O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov 7 aprel kuni Nomzodlar turnirining sakkizinchi turida rossiyalik grossmeyster Andrey Yesipenko bilan durang qayd etdi.

Raqiblar 24-yurishdan keyinoq durangga rozi bo‘lishdi.

Endilikda o‘zbekistonlik shaxmatchi 8 imkoniyatdan 6,5 ochko (5 g‘alaba va 3a durang) jamg‘arib, turnir jadvalidagi yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Ochko yo‘qotganiga qaramay, u eng yaqin ta’qibchisi – Fabiano Karuana bilan oradagi farqni oshirib oldi. Amerikalik shaxmatchi AQShning boshqa bir vakili Hikaru Nakamuraga mag‘lub bo‘ldi va endi Sindorovdan 2 ochkoga ortda qolmoqda.

Uchinchi o‘rinda kelayotgan niderlandiyalik Anish Giri va to‘rtinchi o‘rindagi hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha o‘rtasidagi bahs ham durang bilan yakunlandi va ular ham yuqoriga ko‘tarila olmadi. 5 va 6-o‘rinlardagi germaniyalik Mattias Blyubaum va xitoylik Vey I ham durangga imzo chekishdi.

Bugun, 8 aprel kuni Sindorov to‘qqizinchi tur doirasida Blyubaumga qarshi qora donalarda o‘ynaydi. Ushbu shaxmatchilarning birinchi davradagi bahsida durang qayd etilgandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Yesipenko bilan bahsdan keyin bergan intervyusida tavakkalchilikni emas, ishonchli strategiyani tanlaganini aytgan.

«Raqibimdan kataloncha boshlanishga o‘xshash variant kutgandim. Debyutdan keyin tayyorgarligimdagi pozitsiya yuzaga keldi va u menga yoqa boshladi. Andrey uzoq o‘yladi. Bir payt tushundimki, agar piyoda qurbon qilmasam, shunchaki biroz ustunlikka ega, lekin cho‘zilgan o‘yin bo‘ladi. Shu tufayli tashabbus uchun piyoda qurbon qildim», deydi u.