O‘zbekiston | 16:13 / 04.09.2024
8611
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda soliqchilar 2-sinf o‘quvchilari orqali soliq to‘lovchilarga eslatma-xat yo‘lladi

Nishon tumanida soliq xodimlari “Birinchi qo‘ng‘iroq” kunida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mol-mulk va yer soliqlari haqida eslatma-xat tarqatib, uni ota-onalariga yetkazishlarini so‘radi. Xodim bolalarga soliqni qachon va qanday to‘lash kerakligini tushuntirib, Konstitutsiyadan iqtibos keltirgan. Soliq qo‘mitasi holatni qoralab, tekshiruv boshlanganini bildirdi. Bolalar ombudsmani mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.

Internetda tarqalgan videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tumani soliq inspeksiyasi xodimlari maktab o‘quvchilaridan ota-onalariga soliqlarni vaqtida to‘lashni yetkazishni so‘rab, xabarnoma tarqatgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda keltirilishicha, soliq xodimlari buni 2-sinf o‘quvchilaridan so‘ragan.

“Assalomu alaykum, hurmatli o‘quvchilar. Avvalambor, hammalaringni bayramlaring bilan, yangi o‘quv yili bilan tabriklaymiz. O‘qishlaringga omad. Bizlar Nishon tuman soliq inspeksiyasidan kelyapmiz. Sizlarga iltimos, eslatma. Hammalaring ota-onalaringga olib borasizlar, yashab turgan uy-joylaringning mol-mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefondan “Soliq” ilovasidan foydalanib to‘lash kerak. Hozir tarqatib chiqadi. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib soliqqa hisoblab to‘laydi. Bir yilda soliq ikkiga bo‘lib to‘lanadigan bo‘lsa, bir qismi 15 aprel, qolgan yarmi 15 oktyabrga qadar [to‘lanishi kerak] deb aytib o‘tilgan. Shu oydan soliqlarni hisoblatib, to‘lab kelish talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliq va yig‘imlarni to‘lashi shart deb aytilgan, tushundinglarmi? Iltimos sizlardan”, – deydi xodim.

Videoda boshqa bir soliq organi xodimi eslatma xatlarini tarqatib chiqqani ko‘rinadi.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, Qashqadaryo viloyatidagi holatni noo‘rin deb hisoblashi va keskin qoralashini ma’lum qildi.

“Qashqadaryo viloyatida soliq organlari tomonidan maktab o‘quvchilariga yer va mol-mulk soliqlarini to‘lash to‘g‘risida eslatmalar berilgani yuzasidan videolar tarqatildi. Ta’kidlab o‘tamiz, davlat soliq xizmati organlari bunday xatti-harakatlarni noo‘rin deb hisoblaydi va keskin qoralaydi. Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarning harakatlari yuzasidan soliq tekshiruvlari tayinlandi va barcha hududiy soliq organlariga ogohlantirishlar berildi”, – deydi qo‘mita matbuot kotibi Dildora Hoshimova o‘z videobayonotida.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari buzilishiga oid bu holatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

“Maktab o‘quv jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan begona shaxslarni ta’limga oid tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi – mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!

Bolalar o‘z ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas!

Bu bolaning Konstitutsiya va qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga ziddir.

Bunday nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga tegishli tarzda chora ko‘rilishi shart”, – deb bayonot berdi bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Mavzuga oid