Jahon | 12:24
639
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga investitsiya kiritish bo‘yicha yangi dasturni boshlayapti

UkraineConnect dasturining dastlabki hajmi - 45 mln yevro. U KfW davlat taraqqiyot banki orqali boshqariladi. Yangi moliyalashtirish vositasi orqali Ukrainaga xususiy sektordan katta mablag‘larni jalb etish rejalashtirilgan.

Foto: Sebastian Gollnow/dpa

Germaniya hukumati yangi moliyalashtirish instrumenti yordamida nemis kompaniyalarining Ukrainaga investitsiyalarini jalb qilish niyatida. Dasturning dastlabki hajmi 45 mln yevro etib belgilangan bo‘lib, uni boshqarish KfW (Kreditanstalt für Wiederaufbau) — davlat taraqqiyot banki orqali amalga oshiriladi. Bu bank Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Germaniyani tiklashni moliyalashtirgan. Germaniya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe 15 dekabr, dushanba kuni Berlinda jurnalistlarga shu haqda ma’lum qildi.

Uning aytishicha, UkraineConnect deb nomlangan ushbu dastur doirasida xususiy sektordan salmoqli mablag‘larni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Barcha sohalardagi manfaatdor kompaniyalar Ukrainadagi loyihalar uchun imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi.

Yangi instrument avvalgi iqtisodiy yordam dasturlarini to‘ldirishi kerak. Bular qatoriga investitsiya va eksport kreditlari uchun davlat kafolatlari, shuningdek energetika sohasidagi yordam kiradi. Dekabr boshida Germaniya iqtisodiyot vazirligi Rossiya boshlagan urush paytida vayron qilingan energetika infratuzilmasini tiklash uchun Ukrainaga yana 100 mln yevro ajratishini (bu yil avval e’lon qilingan 60 mln yevroga qo‘shimcha ravishda) ma’lum qilgan.

Germaniya–Ukraina iqtisodiy forumida, xususan, Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzilsa, Ukraina tiklanishi mavzusi muhokama qilindi. Shu bilan birga, mudofaa sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalasi ham ko‘tarildi. Forum ishida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Germaniya kansleri Fridrix Mers ham ishtirok etgan.

KfW banki 1948 yilda tashkil etilgan. Uning 80 foiz ulushi Germaniya Federativ Respublikasiga, 20 foizi esa federal yerlarga tegishli. KfW — dunyodagi eng yirik taraqqiyot banklaridan biri.

KfW foyda olishga yo‘naltirilmagan va oddiy tijorat banki kabi ishlamaydi: unda xususiy mijozlar uchun filiallar yo‘q, moliyalashtirishni esa asosan obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qiladi.

KfW'ning asosiy vazifasi — iqtisodiyot va jamiyatni qo‘llab-quvvatlash. U kichik va o‘rta biznes, uy-joy qurilishi, ta’lim, innovatsiyalar va “yashil” loyihalar uchun imtiyozli kreditlar hamda kafolatlar beradi, shuningdek xalqaro taraqqiyot dasturlarini moliyalashtiradi. Germaniya KfW orqali iqtisodiy, ijtimoiy va iqlim siyosatini amalga oshiradi.

Mavzuga oid