Jahon | 16:08 / 23.12.2025
2987
8 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp Grenlandiyani baribir olmoqchi

22 dekabr kuni prezident Donald Tramp AQSh milliy xavfsizligi uchun Grenlandiya zarur ekanini yana bir bor ta’kidladi va ushbu orolga tayinlagan maxsus elchisi jarayonga «bosh-qosh bo‘lishini» aytdi.

«Bizga Grenlandiya mineral resurslar uchun emas, milliy xavfsizlik uchun kerak… Agar Grenlandiyaga qarasangiz, butun qirg‘oq bo‘ylab rus va Xitoy kemalarini ko‘rasiz. Bizga u milliy xavfsizlik uchun zarur. Biz uni olishimiz kerak», — dedi Tramp Palm-Bichda jurnalistlarga.

Tramp yakshanba kuni Luiziana shtati gubernatori Jyeff Lendriyni Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlagandi. Lendriy esa Trampning bu g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlaydi.

Tramp tayinlovni e’lon qilganidan so‘ng Grenlandiya bosh vaziri Nilsen «bu — biz uchun hech narsani o‘zgartirmaydi, o‘z kelajagimizni o‘zimiz belgilaymiz», dedi.

Avvalroq Daniya va Grenlandiya bosh vazirlari qo‘shma bayonotida Grenlandiya — o‘sha hudud aholisiga tegishli ekanini aytgan edi. «Siz boshqa bir mamlakatni anneksiya qila olmaysiz. Hatto xalqaro xavfsizlikni ro‘kach qilib ham. AQSh Grenlandiyani egallab olmasligi kerak», — deyiladi bayonotda.

Aholisi qariyb 57 ming kishidan iborat, sobiq Daniya mustamlakasi bo‘lgan Grenlandiya 2009 yilgi kelishuvga ko‘ra mustaqillik e’lon qilish huquqiga ega. Biroq hozircha baliqchilik va Daniya subsidiyalariga katta darajada bog‘liq.

Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuvi Grenlandiyani AQShning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim hududga aylantiradi. Uning mineral boyliklari esa AQShning Xitoy eksportiga qaramlikni kamaytirish istagini kuchaytirgan.

Moskvada yana bir rus generali portlatib yuborildi

Rossiya qurolli kuchlari amaldori, general-leytenant Fanil Sarvarov dushanba kuni ertalab avtomobil ostiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma portlashi natijasida vafot etdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Sarvarov jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Tergov qo‘mitasi qotillik va portlovchi moddalarni noqonuniy muomalaga kiritish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hududdan olingan suratlarda krossover eshiklari portlashdan uchib ketgani, jiddiy shikastlangani aks etgan.

56 yoshli Sarvarov Rossiya qurolli kuchlarining operativ tayyorgarlik boshqarmasi rahbari bo‘lgan. Rossiya OAVlariga ko‘ra, Sarvarov Osetin–Ingush mojarosi hamda Chechen urushlaridagi jangovar amaliyotlarda qatnashgan. Shuningdek, u 2015–2016 yillarda Suriyada olib borilgan operatsiyalarga rahbarlik qilgan.

Tergovchilarga ko‘ra, portlovchi qurilma Ukraina razvedka xizmatlari ishtirokida o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Ukraina bu borada izoh bermagan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Vladimir Putinga Sarvarovning o‘limi haqida darhol xabar berilgan.

Bu — so‘nggi bir yil ichida Moskvadagi portlatish hujumlari oqibatida halok bo‘lgan uchinchi yuqori martabali harbiy hisoblanadi. Ukraina bunday hujumlar uchun mas’uliyatni rasman tan olmaydi va da’vo qilmaydi.

Xitoyning yadroviy ambitsiyalari

Pentagon va AQShning boshqa nodavlat tashkilotlari hisobotiga ko‘ra, Xitoy qurol-yarog‘ zaxirasini yadroviy qurolga ega boshqa barcha davlatlarga qaraganda tezroq kengaytirmoqda va modernizatsiya qilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha muzokaralarga kirishishga qiziqish bildirmayapti.

Reuters’ning yozishicha, hisobotda Xitoy Mo‘g‘uliston bilan chegara yaqinidagi shaxtalarga 100 dan ortiq DF-31 qit’alararo ballistik raketalarni joylashtirgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Pentagon avvalroq bu hududlar mavjudligini bildirgan, biroq joylashtirilgan raketalar sonini ochiqlamagan edi.

Hisobotda aytilishicha, 2024 yilda Xitoyning yadroviy kallaklari zaxirasi hali ham 600 dan sal ko‘proq. Lekin 2030 yilga borib 1 000 tadan ortiq yadroviy kallakka ega bo‘lish yo‘lida harakat boshlangan.

Pentagonning keng qamrovli hisobotida Pekinning harbiy salohiyati oshirilayotgani bayon etilib, «Xitoy 2027 yil oxiriga borib Tayvan uchun urushda g‘alaba qozonishga qodir bo‘lishini kutmoqda», deb yozilgan.

Pentagon bu masala yuzasidan izoh bermadi. Xitoy o‘zining «mudofaa qilishga qaratilgan yadroviy strategiya» tarafdori ekanini va «birinchi bo‘lib yadroviy qurol ishlatmaslik» siyosatiga amal qilishini aytib keladi.

Bir necha oy oldin Donald Trampning o‘zi ham AQSh yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashini bildirgandi. Biroq bu qanday shaklda amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

Albaniyada hukumatga qarshi namoyishlar

Korrupsion ayblovlar Albaniya hukumatiga qarshi norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Xususan, dushanba kuni namoyishchilar bosh vazir Edi Ramaning idorasiga «molotov kokteyllari»ni uloqtirgan. Ular hukumat iste’fosini talab qilmoqda.

So‘nggi haftalarda Albaniyada siyosiy keskinlik kuchaydi. Bunga bosh vazir o‘rinbosari Belinda Ballukuga qo‘yilgan ayblovlar sabab bo‘ldi. U bir qator mansabdor shaxslar va xususiy kompaniyalar bilan birga davlat mablag‘laridan noqonuniy foydalanganlikda ayblanmoqda. Balluku o‘tgan oyda bu ayblovlarni inkor qilgandi.

Maxsus prokuratura idorasi esa shu hafta parlamentdan Ballukuning daxlsizligini bekor qilishni va uni hibsga olishga ruxsat berishni so‘ragan. Biroq bosh vazir partiyasi ko‘pchilik bo‘lgan parlament bu masala bo‘yicha qachon ovoz berishi noma’lum.

Poytaxtdagi tartibsizliklarga qarshi maxsus politsiya hukumat binosini qo‘riqlab turgan, biroq ular namoyishchilarni tarqatishga urinmagan.

«Gap o‘nlab va yuzlab million yevrolarning o‘g‘irlanishi haqida ketmoqda, ammo u iste’foga chiqmayapti. Bu uyatli holat», — degan namoyishchilardan biri.

Tailand va Kambodja yana sulhni muhokama qilmoqchi

Tailand va Kambodja mudofaa vazirliklari 24 dekabr kuni uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi.

Dekabr oyining boshida sulh barbod bo‘lganidan keyin Tailand va Kambodja quruqlik chegarasi bo‘ylab deyarli har kuni raketa va artilleriya zarbalari almashmoqda. To‘qnashuvlar bir nechta nuqtalarda davom etmoqda.

Tailand Kambodja tomonidan yangi minalar qo‘yilayotgani haqidagi iddaolar, vaqti-vaqti bilan artilleriya zarbalari berganini va dronlar orqali bombalar tashlaganini aytadi. Tailand kuchlari bunga javoban harbiy pozitsiyalarga havo va artilleriya zarbalari bilan javob qaytargan.

Uchrashuv haqidagi qaror — Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining maxsus yig‘ilishida qabul qilindi. Ular iyul oyida yuz bergan avvalgi qonli to‘qnashuvlardan so‘ng Malayziya va AQSh vositachiligida erishilgan sulhni saqlab qolishga urinmoqda.

ASEANʼga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari har ikki tomonni maksimal darajada bosiqlik ko‘rsatishga va janglarni darhol to‘xtatish choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Tramp esa «hozir vaziyat ancha yaxshi tomonga ketayotganini» aytdi. Xitoy ham har ikki tomonni keskinlikni kamaytirishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid