O‘zbekiston | 10:29 / 11.06.2021
26066
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida ikki GES quradi. Alisher Sultonov tafsilotlarni ochiqladi

Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi chog‘ida qator hujjatlar, xususan, energetika sohasida ham hamkorlik bitimlari imzolandi. Tashrifni bevosita yoritayotgan Kun.uz muxbiri energetika vaziri Alisher Sultonov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Alisher Saidabbosovich, davlat rahbarlari ishtirokida Tojikiston bilan energetika sohasida qanday shartnomalar imzolandi?

– Hammamiz yaxshi bilamizki, Tojikiston bilan energetik hamkorlik ahamiyati juda katta. Hamkorlikda mo‘ljallangan loyihalarimiz ham ulkan. Xususan, Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalar qurish bo‘yicha Tojikiston Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi bitim imzolandi.

Bu bitimga asosan, Tojikiston Respublikasining Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalar qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda, yiliga o‘rtacha 800 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 140 megavattga va prognoz qiymati 282 million AQSh dollariga teng «Yovon» gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi.

Ikkinchi bosqichda, yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va prognoz qiymati 270 million AQSh dollariga teng «Fandaryo» gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati o‘rganib chiqiladi.

Loyiha buyurtmachisi etib, tomonlar ishtirokida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyati belgilanadi. Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining qarz va grant mablag‘lari hamda ta'sis qilinadigan qo‘shma korxona ustav jamg‘armasiga kiritiladigan tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

– Bu bitimlarning amalga oshishi O‘zbekiston energota'minotida qanday o‘zgarishlarga olib keladi?

– Imzolangan bitim investitsiya loyihasini o‘rganish va tayyorlash hamda mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun qo‘shma korxona tashkil qilish bosqichlari va mexanizmini belgilaydi.

Bu O‘zbekiston energota'minotiga nima beradi, degan savolga kelsak, shuni ham ta'kidlash joizki, quriladigan gidroelektr stansiyalar O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlari uchun 1 milliard 400 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Bundan tashqari, gidroelektr stansiyalarni qurish va undan foydalanish davrida qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilib, O‘zbekiston va Tojikistonning boshqa mintaqalariga paritetlik asosida elektr energiyasi oqimini ta'minlaydi.

– Qurg‘oqchilikning belgilangan rejalarga ta'siri qanday bo‘ldi va bundan keyingi loyihalar bu faktor hisobiga qayta ko‘rib chiqilyaptimi?

– Ma'lumki, O‘zbekiston uch yildan buyon Tojikiston Respublikasidan mavsumiy elektr energiyasi import qiladi. Ammo bu import ko‘rsatkichi kamayib boryapti. Jumladan, o‘zaro shartnomaga asosan 2020 yil may-sentabr oylarida jami 1,2 mlrd kVt soat elektr energiyasini import qilish belgilangan bo‘lsa, amalda kamroq – 566,7 mln. kVt soat elektr energiyasi import qilindi.

Lekin buning uchun kimnidir ayblab bo‘lmaydi. Buning obektiv sabablari bor. Vaxsh daryosida suv hajmi keskin kamaygan, buning ortidan Norak suv ombori sathi pasaygan. 2021 yil may oyida imzolangan shartnomaga ko‘ra, 270,0 mln. kVt soat elektr energiyasi importi belgilangan bo‘lib, amalda 197,4 mln. kVt soat elektr energiyasi import qilindi.

O‘zaro shartnomalar va hisob-kitoblarda bu tabiiy omillar albatta hisobga olinadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid