Jamiyat | 15:31 / 05.05.2021
5220
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ta'lim tizimida Finlandiya tajribasi yo‘lga qo‘yiladi

5 may kuni AOKAda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov Finlandiyaning majburiy ta'lim dasturi o‘zbek tiliga tarjima qilingani haqida xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta'lim tizimida o‘quv dasturlari uzviyligini ta'minlash bosqichlari sxemasi» ishlab chiqildi. Mazkur sxema asosida Finlandiyaning majburiy ta'lim dasturi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ayni paytda o‘rganib chiqilmoqda. Finlandiya tajribasi asosida fanlar kesimida barcha ta'lim turlarida o‘tiladigan mavzular bo‘yicha tahliliy qiyosiy jadvallar, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta'lim muassasalari uchun uzviyligi ta'minlangan o‘quv dasturlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqand davlat universiteti va Finlandiyaning Turku universiteti o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, SamDU qoshida O‘zbek-fin pedagogika instituti ochilishi rejalashtirilgan. O‘zbek maktablariga 30 nafar fin o‘qituvchilar jalb etiladi», dedi inspeksiya vakili.

Bugungi kunda ekspertlarning o‘rganishlari asosida tayyorlangan o‘quv dasturlari konsepsiyasi hamkor vazirliklar metodist va mas'ullar tomonidan tahrirlanib, umumiy majmua holatiga keltirilgan. Navbatdagi bosqichda mazkur majmua nufuzli mutaxassis olimlar tomonidan taqrizlanadi, xorijiy mutaxassislar fikrlari olinadi va vazirliklar tomonidan tasdiqlanadi.

Jarayon yakunida o‘quv dasturlari ta'lim jarayoniga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi. «Uzluksiz ta'lim dasturlari» majmuasida 22ta fan kesimida uzluksiz ta'lim tizimida uzviylikni ta'minlash konsepsiyasi, maktabgacha ta'lim tizimida 6-7 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashga mo‘ljallangan «Ilk qadam» va «Ilm yo‘li» variativ dasturlari, umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun «Milliy o‘quv dasturlari», akademik litseylar va Kasb-hunar maktablari uchun o‘quv dasturlar, oliy ta'lim muassasalari uchun o‘quv dasturlari shakllantiriladi.

Mavzuga oid

E`lonlar