Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Hindistonni savalayapti. Nega Xitoyni emas?
Rossiya neftini import qilayotgan Hindistonga Tramp ma’muriyati jiddiy bosim o‘tkazyapti, lekin bunday ko‘lamdagi bosim Xitoyga nisbatan kuzatilayotgani yo‘q. Bu farq zamirida strategik manfaatlar, iqtisodiy bog‘liqlik va global qutblashish jarayonlari yotadi. “Geosiyosat” tahlilchilari ayni shu jarayonlarga e’tibor qaratdi.
— Nima uchun Tramp Rossiya neftini import qilayotgan Hindistonga jiddiy bosim o‘tkazmoqda, lekin Xitoyga nisbatan bunday bo‘layotgani yo‘q?
Kamoliddin Rabbimov: Xitoyga nisbatan bosim allaqachon maksimal darajada qo‘llangan. Qo‘shma Shtatlar bu borada mavjud imkoniyatlarini deyarli to‘liq ishga solgan va ikki davlat o‘rtasida ma’lum bir teng munosabatlar shakllangan. Sababi AQSh Xitoydan nodir metallarni import qiladi, ularning esa bugungi kunda muqobili yo‘q.
Oxirgi paytlarda Xitoyning Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha pozitsiyasi sezilarli darajada o‘zgardi. Urush boshida Xitoyning 14 punktdan iborat pozitsiyasi mavjud bo‘lib, u har ikki tomonni turli jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi yoki inkor etuvchi elementlarga ega edi. Masalan, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish taklifi shular jumlasidan edi. Shu bilan birga, Xitoy NATO va AQShning kengayish siyosatiga qarshi chiqqan, biroq Rossiyani ham to‘liq qo‘llab-quvvatlamagan edi.
Bugunga kelib Xitoy rasmiylari: “Biz Rossiyaning yutqazishidan manfaatdor emasmiz,” degan bayonotlar bermoqda. Bu esa ularning pozitsiyasi Rossiyaga yanada yaqinlashganini anglatadi. Buning sababi – Xitoyning uzoq muddatli strategik maqsadlarida AQSh bilan raqobat markaziy o‘rin tutadi. Shunday sharoitda, Rossiya–G‘arb qarama-qarshiligini uzaytirish orqali, Xitoy o‘ziga qaratilgan bosimni kechiktirishga harakat qilmoqda. Ya’ni G‘arbning asosiy fokusi Rossiyaga qarab turganidan Xitoy manfaatdor.
Hindiston manfaatlaridan kelib chiqilsa, Rossiyadan arzon neft xarid qilish uning uchun nihoyatda qulay. Urushdan oldin Hindistonning Rossiyadan import qilayotgan nefti umumiy ehtiyojining atigi 5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda u Rossiya neftining eng yirik ikkinchi xaridoriga aylangan. Bu demografik ustunlik bilan bog‘liq: bugun Hindiston aholisi 1 milliard 450 millionga yetgan va Xitoydan 42 millionga ko‘p. 42 million aholi – katta bir davlat aholisiga teng. Hindistonning iqtisodiyoti ham jadal sur’atda o‘smoqda. Arzon neft va gaz esa bu o‘sish uchun muhim manba.
Hindiston Xitoyga qarshi yirik geosiyosiy bloklarda AQSh bilan hamkorlik qilmoqda. Masalan, Quad – bu AQSh, Avstraliya, Hindiston va Yaponiya aynan Xitoyni muvozanatga solish uchun tuzilgan alyans. Sovuq urush davrida Hindiston Sovet Ittifoqi bilan yaqin bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda uning tashqi siyosiy yo‘nalishi tubdan o‘zgargan. U endilikda AQSh bilan ittifoqchilikka asoslangan, Xitoyga qarshi strategik pozitsiyani egallagan. Shu sababli AQSh Hindistonga nisbatan dastlab bosim o‘tkazgan bo‘lsa-da, Hindiston bunga tezda diplomatik yo‘l bilan javob qaytardi. U Rossiyadan neft xaridini qisqartirishga tayyorligini bildirgan. Biroq hozir bu jarayonni asta-sekin, ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishga harakat qilmoqda.
Shuhrat Rasul: Menimcha, G‘arb, ayniqsa AQSh uchun yana bir kuchli bosim vositasi paydo bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning yordamchisi Stiven Miller yaqinda shunday bayonot berdi:
Hindiston Rossiya–Ukraina urushini moliyalashtirishda aybdor, degan da’vo ilgari surildi. Bu ayblov oddiy savdo bojlardan ham ko‘ra, kelajakda Hindistonga nisbatan sanksiya kiritish haqidagi dag‘dag‘alarga ham yo‘l ochib berishi mumkin.
Shubhasiz, Hindiston bunday bosimni aslo istamaydi.
Bektosh Berdiyev: Bu yerda yana bir muhim jihatni hisobga olish lozim: Hindistonning o‘zi ham bugun juda katta bozorga aylanib ulgurdi. 1,5 mlrd aholi – juda katta bozor. Bunday katta bozordagi neftga bo‘lgan katta talabni qondirish manbayini birdaniga o‘zgartirib bo‘lmaydi. Hindiston nafaqat ichki ehtiyoj uchun, balki qayta ishlangan neft mahsulotlarini eksport qilish maqsadida ham neft sotib oladi.
Shunday ekan, Rossiya nefti o‘rnini yaqin orada to‘liq muqobillari bilan almashtira oladimi, degan savol o‘rtaga chiqadi. Javob yo‘q, yaqin muddatda bu mushkul. Bu jarayon bir yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Anvar Yo‘ldoshev: Hindiston neftni Rossiyadan arzonroq narxda boshqa joydan ololmaydi. Rossiyadan arzonroqqa hech kim bermaydi. Mana shu iqtisodiy jihatni ham inobatga olishimiz kerak.
— AQSh Isroilni Falastindagi urushdan qaytarmay, Rossiyani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majburlamoqchi. Tinglovchilarimiz shu haqda so‘rashibdi.
Bektosh Berdiyev: AQSh menga hamma narsa mumkin deb o‘ylaydi. Sababi – iqtisodiy, siyosiy, harbiy jihatdan eng qudratli davlat. Ya’ni Amerikada real qudrat bor.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiyada esa faqat yadroviy qudrat qoldi xolos, boshqa hech qaysi jabhada qudrat jihatdan AQSh yoki Xitoy bilan raqobat qilolmaydi.
Bu yerda ikkita muhim nuqtani ta’kidlash zarur. Birinchisi – dunyoda ko‘p qutblilik shakllanmoqda, bu jarayonni endi hech kim, hatto AQSh ham to‘xtata olmaydi. Ikkinchisi – Amerikaning Yaqin Sharqdagi geosiyosiy strategiyasi chuqur inqirozga yuz tutgan. Agar Isroil davlati geosiyosiy maydondan chekinadigan bo‘lsa, bu hozircha ehtimol darajasidagi holat bo‘lsa-da, mintaqadagi kuch muvozanati tubdan o‘zgaradi. Isroil 1947 yildan keyin tashkil topgan, tarixan eng yosh davlatlardan biri. U AQSh manfaatlarini Yaqin Sharqda ifodalovchi asosiy tayanch nuqta bo‘lib qolmoqda. Ammo ayni paytda, Isroilning mintaqadagi harakatlari AQShning musulmon dunyosidagi ayniqsa, ikki milliardga yaqin global janubdagi musulmon aholisi orasidagi obro‘yiga jiddiy putur yetkazmoqda. AQSh esa bu ziddiyatli holatdan chiqish yo‘lini topa olmayapti. Bir tomondan Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi, ikkinchi tomondan esa qolgan mintaqa davlatlari bilan munosabatlari tobora beqarorlashib bormoqda.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
14:20 / 29.12.2025
🔴 LIVE: Katta kuchlar, kichik davlatlar va yo‘qolayotgan qoidalar | "Geosiyosat"
14:59 / 27.12.2025
🔴 LIVE: Tinchlik muzokaralari burilish nuqtasidami? | "Geosiyosat"
20:52 / 25.12.2025
Falastinni parchalash: G‘arbiy sohil xaritasi qanday o‘zgaryapti?
11:12 / 25.12.2025