Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh, Qatar, Turkiya va Misr G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy kelishuvni imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp bu voqea butun Yaqin Sharq uchun yangi davrning boshlanishi ekanini aytdi.
Foto: Reuters
Misr, Qatar, AQSh va Turkiya rahbarlari 13 oktyabr kuni Sharm ash-Shayxdagi tinchlik sammitida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy kelishuvni imzoladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp marosim chog‘ida hujjat «ko‘plab qoidalar, nizomlar va boshqa ko‘plab narsalarni bayon qilishini - u juda keng qamrovli» ekanini aytdi.
Oq uy rahbari 13 oktyabrni Yaqin Sharq uchun nihoyat tinchlik keltirgan «buyuk kun» deb atadi.
«Bugun biz nishonlayotgan burilish voqeasi G‘azodagi urushning tugashidan ham muhimroqdir. Xudo xohlasa, bu butun Yaqin Sharq uchun yangi davrning boshlanishi bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi u.
Sammitga 30 dan ortiq davlat yetakchilari tashrif buyurdi. Mehmonlar orasida Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham bor.
Shu bilan birga, sammitda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ishtirok etmadi - so‘nggi lahzada u 13 oktyabr kuni kechqurun boshlanadigan yahudiy bayramiga ishora qilib, ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshqa musulmon yetakchilari qatori Netanyahu ularga qo‘shilsa, boykot e’lon etish bilan tahdid qilgandi.

Sammitda HAMAS harakati vakillari ham ishtirok etmadi.
HAMAS harakati 13 oktyabr kuni 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujum chog‘ida garovga olingan isroilliklarni ozod qildi. Garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish AQSh vositachiligida tuzilgan kelishuv natijasi bo‘ldi.