O‘zbekiston | 14:55 / 01.01.2026
24743
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo va Jizzaxda YHX patrul avtomobillari piyodalarni urib yubordi. Bir kishi vafot etdi

31 dekabr tongida 38 yoshli ayol Guliston shahar bozori yaqinida yo‘lning piyodalar uchun mo‘ljallanmagan qismidan kesib o‘tayotganda YHX xodimi Lacetti rusumli xizmat mashinasida urib yuborgan. Ayol vafot etgan. Shu kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumanida yana bir IIB xodimi e’tiborsizligi oqibatida xizmat avtomobilida piyodani urib yuborib, uning jarohat olishiga sababchi bo‘lgan.

Guliston shahridagi YTH

31 dekabr kuni tonggi 6:20 larda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat YHXBga ertalabki yo‘riqnomaga ketayotgan 37 yoshli YHXB (yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi) xodimi o‘ziga biriktirilgan Lacetti rusumli, 20 743 VSF davlat raqamli xizmat mashinasida yo‘lni kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan.

Manbaning aytishicha, 1987 yilda tug‘ilgan piyoda yo‘lning piyodalar uchun belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan bo‘lgan. U YTHni sodir etgan xodim tomonidan klinik o‘lim holatida shifoxonaga olib borilgan. Unga og‘ir bosh miya ochiq jarohati, miya lat yeyishi og‘ir darajasi, chap chakka suyagi sinishi, o‘ng boldir pastki qismining parchalanib sinishi tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u vafot etgan.

Zarbdor tumanidagi YTH

Kun.uz manbasiga ko‘ra, boshqa bir holatda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida ham ichki ishlar xodimi xizmat avtomobilida piyodani urib yuborgan.

31 dekabr kuni soat 20:50 larda Zarbdor tumani IIB Yo‘l xarakat xavfsizligi guruhi katta inspektori mayor S.B. viloyat IIB YHXBga tegishli Nexia-3 rusumli, 25 518 VSF raqamli avtomobilda yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. 1980 yilda tug‘ilgan piyoda J.B. “bosh miya chayqalishi, yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Manbaning aytishicha, piyoda kasalxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid