Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muzokaralarni rad etgan Eron, Shimoliy Koreyaga kelgan Lukashenko va Ukrainaga bosim o‘tkazayotgan AQSh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Erondagi urush davom etmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun kelishuvga erishishga o‘ta muhtoj ekanini aytdi.
«Eron rahbarlari muzokara olib bormoqda va ular kelishuvga erishishni juda ham xohlashadi, biroq buni aytishdan qo‘rqishadi. Chunki o‘z xalqi tomonidan o‘ldirilishidan xavfsirashadi. Shuningdek, ular biz tomonimizdan o‘ldirilishdan ham qo‘rqishadi», deya ta’kidladi Vashingtondagi tadbirda so‘zga chiqqan Tramp.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa AQSh bilan hech qanday muloqot yoki muzokara bo‘lmaganini, biroq vositachilar orqali turli xabarlar almashilganini aytdi.
«Do‘st mamlakatlarimiz orqali xabarlar yetkazilishi va biz bunga javoban o‘z pozitsiyamizni bildirishimiz yoki zarur ogohlantirishlar berishimiz — muzokara yoki muloqot deb atalmaydi», dedi Aroqchi chorshanba kuni davlat televideniyesiga bergan intervyusida. «Bu shunchaki do‘stlarimiz orqali xabar almashishdir».
Tramp AQSh Eronda aynan kim bilan muzokara olib borayotganini ochiqlamayapti. 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga hujum qilganidan beri ko‘plab yuqori martabali amaldorlar halok bo‘lgan.
AQShning Pokiston orqali Eronga yuborgan 15 banddan iborat taklifi: Eronning boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilish, boyitishni to‘xtatish, ballistik raketa dasturini cheklash va mintaqaviy ittifoqchilarni moliyalashtirishni to‘xtatishni ko‘zda tutadi. Bu haqda rejadan xabardor manbalar ma’lum qilgan, AQShning o‘zi hozircha izoh bermadi.
Shuningdek, Eron vositachilarga AQSh va Isroil bilan tuziladigan har qanday o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Livan ham kiritilishi kerakligini aytgan.
Isroil bu kelishuvga shubha bilan qarab, har qanday kelishuvda o‘zining oldini oluvchi zarbalar berish huquqi saqlanib qolishini istamoqda.
Tarixdagi eng og‘ir energetika inqiroziga sabab bo‘lgan ushbu mojaroning oqibatlari mintaqa sarhadlaridan ancha uzoqqa tarqaldi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi natijasida butun dunyo bo‘ylab yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelmoqda. Aviakompaniyalardan tortib supermarketlar va avtomobil dilerlarigacha – narxlarning oshishi, talabning pasayishi va ta’minot zanjiri uzilishi kabi muammolar bilan kurashmoqda.
Jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, agar urush iyun oyiga qadar davom etsa, yana o‘n millionlab odam o‘tkir ocharchilikka duch keladi.
Yaqin Sharqda «o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha optimizm yo‘qolgan». AQSh va Isroil ham, Eron ham zarbalar berishda davom etmoqda.
Zelenskiy: «AQSh Ukrainaga bosim o‘tkazmoqda»
AQSh Ukrainaga tinchlik kelishuvi doirasida xavfsizlik kafolatlarini berish taklifini — Kiyev butun Donbassni Rossiyaga topshirishi sharti bilan bog‘lamoqda. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy Reuters’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Yaqin Sharqdagi vaziyat, shubhasiz, prezident Trampga va uning keyingi qadamlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mening fikrimcha, afsuski, prezident Tramp hali ham Ukraina tomoniga ko‘proq bosim o‘tkazish strategiyasini tanlamoqda», dedi u.
Ukraina rahbari tinchlik kelishuvi imzolanganidan keyin Rossiya yana harbiy harakatlar boshlamasligini ta’minlash uchun mustahkam xavfsizlik kafolatlari zarurligini aytgan.
Zelenskiyga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikkita muhim masala hal qilinmasdan qolmoqda: Ukrainaning harbiy tiyib turish salohiyatini saqlab qolish uchun qurol sotib olishni kim moliyalashtiradi va kelajakda Rossiya agressiyasi yuz berganda ittifoqchilar aniq qanday javob qaytaradi?
Rossiya tomoni esa agar tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, Vashington qiziqishini yo‘qotadi va muzokaralarni tark etadi degan umidda. Zelenskiy bunday xavf mavjudligini tan oldi. Xususan, shu oyda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan to‘rtinchi raund muzokaralari Eron bilan bo‘layotgan urush tufayli qoldirildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin butun Donbass ustidan nazorat o‘rnatish – urush maqsadlarining asosiy qismi ekanini aytgan. Putin bunga muzokaralar stolida erisha olmasa, jang maydonida erishishini ta’kidlab kelmoqda. Biroq so‘nggi ikki yil ichida Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashi juda sekin kechmoqda.
Yevropa sharqidagi front ham faollashgan. Bir necha kun oldin Rossiya 24 soat ichida Ukrainaning tinch aholi yashash punktlariga qariyb 1000 ta dron va 34 ta raketa otgandi. Chorshanba kuni esa Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 389 ta dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Bu urush boshlanganidan beri Rossiya hududlari va Qrimga qilingan eng yirik tungi hujum sifatida qayd etildi.
Lukashenko KXDRga keldi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko chorshanba kuni rasmiy tashrif bilan Shimoliy Koreyaga keldi.
Pxenyan aeroportida Lukashenkoni Shimoliy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari Kim Tok Xun kutib oldi. Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan o‘ta dabdabali marosimda esa Lukashenkoni Kim Chen Inning shaxsan o‘zi qarshiladi.
Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Kim va Lukashenko o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibidan Shimoliy Koreya va Belarus o‘rtasidagi aloqalar o‘rin olgan. Lukashenko oxirgi marta Kim bilan 2025 yil sentabrida Pekinda uchrashgan va o‘shanda Shimoliy Koreyaga taklif qilingan edi.
Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijyenkovning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenkoning ushbu tashrifi davomida mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi.
O‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri Belarusni boshqarib kelayotgan avtokrat rahbar Lukashenko Kremlning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. Bu ikki yetakchi 2022 yil fevralida boshlangan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinida Moskvani harbiy, iqtisodiy va diplomatik yo‘llar bilan qo‘llab kelmoqda.
Urushga arablar ham jalb qilinadimi?
Turkiya diplomatlari Eron zarbalariga uchragan arab davlatlari bilan faol maslahatlashuvlar olib borib, ularni urushda bevosita harbiy ishtirok etishdan tiyilishga undamoqda. Bloombergʼning yozishicha, Anqara arab davlatlarining jangovar harakatlarga jalb etilishi butun Yaqin Sharqni xavf ostiga qo‘yadigan urush keltirib chiqarishidan xavotirda.
Turkiya tiyib turishga urinayotgan davlatlar orasida BAA va Saudiya Arabistoni ham bor. Ikki davlat ham o‘z hududlarini himoya qilishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu bilan birga, Anqara Eron bilan aloqa kanallarini saqlab qolmoqda.
Oldinroq New York Times nashri Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Donald Trampni Erondagi urushni davom ettirishga undayotganini yozgandi.
Aslida urushdan chetlanishni afzal ko‘rgan Muhammad bin Salmon ikkita narsadan xavotirda: agar AQSh yarim yo‘lda to‘xtasa, Saudiya Arabistoni va arablar darg‘azab Eron bilan yolg‘iz qolishi mumkin. Bundan tashqari, valiahd shahzoda mintaqadagi kuchlar nisbatini qayta shakllantirish uchun urushni «tarixiy imkoniyat» sifatida ko‘rmoqda.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026