Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oydinlik kiritildi: xorijda jinoyat qilgan o‘zbekistonlik O‘zbekistonda jazoga tortiladi
O‘zbekistonni 2018 yilda rivojlantirishning davlat dasturi loyihasida chet elda jinoyat sodir etgan o‘zbekistonlikni xorijiy davlatga topshirmaslikni qonuniy jihatdan mustahkamlab qo‘yish nazarda tutilgani xabar qilingan edi. Bu o‘z-o‘zidan biror xorijiy mamlakatda jinoyat sodir etgan O‘zbekiston fuqarosi vataniga qaytib kelsa, jinoyatdan qutulib qolar ekan, degan noto‘g‘ri xulosaga sabab bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan Taraqqiyot strategiyasi markazida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ayni masalaga Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Umid Muhammadov oydinlik kiritdi.
“Barchaga ma'lumki, o‘zini hurmat qilgan har qanday davlat xorijiy davlatda jinoyat sodir etib, vataniga qaytgan fuqarosini chet elga topshirmaydi. Bu narsa bizning qonunchiligimizda ham aks etgan, ya'ni Jinoyat-protsessual kodeksida bor. Lekin Jinoyat kodeksining “Qonunning hudud bo‘yicha amal qilishi haqidagi” moddasida “agar xalqaro shartnomalarda o‘zgacha holat ko‘zda tutilmagan bo‘lsa”, degan jumla kiritilgan. Buning ma'nosi nima? Buning ma'nosi shuki, chet elda jinoyat sodir qilgan o‘zbekistonlik O‘zbekistonga qaytib kelib, xorijiy davlat uni topshirishni so‘rasa, JPKga binoan uni topshirmaymiz, ammo JKga ko‘ra, agar o‘sha davlat bilan jinoyatchilarni topshirish bo‘yicha shartnoma bo‘lsa, o‘z fuqaromizni ularga topshiramiz, degan noto‘g‘ri tushuncha kelib chiqadi.
Shu bilan birga, rejalashtirilayotgan islohotni noto‘g‘ri tushunish ham kerak emas. Ya'ni O‘zbekistonning chet elda jinoyat sodir etgan fuqarosi vataniga qaytib kelsa, javobgarlikdan qutulib qolar ekan, degan xulosaga borish noto‘g‘ri. Amaliyotda qanday bo‘ladi? O‘zbekistonlik xorijda jinoyat sodir etgan bo‘lsa, jinoyat ishini so‘rov bilan o‘zimizga chaqirib olamiz. O‘z fuqaromizni o‘zimizdagi qonunchilik asosida tergov qilib, sudga chiqaramiz va qonun doirasida belgilangan jazosini oladi”, - dedi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Umid Muhammadov.
Mavzuga oid
15:13 / 12.09.2025
NNT ishiga noqonuniy aralashuvchi davlat xizmatchilari javobgarlikka tortiladi
18:49 / 01.03.2023
Tibbiy ma’lumotnomalar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
01:08 / 01.03.2023
1 sentabrdan 10–11-sinf o‘quvchilari qiziqishiga mos dasturlar asosida o‘qitiladi – davlat dasturi
23:02 / 28.02.2023