O‘zbekiston | 21:14 / 14.04.2026
3418
3 daqiqa o‘qiladi

Bezorilik jinoyati uchun jazo og‘irlashtiriladi

Yangi normada uyushgan guruh tomonidan yoki badanga og‘ir shikast yetkazib sodir etilgan bezorlik uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

Foto: RIA Novosti

Bezorlik jinoyati uchun javobgarlik choralari yanada kuchaytirilishi mumkin. Bu haqda 14 aprel kuni Oliy Majlis quyi palatasida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Majlisda deputatlar uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga oid qonun loyihasini muhokama qildi. Amalda uyushgan guruhlar bezorilik sodir etgani uchun ko‘p hollarda yengil jazo olayotganini, bu esa jazosizlik muhiti shakllanishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida bezorilik jinoyati uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda. Hujjat asosida bir guruh shaxslar tomonidan, takroran qurol ishlatib yoki jamoat tartibini saqlayotgan shaxslarga qarshilik ko‘rsatgan holda sodir etilgan bezorilik uchun jazo kuchaytiriladi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasiga alohida 4-qism bilan to‘ldirish kiritish taklif etildi. Yangi normada uyushgan guruh tomonidan yoki badanga og‘ir shikast yetkazib sodir etilgan bezorlik uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. Amalda bezorlik oqibatida badanga qasddan og‘ir shikast yetkazganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, mansabidan foydalanib jinoiy guruhga homiylik qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Taklif jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilishni qo‘llamaslikni ham o‘z ichiga oladi. Agar jinoiy guruhni moliyalashtirgan shaxs hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabardor qilib, og‘ir oqibatlar oldini olishga yordamlashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Hujjatda jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarni noqonuniy ravishda tashkil etganlik yoki o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash normasi kiritilyapti. Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda uchta aralash jang (MMA) va shunga o‘xshash musobaqalar noqonuniy ravishda o‘tkazilgan. Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid