Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malayziyada o‘g‘irlangan ruhoniy ishi: uning rafiqasi hukumat va politsiyaga qarshi sudda g‘olib chiqdi
Ayol turmush o‘rtog‘ining o‘g‘irlanishidan 8 yil o‘tib, hukumat va politsiya ustidan g‘alaba qozondi. Endi davlat unga kamida 7,4 million dollar to‘lab berishi lozim. Yo‘qolgan turmush o‘rtog‘i ham qayta qidiriladi.
Raymond Koh 2017 yilda poytaxt Kuala-Lumpur chekkasida niqobli odamlar tomonidan o‘z mashinasidan tushirilib, o‘g‘irlab ketilgan. Uning qayerda ekanligi 8 yildirki, noma’lumligicha qolmoqda. Ruhoniyning oilasi esa uzoq vaqtdan beri uni politsiya olib ketganini ta’kidlab keladi.
O‘tgan hafta Malayziya Oliy sudi ruhoniy o‘g‘irlab ketilganini tasdiqlab, buning uchun hukumat va politsiyani aybdor deb topdi. Ish yuzasidan Malayziya sudi birinchi marta bunday qaror berdi.
Sud, shuningdek, davlat kamida 31 million ringgit, ya’ni 7,4 million dollar tovon to‘lashini belgiladi. Bu yo‘qolgan Kohning oilasiga topshirilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya. Yakuniy summa Malayziya huquq tarixidagi eng katta jarima summasi bo‘lishi kutilmoqda.
“Biz juda xursandmiz, adolatli va halol hukm borligi uchun yaratgandan minnatdormiz. Bu ruhoniy Raymondni qaytarib bermasa ham, bu oila uchun oqlanish va ish yopilishi, degani. Biz ushbu kurash va hukmni rahm-shafqatli, jasoratli Raymond Koh hamda zo‘rlik bilan yo‘qolganlarning barcha qurbonlariga bag‘ishlaymiz”, dedi ruhoniyning rafiqasi Syuzanna Lyu suddan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda.
Jamoatchilik faollaridan biri Amri Che Mat 2016 yil oxirida o‘g‘irlab ketilgan. Ruhoniy Koh esa 2017 yil boshlarida. Bir-biridan bir necha oy farq bilan sodir bo‘lgan bu voqealar Malayziya jamoatchiligining muhokamasi, tanqid va xavotirlariga sabab bo‘lib keldi.
Ruhoniyning ishi sarlavhalarda anchagina ustunlik qildi, chunki u kuppa-kunduzi, odamlarning ko‘z o‘ngida, o‘z mashinasidan tushirilib, o‘g‘irlab ketilgan. Videokuzatuv kameralariga bu holat tushib qolgan. Ikkala oila ham erkaklari politsiya tomonidan olib ketilganini aytgan, biroq politsiya buni doim rad etib kelgan.
Ularning g‘oyib bo‘lishi ikkita katta tergov boshlanishiga sabab bo‘ldi, biri Malayziyaning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi, ikkinchisi hukumat tomonidan o‘tkazildi. Ikkala tergov ham yakunda ular Malayziyada islom diniga tahdid sifatida qabul qilingani uchun politsiyaning maxsus bo‘limi tomonidan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan.
Ta’kidlanishicha, Koh musulmonlarga prozelitizm, ya’ni ularni o‘z dinidan boshqa dinga o‘tkazishga urinishda gumon qilingani uchun nishonga olingan. Kohning oilasi esa buni rad etadi.
Faol Amri Che Mat esa musulmon shia ekanligi sababli shubha ostiga olingani aytiladi. Ma’lumot uchun, Malayziyada ko‘pchilik islomning sunniy mazhabiga e’tiqod qiladi.
Raymond Koh va Amri Che Matning rafiqalari davlatga yetkazilgan zararni undirish va rasmiylarni erlarining qayerdaligini oshkor qilishga majbur qilish uchun alohida sudlarga murojaat qilgan.
O‘tgan hafta chorshanba kuni Oliy sud politsiya xodimlari, Malayziya qirollik politsiyasi va Malayziya hukumatini Kohni o‘g‘irlab ketish uchun javobgar deb topdi. Sudya ruhoniyning rafiqasiga ruhiy iztiroblari uchun bir necha million dollar mukofot berishdan tashqari, Kohning g‘oyib bo‘lgan har bir kuni uchun, u o‘g‘irlab ketilgan paytdan boshlab va uning turgan joyi ma’lum qilingan kungacha 10 000 ringgit, ya’ni 2385 dollardan to‘lanishi haqida ham qaror qabul qildi.
Sudga ko‘ra, tergov qayta boshlanishi, Kohning qayerdaligi aniqlanishi kerak. 5 noyabr holatiga ko‘ra, zararning umumiy miqdori taxminan 31,8 million ringgitni tashkil qiladi. Syuzanna Lyuning advokatlariga ko‘ra, yakuniy ko‘rsatkich Malayziya tarixidagi eng katta kompensatsiya to‘lovi bo‘lishi kutilmoqda.
Pullar bankka topshiriladi, Lyu va uning bolalariga foydalanish huquqi beriladi. Oliy sud Amri Che Matning o‘g‘irlanishi uchun ham hukumat va politsiyani javobgar deb topdi. Matning rafiqasiga taxminan 3 million ringgit pul beriladigan bo‘ldi.
“G‘amginligim saqlanib qoladi, chunki turmush o‘rtog‘im Amrining qayerda ekanligi noma’lum. U tirikmi, o‘lganmi yoki sog‘lig‘i yaxshimi, degan savollar haligacha javobsiz. Biz chin dildan umid qilamizki, aybdorlar qilgan ishlari uchun albatta javob berishadi”, deydi Matning rafiqasi.
Malayziya Bosh prokurori palatalari ikkala qaror ustidan ham shikoyat qilishini ma’lum qildi.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Mavzuga oid
09:58
Mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish tartibi soddalashtiriladi
12:03 / 24.03.2026
Italiyada sud tizimi islohoti referendumda rad etildi
12:08 / 19.03.2026
Qashqadaryo viloyat sudi nishonlik fermerning murojaati yuzasidan izoh berdi
21:49 / 18.03.2026