O‘zbekiston | 20:57 / 12.12.2025
18893
3 daqiqa o‘qiladi

Retsepsiz sotiladigan dorilar ro‘yxati e’lon qilindi

Ro‘yxatdan allergiyaga qarshi vositalar, shamollash va O‘RV kasalliklarini davolash uchun dorilar, jig‘ildon qaynashini davolash uchun vositalar, vitaminlar va polivitaminlar, surgi vositalari, og‘riqni qoldiruvchi va isitma tushiruvchi vositalar antiseptiklar o‘rin olgan.

Foto: iStock

Sog‘liqni saqlash vazirligi «tibbiyot amaliyotida eng ko‘p qo‘llanayotgan» retsepsiz beriladigan dorilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hozirga kunda 1846 turdagi retsepsiz beriladigan dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, vazirlik matbuot xizmati keltirgan jadvalda tibbiyot amaliyotida eng ko‘p qo‘llanayotgan dorilar keltirilgan.

Ro‘yxatdan allergiyaga qarshi vositalar, shamollash va O‘RV kasalliklarini davolash uchun dorilar, jig‘ildon qaynashini davolash uchun vositalar, vitaminlar va polivitaminlar, surgi vositalari, og‘riqni qoldiruvchi va isitma tushiruvchi vositalar antiseptiklar o‘rin olgan.

Xususan, paratsetamol, analgin, tsitramon, taylol, teraflyu, tempalgin va spazmalgon kabi dorilarni retsepsiz olish mumkin. Shuningdek, ro‘yxatda shamollash va yo‘talga qarshi sirop va tabletkalar, antigistamin vositalar (suprastin, diazolin, loratadin) va antiseptik vositalar mavjud.

Dori vositalarini (retsept bilan yoki usiz) berish shartlari va qoidalarini Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining saytida topish mumkin.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi saytidan skrinshot
Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi saytidan skrinshot

Shu kunlarda «Elektron retsept» tizimi joriy etilgani ortidan shifoxonalarda tartibsizlik yuzaga kelgani, shifokorlar esa retsept yozolmayotgani haqida xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. «Elektron retsept» tizimi hozir Toshkent shahri va 15 ta tumanda joriy etilgan. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

12 dekabr kuni vazirlikda ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga javoban ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Guruh tarkibiga shifokorlar, farmatsevtika vakillari va IT mutaxassislari kirgan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydiki: favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Telegram’da dorixonalardan dori olish tartibi bilan bog‘liq so‘rovlar ustuvor bo‘ladigan @ssv_pilotbot boti ham ishga tushirildi.

Faqat retsept bo‘yicha beriladigan preparatlar reyestrida esa 12815 ta dori nomlari va dozalari mavjud.

Mavzuga oid