Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Katanetsning yordamchilari O‘FAdan 350 ming yevro talab qilmoqda
O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanetsning uch nafar yordamchisi FIFAga ariza bilan murojaat qilib, 350 ming yevro tovon puli talab qildi. O‘FA bunga javoban Katanets ketganidan so‘ng ularning shartnomalari avtomatik bekor qilingani, bu xalqaro amaliyotga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.
Foto: O‘FA
O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanetsning uch nafar yordamchiisi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan (O‘FA) 350 ming yevro undirmoqchi, deb xabar tarqatdi Asia_SportUZ Telegram kanali.
Manbaga ko‘ra, sloveniyalik mutaxassislar Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Nizolarni hal qilish palatasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilib, ularga taxminan 350 ming yevro berilishi kerakligini aytgan.
Ular bilan shartnoma muddati 2026 yil yoziga qadar mo‘ljallangandi, biroq bu kelishuv Fabio Kannavaro boshchiligidagi yangi murabbiylar shtabi tayinlanganidan keyin bekor qilingan.
Ularga yoshlar jamoalari bilan ishlash imkoniyati taklif qilingan, biroq ular kelishuv milliy jamoani jahon chempionatiga tayyorlash uchun maxsus tuzilganini aytib, rad javobini berishgan.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bunga javoban sobiq bosh murabbiy yordamchilarining shartnomalari shartnomalardagi «bosh murabbiyning mehnat shartnomasi bekor bo‘lganda yordamchi murabbiylarning ham shartnomasi bir vaqtning o‘zida bekor bo‘lishi» bandiga muvofiq avtomatik tarzda bekor qilinganini ma’lum qildi.
«Sobiq bosh murabbiy shartnomasining taraflarning roziligi bilan bekor bo‘lishi va jamoaga yangi murabbiylar shtabining kelishi sobiq murabbiylar shtabi a’zolarining shartnomalarining ham bekor bo‘lishiga olib keladi», – deyiladi xabarda.
Assotsiatsiya bunday bandning mehnat shartnomalariga kiritilishi FIFA va Sport arbitraj sudi (CAS) yurisprudensiyasiga ko‘ra odatiy amaliyot hisoblanishini ta’kidlagan.
Sport tashkiloti shtabning sobiq a’zolariga boshqa yosh guruhlari bilan ishlashni davom ettirish taklif qilinganini tasdiqladi, ammo «ular taklifni rad etgan».
Ma’lumot uchun, Srechko Katanetsning murabbiylar shtabiga sloveniyalik besh nafar mutaxassis: assistentlar Alesh Chex va Vlado Radmanovich, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Martin Magister, darvozabonlar murabbiyi Nixad Peykovich va fizioterapevt Ian Katanets kiritilgan.
Srechko Katanets O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga 2021 yil avgust oyida kelgandi, ammo 2025 yil yanvarida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli u ishini davom ettira olmadi. Uning o‘rniga Timur Kapadze vaqtincha bosh murabbiyga aylandi, u Katanets shtabi a’zolari bilan birga O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga olib chiqdi.
Ammo O‘FA mundialga xorijlik taniqli mutaxassis bilan borishga qaror qildi va oktyabr oyida italiyalik Fabio Kannavaro bilan 2+3 ko‘rinishida shartnoma tuzildi, Kapadze esa unga yordamchi murabbiy sifatida olib qolindi.
Mavzuga oid
21:08 / 17.12.2025
FIFA O‘zbekiston milliy jamoasiga kamida 10,5 mln dollar to‘laydi
00:07 / 06.12.2025
O‘zbekistonning JCh-2026 guruh bosqichidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi
22:55 / 01.12.2025
Superkompyuter O‘zbekistonning JCh-2026 g‘olibi bo‘lish imkoniyatiga baho berdi
23:12 / 25.11.2025