Sport | 11:44 / 10.04.2026
6108
4 daqiqa o‘qiladi

«Agar bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir uni olasan» – Sindorov peshqadamligi haqida

Javohir Sindorov Nomzodlar turniridagi yetakchiligini yanada mustahkamladi. U Rameshbabu Pragnanandha ustidan ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Foto: FIDE

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 10-turidan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi.

U bu turda oq donalarda o‘ynab, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhani mag‘lub etdi va ochkolari sonini 8 taga yetkazib, peshqadamlikni mustahkamladi. Uning eng yaqin ta’qibchisi Anish Giri bilan oradagi farq endi 2 ochkoni tashkil etmoqda va qolgan 4 turda bu farqni yo‘qqa chiqarish deyarli imkonsiz ish.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik shaxmatchi Nomzodlar turnirida eng ko‘p g‘alabaga erishgan shaxmatchi sifatida rekord o‘rnatdi, turnirda hozirgacha hech kim 6 marta g‘alaba qozonmagandi.

Javohir hindistonlik raqibga qarshi partiya boshida xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi.

«Rostini aytsam, bir payt tayyorgarligimni unutib qo‘ydim va kerakli yurishni emas, boshqa yurishni tez qilib yubordim. Bu xato edi. Lekin keyin o‘zimni yig‘ib oldim va vaziyatdan chiqib ketdim. Biroz vaqt ketdi, lekin o‘yinni yana nazoratga oldim. Omad ham yordam berdi», – dedi u.

Sindorov shundan keyin tashabbusni qo‘lga olish maqsadida donalardan birini qurbon qilishga qaror qildi va yuzaga kelgan endshpilda uning farzini ortiqcha piyodalar yordamida raqibning ikki ruxidan ko‘ra kuchliroq pozitsiyaga ega bo‘ldi.

U turnirda g‘alabaga yaqinligini his qilayotganini tan olgan:

«Maqsadga juda yaqinman, lekin oldinda yana ikkita muhim o‘yin bor. Ikkalasi ham qora donalarda. Shuning uchun natija haqida o‘ylamasdan, shunchaki o‘ynashga harakat qilyapman».

U oldingi turda germaniyalik Mattias Blyubaum bilan bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqargandi va shu tufayli bosim ostida qolgandi. O‘zining aytishicha, bu vaziyatdan murabbiyi bilan suhbat orqali chiqib ketgan:

«Turnirdagi vaziyat albatta bosim beradi. Kecha yutishim kerak bo‘lgan pozitsiyani yuta olmadim. Shunda murabbiyim menga: “Agar sen bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir uni olasan. Agar yo‘q bo‘lsa, demak yanada ko‘proq ishlaymiz. Shuning uchun natija haqida emas, o‘yin haqida o‘yla” deb aytdi. Men ham aynan shuni qilishga harakat qilyapman», – deydi u.

U turnir oldi rejalarini ham eslab o‘tgan:

«Turnir oldidan +1 natija ham yaxshi bo‘ladi, degan edim. Agar shunday bo‘lganida, men shunchaki xotirjam o‘ynardim. Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. Hozir har bir partiya juda og‘ir o‘tyapti. Bosim katta. 

Kecha ham qiyin kun bo‘ldi – hatto partiyadan oldin durangga ham rozi edim. Lekin keyin yaxshi pozitsiya olib ham yuta olmaganimdan xafa bo‘ldim».

Rekord haqida:

«Bu haqida umuman o‘ylamayapman. Turnir hali tugamagan, hozir eng muhimi keyingi partiyaga tayyorlanish.

Endi dam olish kunida tiklanib, ayniqsa qora donalarda bo‘ladigan o‘yinlarga yaxshilab tayyorlanishim kerak».

10 aprel kuni turnirda dam olish kuni e’lon qilindi. 11 aprel kuni esa Javohir qora donalar bilan Fabiano Karuanaga qarshi o‘ynaydi. Karuana turnirning asosiy favoriti sifatida ko‘rilgandi, ammo 10 imkoniyatdan 5 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinda kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid