Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Buyuk do‘st» va trillionlar. Muhammad bin Salmonning AQShga tashrifi qanday o‘tdi?
Donald Tramp yetti yil deganda ilk marta Oq uyga kelgan Saudiya valiahd shahzodasini noodatiy dabdaba bilan kutib oldi. Tomonlar AI chiplar va mudofaa kelishuvi imzoladi: qirollik F-35ʼlarni oladi. Bin Salmon AQShga kiritiladigan sarmoyani 1 trillion dollarga oshirdi, Tramp yanada ko‘proq so‘radi. Jurnalistlar bilan uchrashuvda esa Qoshiqchining o‘limi asosiy mavzu bo‘ldi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni – boshqa davlatlarga kamdan-kam qilinadigan katta dabdaba bilan kutib oldi. Oq uy oldida faxriy qorovul saf tortdi, to‘plardan salyut otildi va AQSh harbiy samolyotlarining Vashington uzra parvozi bilan tashrif boshlandi.
Kelishuvlar, hamkorlik va qurollar
AQSh va Saudiya Arabistoni imzolagan asosiy hujjat – «Yaqin Sharq bo‘ylab tiyib turish qobiliyatini mustahkamlaydigan», AQSh mudofaa sanoati kompaniyalarining qirollikdagi faoliyatiga doir Strategik mudofaa kelishuvidir. Biroq mazkur kelishuv Saudiya xohlagan – Kongress tomonidan ratifikatsiya qilinadigan NATO uslubidagi shartnomaga to‘liq mos kelmagan.
Uchrashuvda Tramp F-35 qiruvchi samolyotlarini kelajakda yetkazib berishni ma’qulladi, Saudiya esa AQShdan 300 ta tank xarid qilishga rozi bo‘ldi. Riyod 48 ta F-35 qiruvchilarini so‘ragan. Reutersʼning yozishicha, qirollikka birinchi marta sotilayotgan ushbu samolyotlar – Isroilning «sifat jihatdan harbiy ustunligi» talqinini sinovdan o‘tkazadi.
Bundan tashqari, tomonlar fuqaroviy yadro hamkorligi bo‘yicha muzokaralarning yakunlanganini tasdiqlovchi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Riyod AQSh yadro texnologiyasiga kirishni istamoqda, biroq Vashingtonning uranni boyitish va qayta ishlashdan voz kechish talabi bo‘yicha qarshilik ko‘rsatmoqda.
Oq uy aytishicha, ikki tomon sun’iy intellekt bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi va muhim minerallar bo‘yicha hamkorlik doirasini ham belgilab olgan.
Uchrashuvdagi yana bir shov-shuvli va’dani Bin Salmon berdi. U AQShga kiritiladigan Saudiya investitsiyalarini 600 milliard dollardan 1 trillion dollarga yetkazishga va’da berdi. Biroq muddat va tafsilotlarini aytmadi.
Oq uydagi noqulay savollar va «Qoshiqchi mavzusi»
18 noyabr kuni Oq uydagi asosiy muzokaralar medianing kun tartibida bo‘lishiga asosiy sabab – saudiyalik marhum jurnalist Jamol Qoshiqchi edi. Qirollikning tanqidchisi bo‘lgan jurnalist 2018 yil oktabr oyida Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulxonasida o‘ldirilgan.
Kutilganidek, Oq uy jurnalistlari Trampni ham, MBSni ham ayab o‘tirmadi. Xususan, ABC News muxbiri Meri Bryus prezidentlarga Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishiga shahzodaning aloqasi, «11 sentabr voqealari» va Tramp oilasining qirollikdagi bizneslari haqida savollar berdi.
Donald Tramp bu savollarga keskin javob qaytardi. «Mehmonimizni bunday savollar bilan sharmanda qilishingiz shart emas», dedi. Shuningdek, savollardan jahli chiqqan Tramp jurnalist ishlaydigan ABC News kanalini «feyk xabarlar tarqatadigan eng yomon nashr» deb atadi.
«Meni oilaviy biznesga hech qanday aloqam yo‘q. Men u yerdan ketganman va energiyamning 100 foizini ishga bag‘ishlaganman. Oilam hamma joyda biznes qiladi. Aslida ular Saudiya Arabistoni bilan juda oz ish qilgan, menimcha ular juda ko‘p ish qilishi ham mumkin”, dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp Qoshiqchini «juda bahsli odam» deb atadi. «Voqealar sodir bo‘ladi, lekin u (valiahd shahzoda) bu voqeada hech narsani bilmagan va biz shu bilan yakunlaymiz», dedi Tramp. Aslida esa AQSh razvedkasi bu qotillik – shahzodaning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan, degan xulosaga kelgan.
Oq uyga yaxshilab tayyorlanib kelgan Bin Salmon savollar vaqtida o‘zini xotirjam tutishga harakat qildi. Uning aytishicha, 11 sentabr teraktida Usama bin Lodin AQSh-Saudiya munosabatlarini buzish uchun saudiyalik fuqarolardan foydalangan.
MBS, Qoshiqchining o‘ldirilishi borasida esa hukumati choralar ko‘rganini aytdi. «Biz Saudiya Arabistonida tekshiruvning barcha to‘g‘ri bosqichlarini bajardik. Tizimimizni, shunday hodisalar qaytarilmasligiga ishonch hosil qilish uchun yaxshiladik. Bu og‘riqli va ulkan xato edi», — dedi bin Salmon.
Suhbatda Tramp, qirollikning inson huquqlari borasidagi yutuqlarini maqtab qo‘ydi. Ammo aniq bir tafsilot keltirmadi.
Isroil va G‘azo masalasi
Oq uydagi uchrashuvda G‘azodagi vaziyat va Isroil bilan munosabatlar masalasi ham ko‘tarildi. Tramp G‘azoning «Tinchlik kengashi» bir nechta davlat rahbarlaridan tarkib topishini aytib, «uylariga qaytayotgan» G‘azo aholisiga minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, G‘azo hozir oldingiga qaraganda ancha xavfsiz.
Muhammad bin Salmon uning mamlakati Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish uchun Falastin davlatiga «aniq yo‘l» kerakligini aytdi.
«Biz Ibrohim kelishuvlarining bir qismi bo‘lishni istaymiz. Ammo ikki davlat yechimi bo‘yicha aniq yo‘lga ega ekanligimizga ishonch hosil qilmoqchimiz,» dedi MBS Oval kabinetda.
«Buyuk do‘st» va ittifoqchi
18 noyabr kuni qiyin savollardan keyin Oq uyda rasmiy tushlik bo‘ldi. Unda Tramp yig‘ilganlarga murojaat qilib, valiahd shahzodani «buyuk do‘st, yetakchilik, jasorat va kuchga ega inson» deb atadi.
Tadbirga shuningdek, Ilon Mask kabi yuzlab biznes yetakchilari, Krishtianu Ronaldu kabi futbol yulduzlari ham taklif qilindi. Tramp «o‘g‘lim – Ronalduning katta ishqibozi», deb uni alqab qo‘ydi.
Aynan ushbu kechada Donald Tramp Saudiya Arabistoniga NATOga kirmagan AQShning asosiy ittifoqchisi (Major Non-NATO Ally) maqomi berilishini aytdi. «Bu orqali ikki davlat harbiy hamkorligi yanada balandroq bosqichga ko‘tarilyapti», dedi AQSh yetakchisi. Bu maqom Saudiyaga harbiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi, biroq xavfsizlik kafolatini bermaydi.
Trampning ta’kidlashicha, iyun oyida AQSh tomonidan Eron yadroviy obektlariga berilgan zarbalar Saudiya Arabistonini yanada xavfsiz qilgan.
AQSh–Saudiya investitsiya sammiti
Aytish joiz bo‘lsa, tashrifning eng “foydali kunlari” ertasiga sodir bo‘ldi. Saudlar Vashingtonda AQSh–Saudiya investitsiya sammitini uyushtirdi. Unga ikki yetakchilardan tashqari, Amerika korporativ dunyosining eng qudratli rahbarlari, yetakchi biznesmenlar tashrif buyurdi.
