Iqtisodiyot | 18:58 / 13.08.2025
5277
2 daqiqa o‘qiladi

Texnik nosozlik sabab soliq to‘lovchilardan qariyb 400 mlrd so‘m yechib olingani ma’lum bo‘ldi

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik 30,1 ming soliq to‘lovchiga ta’sir ko‘rsatgan. Qo‘mita kun oxirigacha barcha pullar qaytarilishini bildirdi.

Soliq qo‘mitasi texnik xatolik sababli yechib olingan mablag‘lar soliq to‘lovchilarga qaytarilayotgani haqida xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ yechib olingan. Xususan: 

  • 7 203 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mgacha;
  • 10 165 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha;
  • 8 270 nafar soliq to‘lovchidan – 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha;
  • 3 780 nafar soliq to‘lovchidan – 10 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha;
  • 672 nafar soliq to‘lovchidan – 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha;
  • 10 nafar soliq to‘lovchidan – 1 mlrd so‘mdan ortiq  mablag‘lar yechib olingan.

Qayd etilishicha, soliq organlari mablag‘larni bugungi kun oxirigacha soliq to‘lovchilarning hisob raqamlariga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Xususan, soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq G‘aznachilikka yuborilgan.

«Mablag‘larni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi.

Shu bilan birga, tijorat banklarida hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Bugun soat 18:00 holatiga 20 608 ta sub’yektga 274,7 mlrd so‘m qaytarilishi ta’minlangan.

Mavzuga oid