Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Belgorod suv ombori to‘g‘onini vayron qildi. Bu frontga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ukraina qurolli kuchlarining o‘tgan hafta davomida raketa va dronlar orqali yo‘llagan zarbalari Belgorod suv ombori to‘g‘oniga jiddiy zarar yetkazgan, natijada Shimoliy Don daryosiga nazoratsiz suv chiqishi boshlangan. Bu daryo esa frontning ko‘plab uchastkalarida Rossiya va Ukraina armiyalari pozitsiyalari o‘rtasidagi tabiiy to‘siq hisoblanadi.
Foto: t.me/belpepel
To‘g‘on bo‘ylab zarbalar to‘g‘risidagi ilk xabarlar OAVda 24 oktyabr kuni tongida paydo bo‘lgandi. O‘shanda Belgorod oblasti rasmiylari hududda raketa zarbasi xavfi mavjudligi hamda Grafovka qishlog‘i o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi, to‘g‘on boshqaruvi binolari aynan shu qishloqda joylashgan.
25 oktyabr kuni oblast gubernatori Vyacheslav Gladkov suv ombori to‘g‘oniga zarar yetkazilgani to‘g‘risida xabar qildi.
«Dushman yana bir bor zarba berib, to‘g‘onni buzishga urinib ko‘rishi mumkinligini tushunamiz. Agar bu sodir bo‘lsa, Xarkiv oblasti tomonda suv daryo o‘zanidan toshib chiqishi hamda 1000 ga yaqin kishi yashovchi aholi punktlarimizning bir nechta ko‘chalarini suv bosish xavfi paydo bo‘ladi», – degan u.
Gubernator atrofdagi hududlar – birinchi navbatda Bezlyudovka va Novaya Tavoljanka qishloqlari aholisini evakuatsiya bo‘lishga chaqirgan.

Katta ehtimol bilan, 26 oktyabr tongida to‘g‘on bo‘ylab takroriy zarba yo‘llangan.
Ukraina ushbu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. 26 oktyabr kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari Pilotsiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi («Madyar» laqabi bilan tanilgan) Belgorod suv omborida «yoriq paydo bo‘lgani» va u yerda suv hajmi bir metrga pasayganini aytdi. U bu zarba uning qo‘li ostidagilar tomonidan yo‘llanganini qayd etgan.
«Bu tashrif Pilotsiz tizimlar kuchlarining 1-alohida markazi qushchalari tomonidan amalga oshirildi. Operatsiya „Damba, nimadir bo‘lsa, chida!“ nomini olgan, ammo, ko‘rinib turibdiki, damba biroz buzilgan», – deya yozadi «Madyar».
Bu vaqtda esa Rossiya nashrlari va harbiy muxbirlarining xabarlarida Ukraina suv ombori to‘g‘oniga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan ham raketalar uchirgani aytilgan.
Hujumlar natijasida yo‘l, uskunalari bo‘lgan bir nechta inshootlar va bir yoki ikkita shlyuzning mexanizmlari jiddiy shikastlangan, shuning uchun nazoratsiz suv chiqishi boshlangan. Buni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan foto va videolarda ko‘rish mumkin.
Belgorod suv ombori haqida nimalar ma’lum?
Suv ombori 1985 yilda Shimoliy Don daryosida, Belgoroddan 10 km janubda qurilgan. Dastlab ushbu inshootdan mintaqadagi sanoatni suv bilan ta’minlash uchun foydalanish rejalashtirilgandi, ammo keyinchalik suv ombori bu ahamiyatini yo‘qotib, rekreatsion hududga aylandi.
Inshootda 76 million metr kub suv saqlash mumkin, uzunligi – 25 kilometr, kengligi – bir necha o‘n metrdan 3 kilometrgacha. Maksimal chuqurligi 14 metr, qirg‘oq chizig‘ining umumiy uzunligi 85 kilometrni tashkil etadi.
2004 yildan beri suv ombori federal ahamiyatga ega obektlar qatoriga kiradi.
Belgorod daryoning yuqori qismida joylashgani sababli, suv omboridagi suv sathi tez pasayishi oblast markaziga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Biroq, Shimoliy Don daryosiga ko‘p miqdorda nazoratsiz suv quyilishi uning quyi oqimidagi aholi punktlari, shuningdek, uning irmoqlari – Nejyegol va Volchya daryolari uchun oqibatlarga keltirib chiqarishi mumkin.
Birinchi navbatda, Ukrainaning Vovchansk shahri zarar ko‘radi.
27 oktyabr kuni kechqurungi holatga ko‘ra Rossiya hukumati suv omborida suv sathi bir metrga pasayganini ma’lum qilgan, shu bilan birga, «vaziyat barqarorligi»ni ta’kidlagan.
Belgorod suv ombori direktori Yuriy Paramonov esa to‘g‘on butkul buzilib ketishi ham kritik holat bo‘lmasligini aytadi.
«Bu holatda ham oqibatlar yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi uchun minimal darajada bo‘ladi, chunki biz suv omboridan chiqaradigan suv Ukraina hududiga ketadi, Belgorod suv ombori Saltovskiy kaskadida joylashgan», – degan u mahalliy nashrlarga.
Rossiya harbiylarining Vovchansk atrofidagi platsdarmiga xavf
2024 yil martida Rossiya qo‘shini chegarani buzib o‘tib, chegara hududlarda Vovchansk shahri uchun jang boshlagandi. Ammo ukrain harbiylari qo‘shimcha kuchlarni olib kelib, ruslarning ichkariga yurishini to‘xtatib qo‘ydi.
Shimoliy Don daryosi irmog‘i hisoblangan Volchya daryosi bo‘yidagi vayrona shahar shundan buyon amalda ikkiga ajralgan. Shaharning daryoning chap sohilidagi qismi rossiyaliklar nazoratiga o‘tgan, janubiy sohilni ukrainlar o‘z qo‘lida ushlab turibdi.
Oktyabr oyi boshida Rossiya bo‘linmalari mazkur hududdagi hujumlarni kuchaytirdi va janubiy sohilga o‘tib, mahalliy non zavodi hududidagi bir necha pozitsiyalarni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Rossiya armiyasi qo‘shni qishloqlar – Ogursovo, Gatishche, Bugrovatkani ham nazorat qilmoqda. Ularning barchasi Belgorod suv omboridan ko‘p miqdorda suv tushayotgan Shimoliy Don bo‘yida joylashgan. Shuningdek, ushbu daryoning Belgorod oblastidan o‘tgan qismida Grafovka, Novaya Tavoljanka, Arxangelskoye va Bezlyudovka qishloqlari ham daryoga yaqin joylashgan.
Nejyegol irmog‘i bo‘yida esa ruslarning Shebekino shaharchasi bor.
Bu hududda Shimoliy Don daryosi suvi toshishi mudofaa pozitsiyalari suv ostida qolishiga olib kelishi mumkin – xususan, Rossiya armiyasining Vovchansk yo‘nalishidagi xandaqlari va blindajlarini ham. Shuningdek, bu yo‘llarni suv bosishi hamda ko‘priklar shikastlanishi tufayli logistika buzilishiga ham olib keladi.
«Axboriy qarshilik» guruhining ukrainalik harbiy tahlilchisi Oleksandr Kovalenko allaqachon RF qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi 82-motoo‘qchilar polki hamda 138-alohida motoo‘qchilar brigadasining pozitsiyalarini suv bosgani haqida xabar qilgan.
«Darvoqe, aynan shu yo‘nalishda ROV [Rossiya bosqinchi qo‘shinlari] bir kun oldin Shimoliy Donning chap qirg‘og‘i bo‘ylab Gatish janubidagi nazorat zonasini kengaytirishga urinib ko‘rdi. Endi nazorat zonasining kengayishi Shimoliy Don janubida qolgan Rossiya bo‘linmalari uchun tuzoqqa o‘xshab bormoqda», – deydi ekspert.
Xuddi shunday effektni Volchya daryosi qirg‘oqlaridagi pozitsiyalarda ham kutish kerak, deb ta’kidlaydi u. Suv toshishi Vovchanskdagi mahalliy non va yog‘-moy kombinati hududida o‘rnashib olgan rus bo‘linmalariga ta’minot yetkazib berishni sezilarli darajada qiyinlashtirishi mumkin.
Gidrotexnik inshootlarni portlatish urush uchun standart amaliyot hisoblanadi. 2023 yil iyun oyida Ukraina armiyasi mamlakat janubida yirik qarshi hujum boshlashidan oldin Kaxovka GES to‘g‘oni portlatilgan, natijada Kaxovka suv omboridan nazoratsiz suv sizib chiqa boshlagandi.
Ukraina rasmiylari va xalqaro kuzatuvchilarning aytishicha, mazkur minalashtirilgan inshoot uni 2022 yil fevral oyi oxiridan beri nazorat qilib kelayotgan Rossiya harbiylari tomonidan portlatilgan. Rossiya tomoni esa to‘g‘on vayron bo‘lishi Ukraina harbiylari zarbasi oqibati bo‘lganini aytgandi.
Dnipro daryosining quyi oqimida suv toshishi – Xerson oblastining shu qismidagi aholi yashash manzillarida ko‘plab odamlar o‘limiga olib keldi, shuningdek, uzoq vaqt davomida Ukraina qo‘shinlari bu suv to‘sig‘idan o‘tishini imkonsiz qilib qo‘ydi.
2024 yil noyabr oyida Donetsk oblastidagi Kuraxovo suv ombori to‘g‘onida portlash sodir bo‘ldi. Ikki tomon ham bu voqeada bir-birini aybladi. Hodisa har ikki armiya foydalanadigan mahalliy yo‘llarni suv bosishiga olib keldi va mintaqadagi logistikani murakkablashtirdi.
Mavzuga oid
14:30
Nemis biznesi Ukrainaga yordamni Germaniya buyurtmalari bilan bog‘lamoqchi
12:24
Germaniya Ukrainaga investitsiya kiritish bo‘yicha yangi dasturni boshlayapti
11:55
Ukraina Germaniyada jangovar dronlar ishlab chiqarishni boshlayapti
11:42