. Ko‘pchilik bu «Liverpul» APL va Chempionlar Ligasini yutish uchun asosiy da’vogar deya boshladi. Lekin Slot jamoasi mavsumni yomon o‘tkazmoqda: APLda o‘ninchi o‘rin, yangi o‘yinchilar deyarli o‘zini ko‘rsata olmayapti, qo‘shimchasiga Saloh bilan bog‘liq muammo.

Muhammad Saloh bungacha murabbiylarga muammo tug‘diradigan xulq-atvori bilan tanilmagan. To‘g‘ri, Saloh va Mane o‘rtasida kelishmovchilik bor edi, senegallik futbolchi klubdan ketishiga katta ehtimol shu ham sabab bo‘lgan. Lekin Yurgen Klopp bu nizoni klub ichida hal qilib yuborgandi. Bu gal barchasi boshqacha.

Aftoritet o‘yini

Salohning demarshidan keyin angliyalik sobiq futbolchilar uni tanqid qildi, futbolchi klub ichidagi muammoni ko‘chaga olib chiqishi kerak emas, deyishdi. Xususan, «Liverpul» safida «Oltin to‘p»ni yutgan oxirgi futbolchi Maykl Ouen ham shu ma’noda fikr bildirdi.

Klub ichidagilar ham Salohni ochiqchasiga qo‘llab chiqqani yo‘q. Van Deyk Salohni qo‘llashini aytdi, lekin barcha muammo klubda, natijalarda ekanini ham qo‘shimcha qildi, murabbiyni tanqid qilmadi.

Saloh asosiy tarkibdagi o‘rni uchun kurashishga majbur emasligini aytgani ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Chunki zamonaviy futbolda hech kimga asosiy tarkibda joy kafolatlanmagan.

Murabbiy Saloh bilan shu masalada kelishmay qolgan bo‘lishi mumkin. Aytaylik, Slott qaysidir o‘yinga Salohni ikkinchi bo‘limda tushirmoqchi bo‘lgan-u, hujumchi asosiy tarkibda tushishni talab qilgandir. Bu borada Slotni ham tushunish mumkin: Saloh APLdagi eng zich taqvim vaqtida Afrika kubogiga ketadi, klub o‘ntacha o‘yinni usiz o‘tkazadi. Tabiiyki murabbiy Saloh yo‘qligida qanday o‘ynashni sinab ko‘rishni istaydi.

Saloh klub yozda bergan va’dalarini bajarishi kerak, dedi, lekin shartnomada hech bir klub hech bir futbolchiga asosiy tarkibdagi o‘rnini kafolatlamasa kerak, shunchaki o‘yinlar, natijalarga qarab bonus hisoblanishi mumkin.

Bir qarashda Saloh o‘zini klubdan ham katta tutayotgandek ko‘rinishi mumkin, lekin bu gaplar qachon aytilganini unutmaslik kerak. Futbolchi ketma-ket uchta o‘yinda zaxirada qolib ketgan, jamoasi oxirgi daqiqada gol o‘tkazib g‘alabani boy bergan vaqtda juda asabiy bo‘ladi, bunaqa qizigan vaqtda aytgan gap bilan xulosa qilib bo‘lmaydi.

Men Muhammad Salohni ham, Arne Slotni ham katta professional deb bilaman. Hozir klubdagi vaziyat qanday ekani 13 dekabrdagi «Brayton» bilan o‘yinda bilinadi. Saloh shu o‘yindan keyin Afrika kubogiga ketadi. O‘zining aytishicha, qit’a chempionatidan keyin klubdan ketishi ham mumkin. Lekin menimcha, «Liverpul» vaziyatni o‘nglab, hammasini joyiga tushira oladi, bu katta klub. Muhammad Saloh atrofidagi vaziyat izga tushib, u yana Liverpul safida gollar ura boshlashini juda istayman. Chunki butun musulmon olamidagi eng katta atlet Saudiya chempionatida emas, dunyodagi eng zo‘r ligada eng zo‘r futbolchilar bilan raqobatlashib yurishga munosib.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid