O‘zbekiston | 10:10 / 05.10.2017
54057
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz tozalamasak, kim tozalaydi». U endi Majburiy mehnatga qarshi komissiyaga rahbarlik qiladi

Foto: Kun.uz

2017 yil 4 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 12-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar muhokamasiga 8 masala qo‘yildi. Shulardan biri “O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash to‘g‘risida” qarori muhokamasi bo‘ldi. 

Senat tomonidan ma'qullangan qarorga muvofiq, yangi tashkil etilgan parlament komissiyasi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha, shu jumladan majburiy mehnatdan foydalanishni taqiqlovchi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini va xalqaro shartnomalarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, biror-bir shaklda majburiy mehnatni keltirib chiqaradigaan holatlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek mazkur sohadagi ishlar holati va olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida keng jahon hamjamiyati e'tiboriga ishonchli axborot yetkazib berish maqsadida tashkil etildi. 

Senator Svetlana Ortiqova rahbarligidagi Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha Parlament komissiyasi davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari buzilishining, shu jumladan majburiy mehnatdan foydalanishining oldini olish ustidan parlament monitoringi yuritilishini hamda jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ta'minlaydi. 

Senat qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari tarkibida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha hududiy komissiyalari tuziladi.

Mazkur hududiy komissiyalar joylarda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga, shu jumladan majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka doir keng tushuntirish ishlarini olib boradi. Bu borada joylardagi muammolarni va kamchiliklarni o‘rganib boradi. 

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat mehnat huquqlariga rioya etilishini ta'minlash, shu jumladan majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik uchun ta'sirchan nazoratni ta'minlash maqsadida parlament, deputatlik hamda jamoatchilik nazoratining barcha shakllaridan foydalanadi. Agar qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ular bo‘yicha axborotlarni belgilangan tartibda ta'sir choralarini qo‘llash uchun bandlik va mehnat munosabatlarining hududiy organlari va prokuratura organlariga taqdim etadi. 

Parlament komissiyasi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga, shu jumladan majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka doir O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarini bajarish yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan yiliga kamida bir marta Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi muhokamasiga kiritib boradi.

Bundan tashqari, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha qator choralar tasdiqlandi. Xususan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash borasida respublikada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotni BMT Bosh Assambleyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatishi belgilandi.
 
Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda bu borada olib borilayotgaan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risidagi axborotni chet eldagi konsullik muassasalari orqali jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar e'tiboriga yetkazish yuzasidan ta'sirchan chora-tadbirlarni ko‘rishi belgilandi. 

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Svetlana Ortiqova Xalqaro press-klub va «Biz uchun muhim» hamkorligida o‘tkazilgan, Oliy Majlis Senati a'zolarining yarim yillik faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuvda qatnashgan va jurnalistlarning savollariga javob qaytargandi.

O‘shanda senator jurnalistning o‘qituvchilar, shifokorlar va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarining ko‘cha tozalash ishlariga jalb etilishiga izoh so‘rashiga kutilmagan tarzda javob qaytargandi.

«Siz bilan biz yashaydigan yerning yuzini siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi? Toshkentda chiqindi tashiydigan maxsus avtomobillar to‘lib ketib, chiqindilarni tashishga ulgura olmayapti.Tozalash ishlarini ham kimdir qilishi kerak-ku?», degandi u.

Mavzuga oid