O‘zbekiston | 17:11 / 11.03.2021
7650
3 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy daraxt kesilishi haqida xabar bergan fuqarolarga pul to‘lanadi

«Masalan, bitta chinor noqonuniy kesilishidan tabiatga yetkazilgan zarar uning diametriga qarab 65 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Bu haqda kimdir xabar bersa, o‘sha odam shu summaning 10 foizini oladi», – deya kutilayotgan yangilik haqida ma'lum qildi Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesilishining oldini olgan va bu haqda xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti to‘lanishi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

«[Daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq] huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar yuborgan, shuningdek, huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar yuborish natijasida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishining oldini olgan shaxslar aybdor shaxslardan undirilgan jarimaning va zarar summasining 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi taklif etilmoqda», – dedi Sodiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur taklif tez orada qonunchilikka kiritilishi kutilmoqda.

«Masalan, bitta chinor noqonuniy kesilishidan tabiatga yetkazilgan zarar uning diametriga qarab 65 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Demak, 65 million so‘mlik daraxtni kimdir noqonuniy kessa va bu haqda kimdir xabar bersa, o‘sha odam shu summaning 10 foizini oladi», – deya qo‘shimcha qildi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolar tomonidan internet tarmog‘i orqali davlat ekologiya organlarining saytlariga yuborilgan hamda fotosuratlar va videoyozuvlar bilan tasdiqlangan daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi yuzasidan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi belgilanadi.

Unga ko‘ra, daraxt va butalarning noqonuniy kesilishining oldini olgan fuqaro, agar xabar olingach, Ekologiya qo‘mitasi inspektorlari tomonidan joyida huquqbuzarlik jarayoni to‘xtatilsa, aybdor shaxsdan undiriladigan jarima va zarar summasidan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

«Huquqbuzarlik haqida yuborilgan fotosuratlar va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Ekoqo‘mita hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar idoralari tomonidan amalga oshiriladi va huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar haqidagi ma'lumotlar oshkor etilmaydi», – deya kutilayotgan yangilik haqida ma'lum qildi Abdurashid Sodiqov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.

  • Ekoqo‘mita rahbarlari bilan Kun.uz intervyusini to‘liq shaklda ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid