Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
So‘nggi kunlarda Afg‘oniston tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida Xitoyning Tojikistonda ishlayotgan besh fuqarosi halok bo‘ldi, shunchasi yaralandi. Endi Tojikiston chegarani birgalikda qo‘riqlash uchun Rossiyaning Tojikistonda joylashgan 201-harbiy bazasini jalb qilishi mumkin.
Foto: Asia-Plus
Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bilan afg‘on chegarasida qo‘shma patrullik qilish uchun rossiyalik harbiylarni jalb etish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb yozdi Reuters o‘z manbalariga tayanib.
O‘tgan hafta davomida Afg‘oniston tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida Xitoyning Tojikistonda ishlayotgan besh fuqarosi halok bo‘ldi, shunchasi yaralandi. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 1 dekabr kuni respublika kuch tuzilmalari rahbarlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazdi, unda Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat va uning qo‘riqlanishini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Respublika Xavfsizlik kengashidagi manbaning Reuters agentligiga aytishicha, KXShT kuchlarini jalb qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinmagan va ko‘rib chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni bilan tojik-afg‘on chegarasini birgalikda patrul qilish uchun Rossiyaning Tojikistonda joylashgan 201-harbiy bazasini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
«Biz hozircha (KXShT bilan) muzokaralar olib bormoqdamiz va ular ko‘rib chiqish bosqichida», dedi manba va qaror shu hafta ichida qabul qilinishini istisno etmadi.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi Reuters manbalari Rossiya bilan 201-harbiy bazani chegarani birgalikda qo‘riqlashga jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi. Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, gap 201-bazaning aviatsiya guruhini jalb qilgan holda vertolyot patrul xizmati haqida ketmoqda.
Rossiyaning Tojikistondagi bazasi 2000-yillarning boshiga qadar tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash bilan shug‘ullangan, uning uzunligi 1 344 km bo‘lib, tog‘li hududlardan o‘tadi. 2000-yillarning boshidan beri Tojikiston chegarani mustaqil ravishda qo‘riqlaydi.
Hozir KXShT a’zolari soni oltita - Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston va Armaniston.
Mavzuga oid
20:35 / 01.04.2026
O‘zbekiston Rossiya aviakompaniyalari uchun asosiy xalqaro yo‘nalishga aylandi
13:21 / 01.04.2026
Qrimda harbiy samolyot qulab, 30 kishi halok bo‘ldi
20:56 / 31.03.2026
Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy
09:40 / 31.03.2026