Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoning eng boy odamlari reytingida peshqadam o‘zgardi
Oracle dasturiy ta’minot kompaniyasi hammuassisi Larri Ellison Bloomberg milliarderlari reytingida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqdi.
Foto: Getty images
Bloomberg nashri Ellisonning boyligini 393 milliard dollarga, Maskning boyligini esa 385 milliard dollarga baholamoqda. Ellison keskin tarzda ko‘tarildi, chunki kapitalining bir kunlik o‘sishi 101 milliard dollarni tashkil etdi - bu Bloomberg reytingi tarixidagi eng katta o‘sishdir.
Agentlik reytingida Mask deyarli bir yil davomida birinchi o‘rinda turdi. U birinchi marta 2021 yilda ushbu pog‘onaga chiqqan, biroq keyin Amazon asoschisi Jyeff Bezos va LVMH asoschisi Bernar Arnoga boy bergan. Hozir ular mos ravishda to‘rtinchi va sakkizinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Iyul oyidan beri Ellison Bloomberg reytingida Meta rahbari Mark Tsukerbergni ortda qoldirib, ikkinchi o‘rinni egallab kelayotgan edi.
Forbes nashri ham Ellisonning boyligi o‘sganini qayd etdi (taxminan 102 milliard dollar yoki umumiy boyligining deyarli 35 foizi), uning umumiy kapitali esa 395 milliard dollarga baholangan. Ammo Mask Forbes reytingida hali ham 437 milliard dollar boyligi bilan birinchi o‘rinda turibdi.
Ellison 81 yoshda. U 1977 yilda Bob Mayner va Ed Outs bilan Oracle kompaniyasiga asos solgan. Milliarder Oracle bosh direktori lavozimini 2014 yil sentabrida kompaniyani 37 yil boshqarganidan so‘ng tark etdi va direktorlar kengashi raisi va texnik direktor bo‘ldi. U Oracle aksiyalarining 40 foizdan ortig‘iga egalik qiladi.
Shuningdek, u Paramount Skydance kompaniyasining taxminan 50 foiziga egalik qiladi. 2018-2022 yillarda u Tesla direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan, hozirda ham kompaniya aksiyalariga egalik qiladi.
Ellison boyligining o‘sishi 2026-moliyaviy yilning birinchi choragi bo‘yicha hisoboti e’lon qilinganidan keyin Oracle aksiyalarining tez o‘sishi bilan ta’minlandi (AQShda moliyaviy yil 1 oktyabrdan 30 sentabrgacha davom etadi).
Bloomberg nashriga ko‘ra, sun’iy intellekt rivojlanishi fonida bulutli infratuzilmaga sarmoya kiritish Oracle’ga gullab-yashnash imkonini bergan. Uning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, kompaniyaning bulutli texnologiyalardan olgan daromadi 28 foizga o‘sib, 7,2 milliard dollarni, bulutli infratuzilmadan olgan daromadi esa 55 foizga o‘sib, 3,3 milliard dollarni tashkil etgan. Yirik shartnomalar, jumladan, 4,5 GVt quvvatga ega ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish bo‘yicha ChatGPT ishlab chiquvchisi - OpenAI bilan kelishuv tufayli Oracle majburiyatlari portfeli 359 foizga oshib, 455 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, kompaniya AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yanvar oyida e’lon qilingan Stargate sun’iy intellekt uchun infratuzilma yaratish loyihasining ishtirokchisi hisoblanadi. Ellison azaldan respublikachini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mavzuga oid
13:11 / 23.12.2025
Netflix'ga raqobat: Paramount WBD uchun 108 mlrd dollarlik taklif tayyorladi
21:37 / 12.09.2025
Ilon Mask dunyoning eng boy odami unvonini atigi bir kunga yo‘qotdi
18:55 / 02.01.2025
Rossiyalik milliarderlar bir yilda qanchaga boyigani hisoblab chiqildi
14:19 / 11.05.2018