Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BAAdagi o‘zbekistonliklar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda - TIV
Bosh konsulxona Dubay shahrida bo‘lib turgan fuqarolardan vaqtinchalik konsullik hisobiga turish anketasini to‘ldirishni so‘radi.
O‘zbekiston TIV Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan BAA, xususan, Dubay shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.
Unda xavfsizlik nuqtayi nazaridan mahalliy qonun-qoidalar va rasmiy idoralar ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish, faqat rasmiy axborot manbalariga tayanish kerakligi aytilgan.
Bosh konsulxona Dubay shahrida bo‘lib turgan fuqarolardan quyidagi havola orqali o‘tib vaqtinchalik konsullik hisobiga turish anketasini to‘ldirishni so‘radi. Qayd etilishicha, ushbu ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlarni yangilash va Dubay shahrida vaqtinchalik bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining taxminiy sonini aniqlash, shuningdek, zarurat tug‘ilganda tezkor aloqani ta’minlash uchun zarur. Mazkur hisobga olish faqatgina axborot xususiyatiga egaligi, evakuatsiya bilan bog‘liq emas.
Vazirlik BAAdagi o‘zbekistonliklar xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
«Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda BAAdagi diplomatik vakolatxonalari fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda», – deyiladi xabarda.
O‘zbekiston diplomatlari BAAdagi vatandoshlardan vakolatli organlarning talab va tavsiyalariga qat’iy rioya qilishni hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni e’lon qilmaslikni ham so‘ragan.
Bundan oldinroq O‘zbekiston TIV Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sababli mintaqadagi fuqarolar uchun tavsiyalarni, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar bilan bog‘lanish uchun tezkor aloqa raqamlarini e’lon qilgandi.