Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil yana “Hizbulloh” bilan urushyapti. Maqsad nima?
AQSh–Eron sulhining ro‘yobga chiqishiga Isroilning Livanga hujumlari to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Bunga javoban Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana chekladi. Oq uy sulh shartlari “Hizbulloh”ga ham taalluqli ekanini rad etyapti. Xo‘sh, Isroil bu safar Livanda nimaga erishmoqchi?
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritadi.
Shavkat Ikromov: Isroil avval ham Livan hududiga kirgan va 1985 yilda mamlakat janubini to‘liq egallagan holda, 2000-yilgacha bu yerda qolgan. O‘shanda Isroil o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan edi.
Biroq, 1985 yildan keyin “Hizbulloh” faollashib, Isroilga jiddiy talafot yetkazdi. Natijada Isroil deyarli mingga yaqin askarini yo‘qotib, Livanning janubidagi hozirgi nazorat hududlariga chekinishga majbur bo‘lgan edi. Lekin joriy yilning 3 aprelidan boshlab vaziyat keskin o‘zgardi.
Isroil Livan hududiga nisbatan keng qamrovli hujumlarni boshladi: quruqlikdan kirib borish, havodan zarbalar berish kabi harakatlar amalga oshirilmoqda. Rasmiy izohlarga ko‘ra, bu operatsiyalar “Hizbulloh”ni yo‘q qilish va uni qurolsizlantirish maqsadida olib borilmoqda.
Isroil bu hududda tinch aholiga aynan “Hizbulloh” tahdid solmoqda, deb hisoblaydi. Aslida, 2024 yilda Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida katta to‘qnashuv yuz bergan, shundan so‘ng G‘azodagi vaziyat fonida Livan va Isroil hukumatlari o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Livan hukumati “Hizbulloh”ni ichki imkoniyatlar orqali qurolsizlantirish majburiyatini olgan. Ammo Isroil fikricha, bu jarayon yakuniga yetmagan va “Hizbulloh” hanuz to‘liq qurolsizlanmagan. Shu sababli Isroil Livanning ichki ishlariga aralashgan holda “Hizbulloh”ga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirmoqda. Uning asosiy maqsadi – “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish.
Yaqin Sharq bo‘yicha kuzatuvchilar esa boshqacha fikrda. Ularning ta’kidlashicha, “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish faqat Livanni to‘liq nazorat ostiga olish bilangina amalga oshishi mumkin. Boshqa yo‘l bilan bunga erishish deyarli imkonsiz. Hozirning o‘zida Livanning janubiy hududlari asosan “Hizbulloh” faoliyat yuritadigan hududlar bo‘lib, Isroil ularni qisman nazorat ostida ushlab turibdi. Endi esa harakatlar butun Livan bo‘ylab kengayishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, 2023–2025 yillar davomida Isroil “Hizbulloh”ni sezilarli darajada zaiflashtirdi. Tashkilot hozir o‘z tarixidagi eng og‘ir bosqichlardan birini boshdan kechirmoqda: yetakchilarining yo‘q qilinishi va ketma-ket zarbalar tufayli u hali o‘z kuchini tiklab ulgurmagan.
“Hizbulloh”ning asosiy homiysi hisoblangan Eronda ham hozir vaziyat murakkab. Shu bois Tehron tashkilotni to‘liq qo‘llab-quvvatlay olmayapti. Shunga qaramay “Hizbulloh” hanuz faol va qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda.
Eron esa ushbu urushni kengroq strategiya doirasida ko‘rmoqda. U assimetrik urush sharoitida harakat qilayotganini yaxshi anglaydi, ya’ni kuchlar nisbati teng emas. Shuning uchun Tehron o‘z proksi kuchlarini, jumladan “Hizbulloh”ni faollashtirishga intilmoqda.
Sulh masalasida esa tomonlarning pozitsiyasi keskin farq qiladi. Eron “Hizbulloh”ga qarshi hujumlarni to‘xtatishni, ya’ni Livanga zarbalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Biroq Isroil bu taklifni rad etmoqda. Unga ko‘ra, bunday kelishuv bo‘lishi mumkin, lekin bu Isroil uchun majburiy emas. Natijada so‘nggi kunlarda hujumlar yanada kuchaygan.
Isroil rasmiylari “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish siyosatini davom ettirishlarini qat’iy ta’kidlamoqda. Biroq Isroilning o‘zida ham bunga nisbatan tanqidiy qarashlar mavjud. Ayrim sobiq harbiylar va ekspertlar 1985 yildagi holatni eslatib, yana janubga chekinish va hozirgi pozitsiyada qolish eng maqbul yo‘l ekanini aytmoqda. Ularning fikricha, butun Livanni egallashga urinish davlat uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, hatto halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shunga qaramay, Binyamin Netanyahu boshchiligidagi urush hukumati hozircha ortga chekinish niyatida emas va harbiy harakatlarni davom ettirishga qat’iy qaror qilgan.
Kamoliddin Rabbimov: Isroilning asosiy strategiyasi aniq: agar unga bitta hujum qilinsa, u bunga o‘n baravar, hatto yuz baravar kuchli javob qaytaradi. Ya’ni Isroilga hujum qilishning narxi nihoyatda yuqori bo‘lishi kerak, degan tamoyilga tayanadi. Bu yondashuv orqali u raqiblarini oldindan ogohlantiradi: har qanday hujum og‘ir oqibatlarga olib keladi.
2023 yil 7 oktyabridan keyin G‘azo katta vayronagarchilikka uchradi, biroq Hamas g‘oyaviy va mafkuraviy tashkilot sifatida yo‘qolib ketmaydi. Aksincha, G‘azo aholisi orasida unga nisbatan qo‘llab-quvvatlash kuchayishi mumkin. Chunki mintaqadagi jamiyatlar Isroil omili mavjud ekan, bu jarayonni ijobiy qabul qilmaydi.
Xuddi shunday holat “Hizbulloh” uchun ham xos. Agar Hamas nisbatan ixcham tuzilma bo‘lsa, “Hizbulloh” ancha yirik kuch bo‘lib, deyarli kichik bir davlat armiyasiga tenglashadi. Uning jangchilari soni 50 mingdan oshadi, yillik budjeti esa ayrim yillarda 700 million dollargacha yetgani aytiladi. Bu esa bitta tashkilot uchun nihoyatda katta resurs hisoblanadi va uning muhim qismi Eron tomonidan ta’minlab kelingan.
Agar Eron o‘zining proksi kuchlaridan voz kechsa, uning mintaqadagi ta’siri keskin pasaya boshlaydi. Hozirgi vaziyatda esa Eron strategik jihatdan muhim hududlarga ta’sir o‘tkazib turibdi.
Masalan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat katta ahamiyatga ega. Yamandagi husiylar esa Qizil dengiz orqali o‘tadigan savdo yo‘llariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Agar shu ikki yo‘nalish: Fors ko‘rfazi va Qizil dengiz bir vaqtning o‘zida bloklansa, global energetika va logistika tizimiga jiddiy zarba beriladi. Chunki dunyo neftining qariyb 20 foizi va gazning 25 foizi Fors ko‘rfazi orqali eksport qilinadi. Bundan tashqari, Yevroittifoq hamda Xitoy o‘rtasidagi eng muhim qisqa savdo yo‘li Qizil dengizdan o‘tadi.
Eron o‘z proksi kuchlarini strategik vosita sifatida ko‘radi va ularni tark etish niyatida emas. Bu nafaqat harbiy, balki mafkuraviy va diniy asosga ega. Shu sababli Eron o‘z proksi kuchlaridan voz kechmaydi. O‘z navbatida, Isroil ham “Hizbulloh”ni to‘liq yo‘q qila olmasligini yaxshi tushunadi. Agar bu imkoniyat mavjud bo‘lganida, u allaqachon amalga oshirilgan bo‘lardi.
To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
13:30
AQSh chekinsa, Isroil yadroviy variantni tanlaydimi?
21:34 / 12.04.2026
Turkiya prokuraturasi Isroil hukumati rahbarlariga nisbatan 4596 yilgacha qamoq jazosi berilishini so‘radi
20:05 / 12.04.2026
Isroil armiyasiga Eronga hujum qilishga tayyorlanish buyurildi – OAV
11:13 / 12.04.2026