O‘zbekiston | 09:15 / 05.12.2020
12149
12 daqiqa o‘qiladi

Buzishga kelganda, oshig‘ich ijro - ishi Oliy sudda ko‘riladigan tadbirkor mulki zudlik bilan buzib tashlandi

Bir necha yillik nizo yuridik jihatdan hali yakuniga yetmay turib, mol-mulkim buzib tashlandi, demoqda Mirobod tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkor. MIB sud qarorini darhol ijro qilishi kerakligi bilan o‘zini oqladi. Tuman hokimi o‘rinbosari esa tadbirkor Oliy sudda yutib chiqqan taqdirda, buzilgan bino-inshootlar uchun kompensatsiya to‘lanishini aytdi.

Toshkent shahar Mirobod tumanida faoliyat yurituvchi «Ulfat» xususiy korxonasi direktori Shohista Mahmudova sud qaroridan so‘ng mulki shoshilinch ravishda buzilgani, vaholanki kurashni Oliy sudda davom ettirmoqchi ekanini aytib, Kun.uz'ga murojaat qildi.

Shohista Mahmudovaning so‘zlariga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan korxonaga 1995 yili marhum turmush o‘rtog‘i asos solgan. Biroq e'tiborsizlik tufayli korxona tasarrufidagi bino-inshootlarning kadastr hujjatlari vaqtida to‘liq qilinmagan. Umr yo‘ldoshining vafotidan so‘ng turli arxivlardan ayrim hujjatlarini tiklashga muvaffaq bo‘lgan.

«Hokimlik yuristidan yordam so‘raganim – katta xatom bo‘lgan ekan»

U Vazirlar Mahkamasining 251-sonli qaroriga muvofiq korxonasiga tegishli obektlarni yalpi xatlovdan o‘tkazishda hokimlik huquqshunosi Nodir Mirzaqulovdan yordam so‘ragani katta xatosi bo‘lganini ta'kidlaydi.

«Hokimiyat yuristi tadbirkorlarga yordam beradi, deb ishonib borgandim. Uning oldiga borganimda muammolarimni, korxonam tasarrufidagi binolarning qanday hujjatlari bor, qaysilari yo‘qligini ochiq aytdim. Vazirlar Mahkamasining 251-sonli qarori bo‘yicha mulklarga egalik huquqini olish uchun hujjatlarni komissiyaga kiritishga yordam so‘raganman.

Undan yordam so‘raganim katta xatom bo‘lgan ekan. U mening barcha nozik joylarimni bilib olib, yordam berish o‘rniga meni sudga bervordi.

Birinchi sudga men chaqirilmaganman; taraflardan biri bo‘lishimga qaramay, sud mening ishtirokimsiz hokimlikning da'vosini qanoatlantirib, bino-inshootimni buzish haqida qaror chiqargan.

Shundan keyin yugur-yugurlarimiz boshlandi. 2017 yildan beri sudma-sud yuribman. Iqtisodiy sudda juda ko‘p janjallar bo‘ldi, ko‘plab tadbirkorlar hokimlik yuristidan nihoyatda norozi ekanliklarini ko‘rdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yuristni ishdan olib tashlashdi.

U ketgach, qulog‘imiz tinchib, buz-buz masalasi kun tartibidan olindi. Biroq karantin davrida u yana ishiga tiklangach, yana bizni eslab qoldi. Shundan beri tinchimiz yo‘q», – deydi Shohista Mahmudova.

Mirobod tumani hokimligi yuristi Nodir Mirzaqulovdan tadbirkorning so‘zlari yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Oxirgi sud majlisida sud raisi va prokuror almashtirilgan

Tadbirkor o‘zi rahbarlik qilayotgan korxona va tuman hokimligi o‘rtasidagi mazkur nizo bir necha bor sudda ko‘rilgan bo‘lsa-da, hali masalaga yakuniy nuqta qo‘yilmaganini aytmoqda.

Mahmudovaning bildirishicha, ishni ko‘rib chiqqan Shayxontohur tumani ma'muriy sudi uning foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tuman hokimligining da'vosini qanoatlantirib, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Oq uy mahallasi hududida joylashgan, 25 yildan buyon oilasi tomonidan foydalanib kelinayotgan 1346 kvadrat metr maydondagi inshootlarni buzdirish va o‘zboshimchalik bilan egallangan maydonni bo‘shatish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Shohista Mahmudova qo‘lidagi arxiv hujjatlari va bino-inshootlar «Ulfat» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lganini tasdiqlaydigan boshqa dalillar sudda inobatga olinmayotganini ta'kidlaydi.

U oxirgi sud majlisida sud raisi va prokuror kutilmaganda o‘zgarib qolganidan shubhalanmoqda.

Tadbirkorning aytishicha, undan avvalgi sud protsessida prokuror ham, sudya ham tuman hokimligiga noqulay savollar bergan. Keyingi majlisda ularning ikkisi ham qatnashmagan, biroq buning sababi taraflarga aytilmagan. Yakunda sud tuman hokimligining da'vosini qanoatlantirgan.

Hokim o‘rinbosari: «Do‘kon noto‘g‘ri joyda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan»

Mirobod tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Najmiddinovning aytishicha, tadbirkorga Toshkent shahar hokimining 1995 yil 17 yanvardagi farmoyishiga asosan buzilgan oziq-ovqat do‘koni o‘rniga oziq-ovqat do‘koni va mahalla guzari qurilishi uchun 8 sotix yer ajratilgan, biroq do‘kon hokimlik tomonidan ajratilgan joyda qurilmagan.

Najmiddinov korxona 25 yil davomida tasarruf qilgan aksariyat bino-inshootlar o‘zboshimchalik bilan qurilgani, aksariyatining egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qligini bildirdi.

Hokim o‘rinbosari Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan, «Ulfat» xususiy korxonasi tomonidan foydalanib kelayotgan obektlar baribir buzilishi, ushbu obektlar joylashgan maydonning bir qismi hisobiga avtomobil yo‘li kengaytirilishi, qolgan qismi esa ko‘kalamzorlashtirilib, aholi piyoda sayr qiladigan maskanga aylantirilishini ma'lum qildi.

«Tadbirkorning burnini qonatish niyatimiz yo‘q»

Farhod Najmiddinovga ko‘ra, tuman hokimligi korxonaning egalik huquqi hujjatlar bilan tasdiqlangan obektlari uchun kompensatsiya to‘lab berishga tayyor.

«1995 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «Ulfat» xususiy korxonasi egallab turgan aksariyat bino-inshootlarning egalik yoki mulk huquqi yo‘q. Yergayam, binogayam. Hozir tadbirkor qonuniy qurilgan deb hisoblayotgan joyniyam. Bular shu paytgacha kadastr hujjatlarini yangilay olmayotganliklarining sababi ham shu.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan xususiy korxona tomonidan foydalanib kelinayotgan, egalik hujjatlari umuman mavjud bo‘lmagan 1346 kvadrat metr joyda joylashgan qurilmalar buzilmoqda. Nizoli inshootlarni buzayotganimiz yo‘q.

Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish DUK korxona direktoriga borib uchrashishganda, u kishi mas'ul xodimlar bilan gaplashishni istamagan. Ayni paytda savdo qilib turgan joylariga qancha kompensatsiya berilishini xohlashini so‘rashganda, javob bermagan. Baribir bu joylar davlat ehtiyoji uchun olinadi. Chunki bu yerga yo‘l tushadi, qolgan qismi obodonlashtiriladi.

Tadbirkorning burnini qonatish niyatimiz yo‘q. Korxonaning mavjud hujjatlari ham, bizdagilari ham inobatga olinib, tadbirkor bilan bir stol atrofida muzokara o‘tkazsak, mazkur masalaga oqilona yechim topilishiga ishonaman. Tuman hokimligi tadbirkor bilan murosa qilishga, o‘zaro kelishuvga erishish uchun muzokaralarni boshlashga tayyor. Buni hokimlik vakili sifatida ishontirib ayta olaman.

Kompensatsiya sifatida to‘lanadigan mablag‘ davlat budjetidan olingani uchun muzokaralar jarayonida budjet pullarini to‘g‘ri va qonuniy ishlatishga javobgar shaxslar, shuningdek, yuristlarimiz ishtirok etishi kerak. Masalaning hamma jihati qonuniy ko‘rib chiqiladi. Hokimlik bularni ko‘chada qoldirishdan manfaatdor emas», – dedi Farhod Najmiddinov.

Hokim o‘rinbosari nima uchun mazkur nizo bo‘yicha uzil-kesil nuqta qo‘yilmasdan, ya'ni u barcha instansiyalarda ko‘rib chiqilib, Oliy sudning yakuniy qarori chiqmasdan turib buzish ishlari boshlab yuborilganini sud qarorini ijro qilishga Majburiy ijro byurosi mas'ul ekani bilan izohladi.

U tuman hokimligi va mutasaddilari tomonidan MIBga ijro harakatlarini tezlashtirish bo‘yicha bosim o‘tkazilganini inkor qildi.

«Zudlik bilan»

2–3 dekabr kunlari tuman hokimligi, Majburiy ijro byurosining Mirobod tumani bo‘limi mas'ullari va boshqa mutasaddilar ishtirokida bino-inshootlarni buzish ishlari boshlangan.

Shohista Mahmudovaning o‘g‘li Bahriddin Mahmudov «Ulfat» xususiy korxonasi tasarrufidagi bino-inshootlarning buzilishi haqida 1 dekabr kuni kechki payt ogohlantirilgani, ertasigayoq buzish jarayoni boshlangani, bu jarayonda sudning hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha Oliy sudga da'vo arizasi kiritilgani inobatga olinmaganini aytmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi o‘rinbosari B.Sayfullayev imzosi bilan «Ulfat» xususiy korxonasining nazorat shikoyati Oliy sudga kelib tushgani haqidagi rasmiy xatini tuman hokimligi va MIB ijrochilariga taqdim etgan. Biroq ular ijro harakatlarini to‘xtatishmagan – bino va inshootlar buzib tashlangan.

Davlat ijrochisi sud qarori ijrosi nima uchun bunchalik tezkorlik bilan amalga oshirilgani, tadbirkorga nega vaqt berilmaganini sudning hal qiluv qarorida ijro harakatlari darhol amalga oshirilishi belgilangani bilan izohladi.

«Sud qarori bilan, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi 532-uyda joylashgan, «Ulfat» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan do‘konga tutash bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan 1346 kvadrat metr joyda joylashgan savdo do‘konlari, shiypon, omborxona binolari, qorovulxonadan iborat ko‘chmas mulk buzilmoqda.

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasida ijro harakatlari qanday hollarda to‘xtatib turilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Qachonki sud qarori yuzasidan nizolashilayotgan bo‘lsa, vakolatli organ yoki sud tomonidan ijro harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarilgandagina ijro harakatlari to‘xtatiladi.

Shunga muvofiq, «Ulfat» xususiy korxonasining Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat berganini tasdiqlovchi ariza nusxasining o‘zi ijro harakatlarini to‘xtatish uchun asos hisoblanmaydi.

Hozir tadbirkor bu yerga kelganimizda sudga murojaat qilganini ma'lum qildi. Lekin ish Oliy sudda ko‘rib chiqilayotgani, bu jarayonda sud tadbirkorning da'vosini qanoatlantirishi ehtimoli mavjudligi ijro harakatlarini kechiktirib turishga asos bo‘lmaydi. Ijro harakatlari sud qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. U sudning asosli ajrimi va qarori bo‘lsagina to‘xtatib turilishi mumkin», – deydi MIB Mirobod tumani bo‘limi davlat ijrochisi Davron Kirgizov.

MIB ijroni kechiktirish bo‘yicha vakolati borligini unutdimi?

Biz yuz bergan hodisalarga kuzatuvchi sifatida nazar soldik, xolos. Kimnidir haq yoki nohaq deb baho ham bera olmaymiz, zero hokimlik va MIBning qo‘lida sud qarori turibdi: u ijro etilishi lozim. Ammo bino-inshootlarni buzish ishlari bu qadar oshig‘ich amalga oshirilayotgani biroz shubhalidek ko‘rinmoqda. Boz ustiga mulk egasi sud qarori ustidan Oliy sudga shikoyat kiritgan, yaqin kunlar ichida u ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Xalq orasida «Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi» degan gap yuradi. Darhaqiqat, bugun biz guvohi bo‘lgan manzarada ushbu naqlni MIBga nisbatan ishlatsak, xato qilmagan bo‘lamiz. Poytaxt hokimligidan yillar davomida tadbirkor-u fuqarolarning haqini undirib berishga yuragi betlamayotgan MIB navbat tadbirkorga kelganida qahramonlik qilmoqda.

Vaholanki, MIBchilar faoliyatini tartibga soluvchi qonunning 32-moddasida ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan obektiv holatlar bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi o‘z tashabbusi bilan yoxud taraflardan birining arizasiga ko‘ra, shuningdek taraflarning har biri mustaqil tarzda ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish hamda ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga murojaat qilishga haqlidir.

Lekin bugun MIB bu huquqidan foydalanmaydi, sababi uning ortida hokimlik turibdi, hokimlikning ra'yiga qarshi borishga esa yurak kerak.

Xulosa har kimning o‘zidan. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid