O‘zbekiston | 12:08 / 19.03.2026
2969
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyat sudi nishonlik fermerning murojaati yuzasidan izoh berdi

“Bobur” fermer xo‘jaligining da’volari rad etilishiga sabablar ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Qashqadaryo viloyati sudlari Nishon tumanidagi “Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshevning Kun.uz'da yoritilgan murojaati yuzasidan rasmiy munosabat e’lon qildi.

Unda aytilishicha, sudlar tomonidan “Bobur” fermer xo‘jaligining ariza talabini rad etishda quyidagi holatlar sabab bo‘lgan:

  • “Bobur” fermer xo‘jaligi tomonidan nizolashilayotgan 86-konturdagi 36,09 gektar yer maydonlari uning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va nizoli yer maydoniga nisbatan uning huquqi vujudga kelmagan.
  • “Bobur” fermer xo‘jaligi tomonidan yer maydoniga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi yer ijara shartnomasi sudga taqdim etilmagan.
  • Xalq deputatlar Nishon tuman Kengashining 2019 yil 18 maydagi qarori bilan yer uchastkasi tuman zahirasiga qaytarilgan va ushbu qaror arizachi tomonidan nizolashilmagan.
  • “Bobur” fermer xo‘jaligi tomonidan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 186-moddasida belgilangan sudga murojaat qilish muddatini uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyat Fermerlar kengashining 2026 yil 2 mart kuni taftish tartibidagi shikoyati Qashqadaryo viloyati ma’muriy sudining 5 martdagi ajrimiga binoan qaytarilgan, bunga esa shikoyat Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgani va o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud emasligi sabab bo‘lgan.

“Yerga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng vujudga keladi va shundagina mavjud bo‘lgan huquq qonun bilan himoya qilinadi.

Bugungi kunda esa, mazkur yer uchastkasidan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan holda bir necha yildan buyon boshqa bir tadbirkor unumli foydalanib kelmoqda”, – deyiladi Qashqadaryo viloyati sudlari bayonotida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid