Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya Erondagi urushda ishtirok etayotgan samolyotlar uchun osmonini yopdi
Madrid nafaqat Vashingtonga Ispaniya janubidagi bazalardan Eronga qarshi operatsiya doirasida foydalanishni taqiqladi, balki boshqa davlatlarda joylashtirilgan AQSh samolyotlari uchun ham o‘z havo hududini yopdi.
Foto: LEONHARD FOEGER / REUTERS
Ispaniya Eronga qarshi zarbalarda ishtirok etayotgan Amerika samolyotlari uchun o‘z havo makonini yopdi. Bu haqda Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles ma’lum qildi va El Pais gazetasi manbalarga tayanib avvalroq e’lon qilgan ma’lumotni tasdiqladi.
“Biz na harbiy bazalardan foydalanishga, na Erondagi urush bilan bog‘liq harakatlar uchun havo hududidan foydalanishga ruxsat beramiz”, — dedi Robles 30 mart, dushanba kuni Madridda jurnalistlarga.
Ispaniya iqtisodiyot vaziri Karlos Kuerponing so‘zlariga ko‘ra, bu chora Ispaniya hukumatining avvalroq qabul qilingan qaroridan kelib chiqqan bo‘lib, unga muvofiq mamlakat “bir tomonlama tarzda va xalqaro huquqni buzgan holda boshlangan urush”da ishtirok etmaydi va unga ko‘mak ham bermaydi.
El Pais suhbatdoshlari aytishicha, Madrid nafaqat Eronga qarshi AQSh va Isroil harbiy operatsiyasida ishtirok etayotgan qiruvchi samolyotlar va havoda yonilg‘i quyish samolyotlariga Ispaniya janubidagi Rota va Moron-de-la-Frontera bazalaridan foydalanishni taqiqlamoqda, balki Buyuk Britaniya va Fransiya kabi uchinchi davlatlarda joylashtirilgan Amerika havo kemalari uchun ham kirishni yopmoqda. Samolyotning uchib o‘tishi yoki qo‘nishiga faqat favqulodda holatlarda ruxsat berilishi mumkin.
Shu bilan birga, nashr qayd etishicha, Ispaniya va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvda nazarda tutilgan boshqa vazifalar bajarilishda davom etmoqda. Xususan, Madrid Yevropada joylashtirilgan taxminan 80 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchining moddiy-texnik ta’minotida ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Sevilyadagi havo harakatini boshqarish markazi Missuri shtatidan uchib chiqib, Eronga zarba berib, so‘ng bazaga qaytadigan AQSh bombardimonchi samolyotlariga aeronavigatsiya yordamini ko‘rsatmoqda. El Pais yozishicha, bunday parvozlar vaqtida ushbu bombardimonchilar Ispaniya havo hududiga kirmaydi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches AQSh va Isroilning Eronga qarshi zarbalariga eng keskin qarshi chiqqan siyosatchilardan biri bo‘ldi. U bu zarbalarni noqonuniy deb atagan. Sanchesning tushuntirishicha, u Eron rejimiga qarshi bo‘lsa-da, o‘z fikricha xalqaro huquq doirasidan chiqib ketgan harbiy operatsiyani qo‘llab-quvvatlamaydi.
Sanchesning aytishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro Ispaniyaga har oy taxminan 100 milliard yevro zarar keltirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp esa o‘z navbatida Ispaniya bilan savdo munosabatlarini to‘liq uzish bilan tahdid qilgan.
Mavzuga oid
09:09
Tramp: Eron bilan kelishuv bo‘lmasa, qattiq zarba beriladi
21:33 / 30.03.2026
Eronning arzon dronlari qanday qilib urush olib borish usullarini o‘zgartiryapti?
18:43 / 30.03.2026
Tramp: Eronda allaqachon «rejim o‘zgardi»
15:12 / 30.03.2026