MBS sammitdan bir kun oldin AQShga kiritiladigan investitsiyalarni 600 milliard dollardan 1 trillion dollarga oshirishini aytgandi. Forumda nutq so‘zlagan Donald Tramp esa undan yana-da ko‘proq pul so‘radi.
«Biz suratga tushayotganimizda men unga, ʼBuni 1,5 trillion dollar qila olasizmi?ʼ deb aytdim. Endi u bu haqda o‘ylashi kerak», dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp ikki davlat «dunyodagi eng katta, eng qudratli, eng innovatsion sun’iy intellekt ekotizimini qurish uchun yaqindan hamkorlik qilishini» bildirdi.
Kimlar bilan qanday kelishuvlar bo‘ldi?
Saudiya Arabistoni Investitsiya vazirligi chorshanba kuni tarqatgan bayonotida qirollik va AQSh o‘rtasida 267 milliard dollardan ortiq kelishuvlar va bitimlar tuzilganini aytdi. Biroq bu bitimlarning barchasi amalda bajariladi degani emas.
Xususan, Ilon Maskning xAI kompaniyasi va Nvidia – Saudiya davlatiga qarashli Humain kompaniyasi bilan qirollik hududida ma’lumot markazi qurish uchun hamkorlik qiladi.
Humain, shuningdek Blackstone, Global AI, AMD va Cisco bilan ham bitimlar tuzdi. Saudlarning kompaniyasi Nvidia'ning AI chiplaridan 600 ming dona sotib olishni ham reja qilgan.
Bundan tashqari, MP Materials AQSh Mudofaa vazirligi va Saudiya davlat konchilik kompaniyasi Maaden bilan birgalikda qirollikda noyob yer elementlari uchun qayta ishlash zavodi quradi.
Neft giganti Saudi Aramco ham yirik AQSh kompaniyalari bilan qiymati 30 milliard dollardan oshishi mumkin bo‘lgan 17 ta o‘zaro memorandum va kelishuvlar imzolagan.
Yana nimalar bo‘ldi?
Muhammad bin Salmon AQShga tashrifining ikkinchi kunida Kongress a’zolari bilan ham uchrashdi. Bin Salmonga AQSh Kongressida ko‘rsatilgan munosabat boshqa dunyo liderlariga beriladigan qabulga qaraganda sustroq bo‘ldi. Xususan, tadbir e’lon qilinmadi va unga OAV vakillari kiritilmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Sudandagi davom etayotgan gumanitar inqirozga e’tibor qaratish niyatini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu masalani Saudiya valiahd shahzodasi Trampdan iltimos qilgan.
«Janobi oliylari Sudanga oid juda kuchli bir ish qilishimni xohlaydi. Bu masalaga aralashish rejalarimda yo‘q edi. Ammo siz va bu xonadagi ko‘plab do‘stlaringiz uchun bu qanchalik muhimligini ko‘ryapman», dedi Tramp.
Saudiya eplay oladimi?
AQShga 1 trillion dollarlik investitsiya kiritish – Saudiya Arabistoni uchun oson bo‘lmaydi. Chunki qirollikda futuristik megashaharlar, 2034 yil Jahon chempionati uchun stadionlar kabi juda qimmat va kechikayotgan loyihalarga allaqachon katta xarajatlar qilinmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, uning keng hududlari va energiya resurslari AI infratuzilmasini qurish uchun hal qiluvchi omillar hisoblanadi.
Trampning o‘zi ham Saudiya Arabistoni bilan biznes aloqalaridan naf ko‘rishi mumkin. U va uning bir nechta yaqin maslakdoshlari ko‘chmas mulk va boshqa investitsiya sohalarida Saudiya hamkorlari bilan biznes bitimlar tuzgan. Ammo seshanba kuni Oq uydagi uchrashuvda Tramp manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini rad etdi.
Mavzuga oid
18:28
Xitoy asoschisi Mao haqidagi muhim ma’lumotlar aks etgan hujjatlar AQSh hududida qoladi
12:44
Rubio: AQSh NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi
08:33
Tramp: AQSh Eron bo‘yicha maqsadiga yetdi, hujumlar tez orada to‘xtaydi
22:50 / 31.03.2026