Jahon | 20:30 / 19.01.2026
10022
5 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada poyezdlar to‘qnashuvi tafsilotlari: qurbonlar soni ortmoqda

Bu mamlakatda so‘nggi 13 yildagi eng yirik temiryo‘l avariyasi bo‘ldi. Rasmiylar buni «o‘ta g‘alati» avariya deb atadi.

Susana Vera / Reuters / Scanpix / LETA

18 yanvar kuni kechqurun Ispaniya janubidagi Kordova provinsiyasida ikkita tezyurar poyezd to‘qnashib ketdi – Iryo kompaniyasining Malagadan Madridga qarab harakatlangan yo‘lovchi poyezdi hamda Renfe kompaniyasining Madriddan Uelva tomon harakatlangan Alvia rusumli poyezd.

Avariya Adamus shaharchasi yaqinida ro‘y bergan. El Pais nashriga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 19:45 da Iryo poyezdi sostavining oxirgi uchta vagoni relsdan chiqib ketgan va parallel o‘tgan yo‘lni bloklab qo‘ygan, bu yo‘ldan shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishda Alvia poyezdi kelayotgandi. Alvia mashinistiga favqulodda tormozni amalga oshirish uchun vaqt yetmagan va dastlabki ikkita vagon balandligi taxminan to‘rt metrni tashkil etuvchi temiryo‘l ko‘tarmasidan pastga qulagan.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avariya oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan. Yana 152 kishi jarohat olgan, shundan besh nafari o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Ispaniya transport vaziri Oskar Puente qurbonlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirgan. Poyezdlarda jami 480 ga yaqin kishi bo‘lgan.

Andalusiyada poyezdlar halokatga uchragan joyda ishlayotgan qutqaruvchilar
Susana Vera / Reuters / Scanpix / LETA
Jabrlanuvchilardan biri Adamusda tashkil etilgan dala hospitalida
Francisco J. Olmo / Europa Press / AP / Scanpix / LETA

Avariya sabablari hozircha noma’lum; tekshiruv o‘tkazish uchun mustaqil komissiya tuzilgan. Vazir Puente avariyani «juda g‘alati» deb atadi, chunki bu hodisa yo‘lning 2025 yil mayida yangilangan uchastkasida sodir bo‘ldi. Vagonlari izdan chiqib ketgan Iryo poyezdi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan va hodisadan to‘rt kun oldin tekshiruvdan o‘tkazilgandi.

Bundan tashqari, yo‘lning poyezdlar to‘qnashgan qismi insonlar xatosining oldini olishga mo‘ljallangan xavfsizlik tizimi bilan jihozlangan, qolaversa, ikki poyezd ham soatiga 200 kilometr tezlikda harakatlangan bo‘lsa-da, belgilangan tezlik chegarasidan oshmagan, deya qayd etadi Renfe kompaniyasi prezidenti Alvaro Fernandes Eredia.

Avariya joyiga yetib kelgan politsiya mashinasi
Manu Fernandez / AP / Scanpix / LETA
Susana Vera / Reuters / Scanpix / LETA
Guardia Civil / EPA / Scanpix / LETA

Puente poyezdlar to‘qnashuvini «dahshatli» holat deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Alvia poyezdining ko‘tarmadan pastga qulagan vagonlarida 53 kishi bo‘lgan. Ushbu poyezd yo‘lovchilaridan biri El Pais nashriga aytishicha, avariya paytida u kuchli silkinishni his qilgan, shundan so‘ng poyezd to‘xtamaguncha u yoqdan-bu yoqqa chayqala boshlagan. U poyezddan tushgach, birinchi vagon butunlay vayron bo‘lganiga guvoh bo‘lgan: «Odamlar yordamga chaqirishardi va biz ularni chiqarib olishga harakat qilardik, lekin bu juda qiyin bo‘ldi».

«Biz nihoyat [uchinchi vagondan] chiqib olganimizda, birinchi va ikkinchi vagonlar jarlikka tushib ketganini ko‘rdik. Biz yordamga bordik, u yerda qo‘l-oyog‘i singanlar, halok bo‘lganlar bor edi. Qutqaruv xizmatlari yetib kelguniga qadar imkon qadar ko‘proq odamni qutqarib oldik», – deydi Alvia’ning yana bir yo‘lovchisi.

«Odamlarning jarohatlari juda va juda og‘ir edi. Ular yonginamda edi, ular baribir jon berishini bilib turardim va hech narsa qila olmasdim», – deydi Iryo poyezdi yo‘lovchisi.

Baxtsiz hodisa oqibatida jarohatlangan Ana. U vagonlardan birida singlisi va iti bilan ketayotgan edi.
​​​​​​Ana Beltran / Reuters / Scanpix / LETA

Madrid va Andalusiya o‘rtasida tezyurar poyezdlar harakati kamida to‘rt kunga to‘xtatilgan. Yo‘lovchilar avtobuslarga yo‘naltirilmoqda. Adamusdagi sport zali dala shifoxonasiga aylantirilgan. Voqea joyida favqulodda xizmatlar va ko‘ngillilar ishlamoqda. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Davos iqtisodiy forumidagi ishtirokini bekor qildi. U Ispaniya qiroli va qirolichasi bilan birgalikda Adamusga boradi. Parlamentda avariya qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi.

Andalusiyadagi poyezdlar halokati – mamlakat uchun 2013 yildan buyon eng jiddiy avariya bo‘ldi, o‘shanda Galisiyadagi Santyago-de-Kompostela bekatida Alvia poyezdi izdan chiqib ketgandi. Natijada 70 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid