Iqtisodiyot | 11:12 / 13.08.2025
6435
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlardan katta miqdorda pul yechib olgan. Qo‘mita buni «texnik nosozlik» bilan izohladi

Davlat soliq qo‘mitasi elektron soliq xizmatlari portalidagi texnik nosozlik sabab soliq qarzdorligi paydo bo‘lishi, mablag‘ yechib olinishi kabi noto‘g‘ri ma’lumotlar aks etayotganini ma’lum qildi. Nosozlik bartaraf etilgach, barcha ma’lumotlar tiklanishi va noto‘g‘ri yechilgan mablag‘lar qaytarilishi aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlardan asossiz ravishda mablag‘lar yechib olingani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

«Bizdan 200 million atrofida noqonuniy pul yechib olishdi, o‘zim auditorman, hamma tashkilotlarda shu ahvol»,  deb yozgan murojaatchilardan biri.

Davlat soliq qo‘mitasi elektron soliq xizmatlari (my3.soliq.uz) tizimida texnik nosozlik kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Qo‘mita shu sababdan portalda solishtirma dalolatnoma bo‘yicha soliq qarzdorligi paydo bo‘lishi, mablag‘ yechib olinishi va boshqalar kabi vaqtincha noto‘g‘ri ma’lumotlar aks etishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Vaziyat nazoratga olingan. Hozirda mutaxassislar mazkur muammoni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Nosozliklar bartaraf etilgach, barcha ma’lumotlar tiklanadi, noto‘g‘ri yechilgan mablag‘lar qaytariladi. Tushunganingiz uchun rahmat!»  deyiladi qo‘mita rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid