Jahon | 20:58 / 26.05.2026
3565
6 daqiqa o‘qiladi

Afrikadagilar Ebola bezgagi tarqalishini jilovlay olmayapti

Kasallanish holatlari mingga yaqinlashgan, qurbonlar soni 200 dan oshgan. Vaksina yoki tuzatadigan dorilar yo‘q. Global epidemiyadan xavotirlanish kerakmi?

Daniel Buuma / Getty Images

Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik Kongo Demokratik Respublikasida tarqalishi davom etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyyesusning ma’lum qilishicha, mamlakatda Bundibudjio ebolavirusiga chalinish holatlari 900 dan oshgan, shundan 220 ta holatda o‘lim qayd etilgan. Va tibbiyot xodimlari virus yuqishi mumkin bo‘lganlarning atigi 20 foizini (1745 kontakt) kuzata olmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralar yopilgan yoki qattiq nazorat qilinmoqda, ammo kasallik tarqalishini sekinlashtirishning imkoni bo‘lmayapti. Kongo DR ichkarisida bu tartibsizliklarga olib kelmoqda: infeksiyaga chalinishda gumonlanuvchilarni joylashtirishga mo‘ljallangan markazdan kamida 18 kishi qochib ketgan va ular hamon topilmagan. Qurollangan isyonchi guruhlar faoliyati, ichkarida ko‘pchilik u joydan bu joyga ko‘chib yurishi, hokimiyat layoqatsizligi hamda xalqaro yordam qisqargani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Hozircha epidemiyani nazoratga olishning iloji bo‘lmayapti – uni juda kech aniqlashdi

JSST 2026 yil may oyi o‘rtalarida rasman xalqaro ahamiyatga ega favqulodda vaziyat e’lon qildi, biroq epidemiya amalda bir necha hafta oldin boshlangan va payqalmay qolgan edi. Mutaxassislar fikricha, virus aniqlanishidan oldin mintaqada bir necha oy davomida aylanib yurgan bo‘lishi mumkin. The New York Times nashri ta’kidlashicha, Ebola infeksiyasi tarqalishi e’lon qilinganidan atigi 10 kun o‘tib, u kuzatuvlar tarixidagi uchinchi eng katta epidemiyaga aylandi.

Bu safar epidemiyani nazorat qilish virusning turi tufayli ham qiyin. Tasdiqlangan dori-darmonlar va vaksinalar yo‘qligi shunga olib keldiki, tibbiyot xodimlari vaziyatga faqat bemorlarni ihotalash, ularning kontaktlarini kuzatish va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya yordamida ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shifokorlar va dori-darmon yetishmayapti. Bunga mintaqadagi ichki vaziyat va Trampning siyosati ta’sir ko‘rsatmoqda

Gumanitar tashkilotlar mintaqa eng qaltis pallada resurssiz qolganini ochiqchasiga ta’kidlamoqda. Qurolli guruhlar bilan to‘qnash kelish xavfi shifokorlar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. «Ituri provinsiyasida davom etayotgan mojaro kuzatuv guruhlari harakatlanishini, tezkor reaksiya ko‘rsatish guruhlarni joylashtirishni va laboratoriya namunalari transportirovkasini cheklamoqda», – deyiladi JSST hisobotida.

Muammoning boshqa tomoni – AQShning gumanitar tashabbuslar sohasidagi siyosati; Donald Tramp ma’muriyati JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatgan, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) tarqatib yuborgan, bevosita Kongo Demokratik Respublikasiga taqdim etiladigan tibbiy yordamning umumiy hajmini qisqartirishda davom etmoqda. 

Epidemiyani jilovlashga ixtisoslashgan markazlarga uch marta hujum qilindi

Mahalliy aholining kasallik tarqalishiga qarshi kurashga bo‘lgan munosabati yordam ko‘rsatish markazlari faoliyatini buzmoqda. Associated Press xabariga ko‘ra, o‘tgan haftada bunday markazlarga jami uch marta hujum qayd etilgan.

Birinchisi 21 may kuni Rvampara shahrida ro‘y bergan, bu yerda infeksiyadan vafot etgan bemorlardan birining jasadi oilasiga topshirilmagach, mahalliy shifoxona yoqib yuborilgan. 23 may kuni Mongbvalu shahrida kasallanganlar ihotalangan holda saqlanayotgan tibbiy chodirlarga o‘t qo‘yilgan. Natijada infeksiya rivojlangani taxmin qilingan 18 kishi qochib ketgan va ularni hozirgacha topa olishmagan. Shifoxonaga yana bir hujum xuddi shu shaharda 24 may kuni kuzatilgan – bu holatda ham qurollangan kishilar jasadni berishni talab qilishgan.

Jospin Mwisha / AFP / Scanpix / LETA

Tibbiyot markazlariga hujumlarga dezinformatsiya va dafn marosimlari taqiqlangani sabab bo‘lmoqda

Kongo Demokratik Respublikasidagilarning ko‘pchiligi virusning tabiiy kelib chiqishiga ishonmaydi va ebolavirus infeksiyasi notijorat tashkilotlar hamda shifoxonalarning daromad olish maqsadida uyushtirgan fitnasi mahsuli deb o‘ylashadi. Bunday mish-mishlar tarqalishi fonida bemorlar tibbiy yordamdan voz kechib, mahalliy tabiblarda davolanishga harakat qilishmoqda.

Keskinlik kuchayishiga yana bir sabab mintaqada keng tarqalgan an’anaviy dafn marosimlari bilan bog‘liq: bunday marosimlar bir necha kun davom etadi, ko‘p sonli odamlarni to‘playdi va vafot etganlarning jasadlarini yalang‘och qo‘llar bilan yuvishni talab qiladi. Ammo Ebola virusi tarqalishini to‘xtatish uchun vafot etgan bemorlarni dafn qilishning qat’iy protokollariga rioya qilish muhimdir. Kasallikni jilovlash uchun KDR hukumati allaqachon 50 dan ortiq odam ishtirokidagi dafn marosimlari va boshqa yig‘ilishlarni taqiqlagan.

Bular yangilik emas – sodir bo‘layotgan voqealar ssenariysi o‘tmishdagi epidemiyalarni eslatadi, tahdid esa lokal darajada qolmoqda

Kongo Demokratik Respublikasida ebolavirus infeksiyasining oldingi tarqalishlari paytida tibbiyot xodimlari va davolash markazlariga hujumlar muntazam ravishda sodir bo‘lgan: BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarmida KDRda tibbiyot xodimlari va davolash markazlariga 198 marta hujum qilingan.

Bu kasallik tez tarqalayotgan birinchi holat emas. Xuddi shu mintaqada tarixdagi eng yiriklaridan biri bo‘lgan Zair ebolavirusi keng tarqalganida (2018–2020 yillarda), u KDR va Ugandadan tashqariga chiqmagandi.

Hozir ham, JSST, BMT va gumanitar tashkilotlar bong urayotganiga qaramay, ularning rasmiy pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda: kasallikning butun dunyo bo‘ylab tarqalishi xavfi «past».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid