O‘zbekiston | 17:00 / 21.02.2026
2041
5 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda «Ona Uyi» resurs markazi o‘z faoliyatini boshladi

Nukus shahrida “Mother’s Home International Foundation” xalqaro jamg‘armasining O‘zbekistondagi filiali – “Ona uyi” yangi resurs markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazning ochilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun muhim voqea hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini rivojlantirish yo‘lidagi salmoqli qadam bo‘ldi. Yangi “Ona uyi” mamlakatdagi sakkizinchi resurs markaziga aylanib, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash geografiyasini kengaytirdi.

 

Jamg‘armaning maqsadi – yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan voz kechilishining oldini olish va bolalarni o‘z oilalarida saqlab qolishdan iborat. “Ona uyi” markazlari vaqtinchalik xavfsiz boshpana, oziq-ovqat va zaruriy yashash sharoitlari, shuningdek, kompleks psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam bilan ta’minlaydi. Bu yerda ayollarga hujjatlarini tiklash, mutaxassislar maslahatini olish, ta’limni davom ettirish va ishga joylashishda yordam ko‘rsatiladi. Bunday yondashuv nafaqat qisqa muddatli inqirozni hal qilish, balki oilaning barqaror kelajagi uchun poydevor yaratish imkonini ham beradi.

Jamg‘arma filiali O‘zbekistonda 2024 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda resurs markazlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Quvasoy, Chirchiq va endilikda Nukus shahrida ham faoliyat yuritadi. Shu vaqt mobaynida 200 dan ortiq ayolga yordam ko‘rsatildi.

Tadbir Nukus shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda “Ona uyi” xalqaro jamg‘armasi filiali tashabbusi bilan tashkil etildi. Markaz ochilishini moliyalashtirgan homiylar — “International Beverages Tashkent” kompaniyasi asoschisi Shuhrat Ergashev hamda Filial Vasiylik kengashi raisi Aydin Rahimboyev ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

Nukusdagi ushbu loyiha ijtimoiy mas’uliyatni o‘z faoliyatining ajralmas qismi deb bilgan biznes vakillarining faol harakatlari tufayli hayotga tatbiq etildi. Ko‘rsatilgan ko‘mak markazning ishga tushirilishi va dastlabki bosqichda barqaror faoliyat yuritishini ta’minladi. Moliyalashtirish binolarni ijaraga olish va saqlash, qulay maishiy sharoitlar yaratish, markazni zarur mebel va texnika bilan jihozlash, shuningdek, homiylikka olinganlarni ta’minlashga yo‘naltirildi. Bu nafaqat moliyaviy ishtirok, balki mintaqaning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga qo‘shilgan strategik hissadir.

Ochilish marosimida “PepsiCo”ning rasmiy bottleri – “International Beverages Tashkent” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Shuhrat Ergashev so‘zga chiqib, quyidagilarni ta’kidladi:

Nukusda yangi “Ona uyi” resurs markazining ochilishida ishtirok etayotganimiz biz uchun katta sharaf. Ijtimoiy mas’uliyat – bu shunchaki bayonotlar emas, balki aniq amaliy harakatlardir. “Markaziy Osiyo yetimlarsiz” loyihasini qo‘llab-quvvatlash — oilalarni saqlab qolishga hissa qo‘shish yo‘lidagi qat’iy qarorimiz bo‘ldi. Ishonchimiz komilki, har bir bola mehr va g‘amxo‘rlikda ulg‘ayishi, har bir ayol esa o‘z vaqtida yordam olishi lozim. Mamlakatimizni yetimlarsiz hayot sari yaqinlashtirayotgan tashabbusning bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz”.

Marosimda davlat organlari vakillari va jamoat arboblari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Nukus shahar hokimi Abatbay Daniyarov, shuningdek, hamkor tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Nukusda “Ona uyi” markazining ochilishi davlat, jamoat tashkilotlari va biznes sa’y-harakatlarining birlashuvi insonlar taqdirini o‘zgartirishga hamda har bir bola oilada o‘sish huquqiga ega bo‘lgan jamiyatni shakllantirishga qodir ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid