O‘zbekiston | 17:11 / 24.03.2018
7805
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro avtotashishlarga ruxsatnomalar qanday beriladi?

Foto: cseautotrasporto.it

Vazirlar Mahkamasining 15.03.2018 yildagi 202-son qarori bilan Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. 

Norma’ning yozishicha, avtomobilda yuk yoki yo‘lovchilarni xalqaro tashish O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq bir martalik ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi:

• milliy – xorijiy tashuvchiga tegishli avtotransport vositasining mamlakatimiz hududi bo‘ylab o‘tishiga;
• xorijiy – milliy tashuvchiga tegishli avtotransport vositasining xorijiy davlat hududi bo‘ylab o‘tishiga.

Har yili O‘zbekiston va xorijiy vakolatli organlar o‘rtasida ularning blankalari ayirboshlanadi.

Ruxsatnomalar O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan quyidagilar uchun beriladi:

• ikki tomonlama yuk tashish;
• tranzit yuk tashish;
• uchinchi davlatga/dan yuk tashish;
• ikki tomonlama/tranzit yuk tashish;
• nomuntazam ikki tomonlama qatnovlarda yo‘lovchilarni tashish;
• nomuntazam tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni tashish;
• nomuntazam ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni tashish.

Har bir berilayotgan xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnoma uchun EKIHning 1/3 qismi miqdorida yig‘im undiriladi. 

Ma'lumot uchun: ko‘p tomonlama ruxsatnoma – avtotransportning ko‘p tomonlama ruxsat berish tizimiga a'zo bo‘lgan har qanday davlat hududi bo‘ylab bir martalik o‘tishiga ruxsatnoma.

Xalqaro shartnoma bo‘yicha ruxsatnoma talab etilmaydigan ikki tomonlama va tranzit tashish xalqaro tovar-transport yukxati asosida amalga oshiriladi.  

Hujjatda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ruxsatnomalarni ayirboshlash va milliy tashuvchilarga ruxsatnomalar berishning bosqichma-bosqich sxemasi batafsil taqdim etilgan.

Avtomobil transportida xavfli, katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni tashish xususiyatlari alohida normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.  

Hujjat 17.06.2018 yildan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid