O‘zbekiston | 10:59 / 19.09.2018
10486
4 daqiqa o‘qiladi

Fotosuratlar, audio, videoyozuvlar jinoyat ishiga qanday qo‘shiladi?

Foto: Belta.by

Oliy sud Plenumi tomonidan qabul qilingan qarorlarda jinoyat ishlari bo‘yicha dalillar maqbulligiga oid masalalar ko‘rib chiqilgan va fuqarolik ishlarini ko‘rishga tayyorlash tartibi belgilangan.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagi hujjatlar haqida so‘z bormoqda:
 
• Oliy sud Plenumining 24.08.2018 yildagi «Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 24-son qarori.
 
Ushbu mavzudagi avvalgi hujjat bilan solishtirganda, oliy sud instansiyasi isbotlash jarayonida qiynoqqa solish va kuch ishlatishning boshqa shakllarini qo‘llash nomaqbulligiga ko‘proq e'tibor qaratdi. Shu yo‘l bilan olingan har qanday dalillar yaroqsiz deb topiladi.   
 
Protsessual harakatda qonunga ko‘ra himoyachi ishtiroki shart bo‘lib, dalil uning ishtirokisiz olingan bo‘lsa, yoxud himoyaga bo‘lgan huquq tushuntirilmagan yoki bu huquqdan foydalanish imkoniyati amalda ta'minlanmagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqlari buzilgan hisoblanadi.
 
Dalillarni olishning ayrim protsessual jihatlariga aniqlik kiritildi. Ayniqsa maqbul emas deb topiladigan dalillarga batafsil to‘xtab o‘tildi. Bular, masalan, noma'lum yoxud aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan va JPK normalarini buzgan holda olingan har qanday ma'lumotlardir.
 
Fotosuratlar, audio-, videoyozuvlarni jinoyat ishi materiallariga qo‘shish qoidalari ham tilga olindi. Ushbu materiallarni taqdim etgan shaxslar so‘roq qilingan va ular kim tomonidan, qachon, qayerda, qanday holatlarda topilganligi aniqlangan holdagina ulardan foydalanish mumkin. Predmetlar (narsalar)ni ko‘zdan kechirish to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilganidan so‘ng albatta ularni ishga ashyoviy dalil sifatida qo‘shish to‘g‘risida qaror (ajrim) chiqariladi. Zarur hollarda tegishli ekspertiza tayinlanadi.   
 
• Oliy sud Plenumining 24.08.2018 yildagi «Fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishga tayyorlash to‘g‘risida»gi 26-son qarori.
 
1999 yildagi xuddi shunday hujjat o‘rniga qabul qilindi. 2018 yil 1 apreldan FPKning yangi tahriri kuchga kirganini qayd etib o‘tamiz, Plenum endi unga havola qilmoqda.
 
Ishni ko‘rishga tayyorlanish jarayonida sud tomonidan amalga oshiriladigan barcha harakatlar qadamma-qadam batafsil bayon etilgan. Alohida protsessual harakatlar amalga oshiriladigan muddatlar ko‘rsatilgan.
 
Ma'lumot uchun: qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha Oliy sud Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir («Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddasi). 
  
Hujjatlar 24.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid