O‘zbekiston | 15:20 / 04.01.2017
23051
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Orol dengizi havzasidagi halokat oqibatlarini yumshatishda O‘zbekistonga yordam beradi

Foto: © RIA Novosti

Orol dengizi qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal qilish BMT va O‘zbekiston hamkorligining asosi bo‘lib qoladi. Bu haqda tashkilotning yangi saylangan bosh kotibi Antoniu Guterrish ma'lum qilgan.

«Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish bizning umumiy va ustuvor maqsadimiz ekanini yaxshi anglayman. BMT ushbu fojia bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasidagi sa'y-harakatlaringizni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlayveradi», — qayd etiladi maktubda.

U shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va bu hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi orqali yanada mustahkamlashga harakat qilishini aytib o‘tgan.

Orol dengizi qachonlardir dunyoda kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadigan ko‘l bo‘lgan.

1960 yillardan u shiddat bilan sayozlashib bordi, bunga unga kelib quyuluvchi daryolar — Amudaryo va Sirdaryodan suv olinishi sabab bo‘ldi — Sobiq Ittifoq davrida yaqin oradagi cho‘llarni shu tariqa qishloq xo‘jalik yerlariga aylantirmoqchi bo‘lishgan.

Hozirda Orol dengizi ikkita alohida ko‘lga ajralib qoldi va qariyb butunlay qurib bitdi.

Suv darajasi 18 metrga pasaygan. Mavjud suv miqdori esa — 5 baravar kamaygan. Buning oqibatida atrofdagi yerlar sho‘rlanib, hududning fauna, flora va inson sog‘lig‘iga keskin ta'sir ko‘rsatgan ekologik ofat yuzaga kelgan.

Orol dengizida 13 yildan beri tadqiqotlar olib borayotgan geologiya va mineralogiya fanlari doktori Sergey Krivonogovning so‘zlariga qaraganda, dengizni tiklash imkoniyati mavjud. Buning uchun suv havzasiga qo‘shimcha suv berish lozim. Har yili, hech bo‘lmaganda, 20 kilometr kub suv bilan to‘ldirilganda ham, u kengaya boshlaydi. Bundan tashqari, uning tiklanishi iqlim va tektonik ta'sirlar, masalan, yerosti suvlarining kelishiga ham bog‘liq hisoblanadi.

1993 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Orolni qutqarish bo‘yicha xalqaro fondni tashkil qilishgandi. 2008 yilning dekabridan buyon bu fond BMT bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega hisoblanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid