O‘zbekiston | 19:53 / 14.07.2021
19569
2 daqiqa o‘qiladi

Ish haqidan daromad solig‘i to‘layotganlarning 62 foizi 2 mln so‘mgacha oylik oladi

2021 yilning may oyida 4,6 mln o‘zbekistonlik ish haqidan daromad solig‘i to‘lagan. Ularning 38 foizi 1 mln so‘mgacha (100 dollardan kam) oylik oladi, 24 foizining maoshi esa 1–2 mln oralig‘ida. Bu haqdagi ma'lumotlar Moliya vazirligi hisobotida keltirib o‘tilgan.

2021 yilning o‘tgan 6 oyida O‘zbekistonda 4 mln 647 ming 900 kishi ish haqidan daromad solig‘i to‘lagan. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 4 mln 161 ming 300 nafarni tashkil etgan.

Moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, joriy yilning 1-yarim yilligida respublikada daromad solig‘i to‘lovchilar soni 486 ming 600 nafarga ko‘paydi.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur soliq to‘lovchilar umumiy sonining 42 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelib, ularning jami mehnatga haq to‘lash fondi 34,7 foizni tashkil etdi (yanvar-may).

2021 yilning o‘tgan 6 oyida O‘zbekistonda 4 mln 647 ming 900 kishi daromad solig‘i to‘lagan (o‘tgan yili mayda 4 mln 161 ming 300 kishi).

Yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 8,8 trln so‘mni (o‘sish 1,5 trln so‘m), jumladan, ish beruvchilar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliq 8,1 trln so‘mni (o‘sish 1,3 trln so‘m) tashkil etdi.

Ma'lum qilinishicha, tushumlarning o‘sishiga:

  • o‘tgan yilning II choragida joriy etilgan karantin cheklovlarining yumshatilishi;
  • iqtisodiy faollikning tiklanishi;
  • 2021 yil 1 fevraldan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10 foizga oshganligi;
  • 2021 yildan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tiklanganligi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid