O‘zbekiston | 11:45 / 09.12.2025
7554
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ish haftasida yog‘ingarchilik davom etadi

«O‘zgidromet» hafta davomida respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi haqida prognoz berdi. 10–11 dekabr kunlari harorat kechalari 0…–5 darajagacha pasayadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ish haftasi davomida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi, deya xabar bermoqda «O‘zgidromet».

Dushanba kuni kunduzi O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘adi. Seshanba kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Chorshanba kuni respublika shimolida va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Payshanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha, ayrim joylarda ba’zida 20–22 metr/soniyagacha kuchayadi.

9–10 dekabr kunlari havo harorati kunduz +2…+7 daraja atrofida bo‘ladi, 11–12 dekabr kunlari harorat asta-sekin +13…+15 darajagacha, ba’zi joylarda +16…+19 darajagacha ko‘tariladi. 10–11 dekabr kunlari harorat kechalari 0…–5 daraja, shimolda –5…–10 daraja, 12 dekabrda +2…+7 daraja bo‘ladi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), 9–10 dekabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 9 dekabrda qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida 9 dekabr kuni kechasi va ertalab, 10 dekabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechalari 0…–2 darajagacha pasayadi, kunduz kunlari +4…+7 daraja bo‘ladi.

11 dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 12 dekabrga kechga tomon yomg‘ir yog‘adi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi. Harorat 11 dekabrda kechasi 0…–2 daraja, kunduzi +8…+10 daraja, 12 dekabrda kechasi +4…+6 daraja, kunduzi +12…+14 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid