O‘zbekiston | 17:49 / 20.02.2023
12063
6 daqiqa o‘qiladi

Savdo-iqtisod, turizm va ma’rifat – Tashrif O‘zbekiston-Misr hamkorligida nimalarni o‘zgartiradi?

20-21 fevral kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Misrda bo‘ladi. Arab davlatlari orasida O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan ushbu davlat bilan bizni nimalar bog‘lab turadi, hozirgi hamkorlik holati qay darajada? Bugungi maqolamizda shu haqda so‘z yuritamiz.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda rasmiy tashrif bilan Misr Arab respublikasiga borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazishi nazarda tutilgan. Xususan, tashrifning birinchi kunida qator madaniy tadbirlar, Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari va biznes doira vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi kunda rasmiy kutib olish marosimi, shuningdek, ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Misr munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga e’tibor qaratiladi.

Umuman olganda, bu tashrif nima maqsadda amalga oshirilmoqda va undan qanday kutilmalar bor?

Misr – arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib – 1991 yil 26 dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan mamlakat hisoblanadi. Diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 yanvarda o‘rnatilgan. 1993 yil mayda Toshkentda Misr elchixonasi ochildi. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi 1994 yil dekabr oyidan faoliyat yurita boshladi.

Hozirda Misr bilan ko‘ptomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. 2018 yil 4-5 sentabrda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida 4 ta hukumatlararo, 7 ta idoralararo hujjat imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi 2022 yil 4 fevralda Pekinda o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida ham uchrashgan.

2022 yil 25-26 may kunlari Qohirada ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari aro siyosiy maslahatlashuvlarning 10-davrasi bo‘lib o‘tdi.

2022 yil 15-16 sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan ShHT sammitida doirasida Misrga ShHTning «Muloqot bo‘yicha hamkori» mavqeyini berish haqida hujjat imzolandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Misr BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birining tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Hozirgi kunda ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini jami 56 ta hujjat tashkil etmoqda, shundan 14 tasi hukumatlararo va 42 tasi idoralararo bitim va memorandumlardir.

2022 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 30,5 million dollarni (eksport – $23,1 mln, import – $7,4 mln) tashkil etdi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 37,2 million dollar bo‘lgandi.

Misrlik ishbilarmonlar ishtirokida O‘zbekistonda 29 ta korxona faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, hozirgi kunda Misrning «Solyphar» kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi «Bo‘stonlik-farm» erkin iqtisodiy zonasida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod qurish loyihasi amalga oshirilmoqda (loyiha qiymati 20 million dollar). Qashqadaryo viloyatida gepatit «S»ga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarish ($1,4 mln) va Namangan viloyatida baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish ($1 mln) loyihalarini amalga oshirish maqsadida “One World Pharma” va “Kapo Agri” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekiston-Misr hamkorligida diniy-ma’rifiy soha alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston va Misr bag‘rikenglik tamoyillarini, muqaddas islom dinining ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib qilish, uning insonparvarlik mohiyatini avaylab-asrab, diniy-ma’naviy merosni tadqiq etish, turli tahdid va xavflarga qarshi kurashish tarafdoridir.

2018 yilning 10-13 oktabr kunlari Misr Bosh imomi, «Al-Azhar» majmuasi shayxi Ahmad at-Toyyib O‘zbekistonga keldi. Safar mobaynida Ahmad at-Toyyib prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

2019 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining «Mumtoz sharq filologiyasi» fakulteti tarkibida «Arab tili va adabiyoti Al-Azhar» (Misr) kafedrasi faoliyat yuritmoqda.

Turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega Misr bilan sohadagi hamkorlik 1995 yilda imzolangan hamkorlik kelishuvi doirasida amalga oshiriladi. Hozirda ushbu hamkorlik aloqalari faollashtirilmoqda.

2018 yil 6 sentabrda O‘zbekiston hukumati bilan Misr Arab Respublikasi hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi. 2020 yilning so‘nggi choragidan boshlab har haftada bir martadan «Toshkent-Sharm ash-Shayx», «Qohira-Toshkent» yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmoqda. Misrlik ulamo, doktor Abdulhodiy al-Qasabiy O‘zbekistonning Misrdagi «Ziyorat turizm elchisi» etib tayinlangan.

Shavkat Mirziyoyevning Misrga tashrifi ikki davlatni yanada yaqinlashtirishi hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

Mavzuga oid